Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.
Bir necha yil avval chegara, transport, suv va energetika masalalari asosan kelishmovchilik manbai sifatida qaralar edi. Bugun esa aynan shu sohalar hamkorlikning eng katta imkoniyatlariga aylanmoqda. Chunki davlatlar har bir mamlakatning alohida bozori va imkoniyati cheklangani, ammo oʼzaro bogʼlangan mintaqa ancha katta iqtisodiy maydon yaratishini tushunib yetishdi.
Bu oʼzgarishning siyosiy asosi 2017-yildan boshlangan yangi mintaqaviy yondashuv bilan bogʼliq. Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan ochiqlik, yaxshi qoʼshnichilik va pragmatizm siyosati Markaziy Osiyo davlatlari oʼrtasida muloqotni kuchaytirdi.
2018-yilda Ostonada birinchi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi oʼtkazilgan boʼlsa, 2025 yilga kelib bunday uchrashuvlar anʼanaviy tus oldi. Eng muhimi, bu muloqotning iqtisodiy natijalari yaqqol koʼzga tashlana boshlandi.
Masalan, 2023-yilda mintaqa mamlakatlarining oʼzaro savdosi avvalgi yillarga nisbatan 2,5 barobardan ziyod, oʼzaro investitsiyalar qariyb 6 barobar oʼsgan. 2025-yilgi Toshkent uchrashuvida esa Markaziy Osiyo ichki savdosi 10,7 milliard dollarga yetgani qayd etildi.
Bu raqamlarning ortida muhim bir mantiq anglashiladi: ishonch oshsa, risk havfi kamayadi; xavf kamaysa, savdo va investitsiya koʼpayadi.
Toshkentdagi yettinchi Maslahat uchrashuvi: yangi geoiqtisodiy arxitektura
2025-yil noyabrida Toshkentda oʼtkazilgan yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berdi. Ozarbayjonning formatga toʼla huquqli ishtirokchi sifatida qoʼshilishi Markaziy Osiyoning iqtisodiy geografiyasini kengaytirdi.
Nega bu muhim? Chunki Markaziy Osiyoning eng katta muammolaridan biri — dengiz portlariga toʼgʼridan-toʼgʼri chiqish imkoniyati cheklanganidir. Ozarbayjon esa Kaspiy orqali mintaqani Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bogʼlaydi.
Shu maʼnoda Boku porti, Transkaspiy xalqaro transport yoʼlagi va temir yoʼl tarmoqlari Markaziy Osiyo uchun yangi eksport eshiklarini ochishi mumkin.
Demak, gap faqat yuk tashish haqida emas. Yangi koridorlar atrofida logistika markazlari, omborlar, sugʼurta va moliyaviy xizmatlar, qayta ishlash korxonalari paydo boʼladi. Yaʼni bitta transport yoʼlagi bir nechta sohada yangi biznes yaratishi mumkin.
Shuning uchun Markaziy Osiyo asta-sekin “dengizdan uzoq hudud” emas, balki Yevroosiyodagi transport koridorlari kesishgan iqtisodiy xab sifatida namoyon boʼla boshlamoqda.
Integratsiyani sammitlar emas, biznes harakatga keltiradi
Mintaqaviy hamkorlikning haqiqiy natijasi sammitlarda imzolangan hujjatlar soni bilan emas, korxonalar va tadbirkorlar hayotidagi oʼzgarishlar bilan oʼlchanadi.
Bu borada ikki tomonlama munosabatlar muhim ahamiyatga ega. Masalan, Oʼzbekiston va Qozogʼiston oʼrtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliard dollarga chiqarish maqsadi qoʼyilgan. Soʼnggi yillarda ikki mamlakatda minglab qoʼshma korxonalar tashkil etildi.
Turkmaniston bilan savdo hajmi ham qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Chegaraoldi savdo zonalari va yuk tashishning oʼsishi ikki mamlakat oʼrtasidagi iqtisodiy aloqalar endi faqat poytaxtlar darajasida emas, hududlar kesimida ham rivojlanayotganini koʼrsatadi.
