Pokiston kompaniyasi O‘zbekistondagi to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga olish imkoniyatlarini o‘rganmoqda
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi raisi o‘rinbosari Ruxillo Zikrillayev va Pokistonning «Magna Processing» kompaniyasi rahbari Said Ulla bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi raisi o‘rinbosari Ruxillo Zikrillayev va Pokistonning «Magna Processing» kompaniyasi rahbari Said Ulla bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston to‘qimachilik sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shuningdek, mamlakatdagi past rentabelli to‘qimachilik korxonalarini xorijiy sarmoyadorlarga ishonchli boshqaruvga berish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Elchi Alisher To‘xtayev Pokiston tomonini O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida, jumladan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohadagi tizimli o‘zgarishlar hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va rag‘batlantirish choralari bilan yaqindan tanishtirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, paxta tolasini chuqur qayta ishlash bo‘yicha mavjud sanoat salohiyati, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda O‘zbekistonning ichki va tashqi bozorlari ehtiyojlari haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Taʼkidlanganidek, to‘qimachilik va yengil sanoat sohalarida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish uchun katta va hali to‘liq ishga solinmagan salohiyat mavjud. Xususan, 2025- yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Pokistonga eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari hajmi 21,5 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Muzokaralarda xalqaro brendlar uchun raqobatbardosh tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini qo‘shma asosda ishlab chiqarish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni mavjud to‘qimachilik korxonalarini pokistonlik hamkorlarga ishonchli boshqaruvga berishga tayyor ekanini bildirdi hamda ushbu korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, moliyaviy holati va modernizatsiya ehtiyojlari bo‘yicha batafsil maʼlumotlar taqdim etdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti bo‘yicha jahonda yuqori o‘rinlarni egallayotgani, eksport nomenklaturasi ip-kalavadan tortib tayyor kiyim-kechakkacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjirini qamrab olishi alohida taʼkidlandi.
«Magna Processing» kompaniyasi rahbari Said Ulla O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga olish masalasiga katta qiziqish bildirib, bu borada amaliy qadamlar tashlashga tayyor ekanini maʼlum qildi. Uning aytishicha, pokistonlik mutaxassislar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati, bozor infratuzilmasi va iqtisodiy muhitini chuqur o‘rganib chiqqan hamda hamkorlik istiqbollarini ijobiy baholagan.
–Biz O‘zbekiston hududida ip-kalava, gazlama va boshqa turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarib, ularni Pokistonga eksport qilish, shuningdek, qo‘shma brendlar ostida tayyor kiyim-kechaklarni Yevropa bozorlariga olib chiqish imkoniyatiga egamiz, – dedi Said Ulla. – Bugungi kunda Pokiston Yevropadagi qator nufuzli brendlar uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib bermoqda. Shu tajribani O‘zbekistonda ham joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.
Uchrashuv yakunida Pokiston tomonini qiziqtirgan qator masalalar, jumladan, O‘zbekistondagi to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish salohiyati, tayyor mahsulotlarning logistika yo‘nalishlari, eksport bozorlari hamda transport infratuzilmasiga oid savollarga atroflicha javob berildi.
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.