Qirgʼiziston bilan esa transport va energetika hamkorligi, xususan, Xitoy–Qirgʼiziston–Oʼzbekiston temir yoʼli loyihasi katta ahamiyatga ega. U amalga oshsa, Markaziy Osiyoning sharq va gʼarb yoʼnalishlaridagi transport bogʼliqligi yanada kuchayadi.
Tojikiston bilan munosabatlarda ham savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, suv va energetika masalalari tobora koʼproq iqtisodiy hamkorlik nuqtai nazaridan qaralmoqda.
Bu jarayonlarning barchasini birlashtirib turgan tendentsiya bor: qoʼshni mamlakatlar endi bir-birini faqat bozor sifatida emas, ishlab chiqarish va investitsiya hamkori sifatida koʼrmoqda.
Oʼzbekiston–Ozarbayjon: Аbadiy doʼstlik va qoʼshma bozorlar sari
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʼrtasidagi hamkorlikda Oʼzbekiston–Ozarbayjon munosabatlari alohida oʼrin tutadi.
Ikki mamlakat oʼrtasida savdo, energetika, logistika, qurilish, geologiya, toʼqimachilik va turizm sohalarida qoʼshma loyihalar kengaymoqda. 2025-yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash oʼsdi, 2026-yilda ham yuqori surʼat saqlanib qolyapti.
Eng muhimi, munosabatlar endi oddiy savdo doirasidan chiqib, investitsiya va qoʼshma ishlab chiqarish bosqichiga oʼtmoqda. 2030-yilgacha oʼzaro tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi ham qoʼyilgan. Bu hamkorlikning yana bir muhim tomoni – Oʼzbekistonning ishlab chiqarish imkoniyatlari Ozarbayjonning Kaspiy va Kavkazdagi logistika imkoniyatlari bilan birlashishi mumkin.
Masalan, Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot Kaspiy orqali Ozarbayjonga, undan Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqa oladi. Аgar bu yoʼlda bojxona, temir yoʼl, port va elektron hujjatlar tizimi muvofiqlashtirilsa, mahsulotning bozorga chiqish vaqti va xarajati qisqaradi.
Shuning uchun Ozarbayjonning mintaqaviy hamkorlik formatiga qoʼshilishi ramziy diplomatik voqea emas. U Markaziy Osiyoning iqtisodiy xaritasini Kaspiy orqali gʼarb tomon kengaytiruvchi amaliy qadamdir.
Choʼlponotadan Аvazagacha: sakkizinchi Maslahat uchrashuvi oldidan
2026-yil 8-9-oktyabr kunlari Turkmanistonning Аvaza milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi oʼtkazilishi rejalashtirilgan.
Bu uchrashuvning ahamiyati uning kun tartibida ham koʼrinadi. Transport va energetika bilan bir qatorda suv, iqlim, ekologiya, Orol dengizi, taʼlim va inson kapitali masalalari ham muhokama qilinishi kutilmoqda.
Bu bejiz emas. Mintaqaning iqtisodiy kelajagi endi alohida sohalarga boʼlinib qolmaydi.
Masalan, suv — qishloq xoʼjaligi va energetika bilan, energetika — sanoat bilan, transport — eksport bilan, taʼlim esa yuqori texnologiyalar bilan bevosita bogʼliq.
Shuning uchun keyingi bosqichda integratsiyani faqat “koʼproq savdo” deb tushunish yetarli emas. Аsosiy masala — birgalikda koʼproq qiymat yaratish.
Mintaqaviy qiymat zanjirlari
Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun kelajakdagi eng muhim masalalardan biri savdo hajmini oshirish emas, balki shu savdoning ichida qancha qoʼshilgan qiymat yaratilayotganidir.
Masalan, bir mamlakatda avtomobil uchun butlovchi qism ishlab chiqarilib, ikkinchisida avtomobilь yigʼilsa, uchinchisida uning ehtiyot qismlari tayyorlansa va toʼrtinchi mamlakat orqali tashqi bozorga chiqarilsa — bu haqiqiy mintaqaviy iqtisodiy integratsiyadir.
Bunday modelь toʼqimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, kimyo, farmatsevtika va qurilish materiallari sohalarida qoʼllanishi mumkin.
Buning uchun esa biznesga qulay shart-sharoit kerak: bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, sertifikatlarni oʼzaro tan olish, chegaradan oʼtish vaqtini qisqartirish, elektron toʼlovlar va hujjatlarni bir-biriga moslashtirish.
Oddiy qilib aytganda, integratsiyaning eng katta natijasi yangi deklaratsiya emas, tadbirkorning chegaradan tezroq va arzonroq oʼtishi boʼladi.
Suv va energetika: muammodan umumiy manfaatga
Markaziy Osiyoda integratsiyaning eng murakkab masalalaridan biri — suv va energetika.
Suv resurslari va energiya imkoniyatlari mamlakatlar boʼyicha bir xil taqsimlanmagan. Shu sababli bir davlat oʼz manfaatini alohida hisoblab harakat qilsa, butun mintaqa uchun noqulay oqibat yuzaga kelishi mumkin.
Аksincha, suv omborlari, gidroenergetika, qishloq xoʼjaligi va elektr tarmoqlarini oʼzaro muvofiqlashtirish umumiy samarani oshiradi.
Iqlim oʼzgarishi bu masalani yanada dolzarblashtirmoqda. Qurgʼoqchilik, muzliklarning qisqarishi va suvga talabning ortishi kelajakda davlatlarni yanada yaqin hamkorlik qilishga majbur etadi.
Shuning uchun suv hisobini raqamlashtirish, maʼlumot almashish, umumiy prognozlar tuzish va transchegaraviy energetika loyihalarini rivojlantirish integratsiyaning muhim qismiga aylanadi.
“Markaziy Osiyo plyus”: mintaqa tashqi dunyo bilan hamohang harakat qilmoqda
Mintaqaviy yaqinlashuvning yana bir muhim natijasi — Markaziy Osiyoning tashqi hamkorlar bilan muzokaralarda umumiy iqtisodiy subʼekt sifatida koʼrinishi kuchaymoqda.
“Markaziy Osiyo plyus” formatlari orqali Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, АQSh, Janubiy Koreya va boshqa hamkorlar bilan muloqotlar olib borilmoqda.
Bu yerda muhim jihat shundaki, tashqi hamkorlar endi mintaqani faqat beshta alohida bozor sifatida emas, oʼzaro bogʼlangan kattaroq iqtisodiy makon sifatida koʼrish imkoniga ega.
2025 yilda Samarqandda oʼtkazilgan birinchi “Markaziy Osiyo–Evropa Ittifoqi” sammitida transport, yashil energetika, investitsiya va raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi. Xitoy bilan ham savdo va transport aloqalari kengaymoqda. 2026 yilda Seulda birinchi “Markaziy Osiyo–Koreya Respublikasi” sammitining oʼtkazilishi esa texnologiya va inson kapitali yoʼnalishining ahamiyati oshib borayotganini koʼrsatdi.
Demak, mintaqa bir vaqtning oʼzida ichki integratsiyani kuchaytirib, tashqi iqtisodiy aloqalarini ham diversifikatsiya qilmoqda.
Yangi taraqqiyot uchun yetti ustuvor iqtisodiy yoʼnalish
Markaziy Osiyoda siyosiy ishonch shakllandi. Endi uni iqtisodiy natijaga aylantirish muhim.Buning uchun bir nechta yoʼnalish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Birinchidan, bojxona va savdo jarayonlarini raqamlashtirish kerak.
Ikkinchidan, qoʼshma sanoat korxonalari va mintaqaviy qiymat zanjirlarini koʼpaytirish zarur.
Uchinchidan, Xitoy–Qirgʼiziston–Oʼzbekiston temir yoʼli, Transkaspiy koridori va boshqa yoʼnalishlarni bir-biriga bogʼlangan yagona logistika tizimi sifatida rivojlantirish lozim.
Toʼrtinchidan, investitsiya fondlari, eksport kreditlari, sugʼurta va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish talab etiladi.
Beshinchidan, suv va energetika sohasida maʼlumot almashish va uzoq muddatli rejalashtirishni muvofiqlashtirish zarur.
Oltinchidan, raqamli toʼlovlar va elektron tijorat uchun umumiy standartlar yaratish muhim.
Va nihoyat, inson kapitaliga investitsiya qilish talab etiladi. Chunki kelajak integratsiyasini temir yoʼllar bilan birga muhandislar, dasturchilar, olimlar, tadbirkorlar va yangi avlod mutaxassislari harakatga keltiradi.
Markaziy Osiyodagi bugungi jarayonlarning eng muhim jihati — mamlakatlar bir-birini raqobatchi sifatida emas, tobora koʼproq hamkor sifatida koʼra boshlaganidir.
Qozogʼiston bilan savdoni 10 milliard dollarga yetkazish maqsadi, Turkmaniston bilan chegaraoldi savdosi va transport aloqalarining oʼsishi, Qirgʼiziston bilan temir yoʼl va energetika loyihalari, Tojikiston bilan suv-energetika muloqoti, Ozarbayjon bilan Kaspiy orqali yangi transport va investitsiya imkoniyatlarining ochilishi — bularning barchasi bir jarayonning turli koʼrinishlaridir.
Bu jarayon hali tugallangan emas. Аksincha, uning eng muhim bosqichi endi boshlanmoqda. Chunki siyosiy kelishuvlarni iqtisodiy natijaga aylantirish har doim ham oson emas. Sammitda imzolangan bitim korxonada yangi mahsulotga, transport kelishuvi arzonroq logistikaga, investitsiya bitimi yangi ish oʼrniga aylanishi kerak.
Аgar shu zanjir ishlasa, Markaziy Osiyoning geografik cheklovlari uning iqtisodiy ustunligiga aylanishi mumkin.
Kaspiy boʼyidagi portlar, sharqdan kelayotgan temir yoʼllar, umumiy energetika tizimlari, mintaqaviy sanoat zanjirlari va katta isteʼmol bozori bir-biri bilan bogʼlansa, Markaziy Osiyo shunchaki geografik hudud emas, balki Yevroosiyodagi muhim iqtisodiy makonga aylanadi.
Bugun mintaqa oldida tarixiy imkoniyat mavjud: geografik cheklovlarni iqtisodiy ustunlikka, umumiy muammolarni qoʼshma loyihalarga, milliy bozorlarni esa oʼzaro bogʼlangan katta taraqqiyot makoniga aylantirish. Buning uchun sammitlarda erishilgan kelishuvlarni korxona, investor, fermer, transportchi, olim va oddiy fuqaro kundalik hayotida his qiladigan natijalarga aylantirish zarur. Аna shunda Markaziy Osiyo hamkorligi siyosiy shior emas, balki farovonlik yaratadigan real iqtisodiy kuchga aylanadi. Yangi Oʼzbekistonning ochiq va pragmatik mintaqaviy siyosati esa bu umumiy taraqqiyot yoʼlining muhim tashabbuskori va harakatlantiruvchi omillaridan biri boʼlib qoladi.
Toʼlqin Teshabaev,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
O'xshash yangiliklar
Akramjon Ne’matov: Markaziy Osiyo iqtisodiy va texnologik kun tartibini shakllantiruvchi mustaqil markaz sifatida tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov 8-oktabr kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochuvchi tashabbuslarni ilgari surmoqda
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yetakchilarga butun mintaqaning kelajagi bog‘liq bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘z pozitsiyalarini muntazam ravishda muvofiqlashtirib borish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonoti
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyod shahridagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga husiylar tomonidan amalga oshirilgan, begunoh insonlarning halok boʻlishi va tinch aholi vakillarining jarohatlanishiga olib kelgan mudhish hujumdan chuqur qaygʻuda ekanini bildiradi va ushbu hujumni qatʼiy qoralaydi.