Qurilish materiallari sohasini rivojlantirish boʻyicha yangi vazifalar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25-iyun kuni qurilish materiallari tarmogʻida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25-iyun kuni qurilish materiallari tarmogʻida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari asosiy masalaga oʻtishdan avval oʻtgan hafta yuksak saviyada oʻtkazilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga toʻxtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilgani taʼkidlandi.
– Har bir kelishuv loyihaga, ish oʻrniga, yuqori qoʻshilgan qiymatga aylanishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar tomonidan bildirilgan 120 ta taklifning yechimi boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi boʻyicha yondashuvlarini oʻzgartirishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Soʻnggi besh yilda yurtimizga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hudud hissasiga toʻgʻri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi boʻyicha hududlar oʻrtasida katta tafovut bor. Shu bois, hokimlar qaysi tumanda qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, qaysi loyihaga investitsiya olib kelinsa, eng yuqori samaradorlikka erishish mumkinligini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi.
Buning uchun iqtisodiyotdagi 12 ta tarmoqqa 14 ta “aql markazi”, 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliygohlar nomma-nom biriktirildi. Barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazlari”, sohaviy ilmiy institut va oliygohlar bilan har bir tuman imkoniyatini oʻrganib, yalpi hududiy mahsulot oʻsishiga katta turtki beradigan loyihalar toʻplamini tayyorlash topshirildi.
Prezidentimiz qurilish materiallari sohasini quruvchining ishonchini qozonadigan, sifat, standart, assortiment va narx boʻyicha kompleks yechim taklif qiladigan tarmoqqa aylantirish lozimligini taʼkidladi.
Bundan 10 yil oldin mahalliy qurilish materiallari deganda asosan qum-shagʻal, gʻisht, sement, oyna va shifer tushunilar, bu esa qurilishda ishlatiladigan jami materiallarning nari borsa 30-40 foizini tashkil etar edi. Soʻnggi oʻn yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirildi.
Natijada sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok, quruq qorishmalar kabi asosiy turdagi 20 dan ortiq mahsulotlarga boʻlgan ichki talabni toʻliq qoplaydigan quvvatlar yaratildi. Issiqlik saqlovchi, kompozit materiallar, ekologik pardozlash materiallari va pol qoplamalari kabi yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi yoʻnalishlar jadal rivojlanmoqda.
Bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat binolari qurilishi uchun zarur materiallarning 98 foizini mamlakatimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Natijada oʻtgan davrda sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trillion soʻmdan 53 trillion soʻmga oshdi, eksport esa oʻtgan yili 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Eng muhimi, tarmoq import oʻrnini bosishning muhim bosqichidan oʻtdi.
Yil boshida aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha katta dastur qabul qilingan edi. Unga koʻra, 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingtaga yetkazish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga koʻpaytirish reja qilingan.
Bundan tashqari, har yili 20-25 million kvadrat metr tijorat binolari foydalanishga topshirilmoqda. Uy-joy va tijorat binolarining oʻzi yiliga kamida 10 milliard dollarlik qurilish materiallariga talab yaratmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida xorijiy hamkorlarga yana 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari taklif qilindi. Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatida 4-mis boyitish fabrikasi, Oʻrta Chirchiqda 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkentda 55 ming oʻrinli futbol stadioni, 282 kilometrli Toshkent – Samarqand avtomobil yoʻli kabi yirik loyihalarda ham, birinchi navbatda, qurilish materiallari zarur boʻladi.
Bunday yirik loyihalarda foydalaniladigan materiallarga standart, sifat va sertifikat boʻyicha yuqori talablar qoʻyilishi tabiiy. Shu bois, yirik loyihalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bogʻlaydigan yangi tizim yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import materiallarni olib kelishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilishni soʻramoqda. Shu bilan birga, bunday loyihalarga oʻz mahsulotini taklif qilish istagida boʻlgan mahalliy korxonalar ham koʻp. Ular qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz mahalliy mahsulotlarga ham qoʻllansa, sifat va standart boʻyicha raqobatga tayyor ekanini bildirmoqda.
Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoitni taʼminlash boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Yigʻilishda hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan ikki yillik dastur ijrosiga ham eʼtibor qaratildi. Dastur doirasida 34 ta yirik turizm obyekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, jumladan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan.
Hokimlar hududlarida barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishi zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizda har yili oʻrtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joy qurilmoqda, yana 200-250 ming xonadon taʼmirlanmoqda.
– Ochiq aytish kerak, hali koʻpchilik energiya tejamkor materiallarning afzalliklari haqida yetarlicha xabardor emas, – dedi Prezidentimiz.
Xonadonlarni isitishning oʻziga iqtisodiyotdagi jami gaz isteʼmolining 20 foizi, elektr energiyasining esa 11 foizi sarflanmoqda. Agar uyning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi material bilan qoplansa, energiya tejamkor oyna qoʻyilsa, energiya sarfi 30 foizgacha kamayadi.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangi loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilmoqda. Mazkur loyihada toʻliq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish va sovitish xarajatlari 25-30 foizga qisqaradi.
Viloyat, tuman va shaharlar hokimlariga Qamashi tajribasi asosidagi yangi loyihalash yondashuvini oʻrganish topshirildi. Joriy yilda Yangi Oʻzbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shaharda koʻp qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Eksport masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Qoʻshni davlatlar yiliga 13 milliard dollarlik qurilish materiallarini import qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining oʻziga eksportni qoʻshimcha 440 million dollarga oshirish imkoniyati borligi taʼkidlandi.
– Bir narsani bilinglar: tashqi bozorlarda kuchli raqobat, har bir dollar uchun kurash ketayotgan hozirgi sharoitda eksportni koʻpaytirish uchun noanʼanaviy yechimlar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi mamlakatlarda uy-joy va tijorat obyektlari qurish boʻyicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Agar Oʻzbekiston uy-joy qurish boʻyicha ushbu davlatlarning ishonchli hamkoriga aylansa, bu elektronika, uy tekstili va mebel korxonalari uchun ham yangi eksport imkoniyatlarini ochadi. Shu bois, masʼullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3-4 tadan namunaviy, energiya tejamkor uy modelini qurib, road-show oʻtkazish topshirildi.
Sohada energiya samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Soʻnggi oʻn yilda qurilish materiallari korxonalari foydalanadigan shartli yoqilgʻi hajmi 2 karra kamaydi. Tarmoqdagi elektr isteʼmolining 65 foizi toʻgʻri keladigan 34 ta yirik korxonada energiya auditi oʻtkazilgani hisobidan oʻtgan yilning oʻzida 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaldi.
Lekin bu hali yetarli emasligi qayd etildi. Viloyat hokimlariga qurilish materiallari korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish boʻyicha katta dasturni boshlash topshirildi. Bunda isitish va quritish pechlari, tegirmonlar va energiya sarfi yuqori boshqa uskunalarni energiya tejamkorlariga almashtirgan korxonalarga soʻmdagi kreditining 7 foizi, xorijiy valyutadagi kreditining 4 foizi kompensatsiya qilib beriladi.
Mamlakatimizda sement, bazalt, oyna, keramik plita kabi mahsulotlar boʻyicha yaratilgan quvvatlar 2035-yilgacha boʻlgan ehtiyojlarni qoplashga yetarli. Endi investorlarni bunday mahsulotlarni koʻpaytirishga emas, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilib, yuqori qoʻshilgan qiymat beradigan loyihalarga jalb qilish kerakligi taʼkidlandi.
Qurilish materiallari korxonalariga sertifikat olish bilan bogʻliq barcha xarajatni toʻliq qoplab beruvchi tizim mavjud. Bu kabi imkoniyat boshqa birorta tarmoqda yoʻq. Lekin bunday sertifikatlarning yagona maʼlumotlar bazasi boʻlmagani uchun xaridorlar koʻproq oʻzi bilgan, xalqaro sertifikatga ega chet el tovarlarini tanlamoqda.
Mutasaddilarga mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasini ishga tushirish, viloyat hokimlari bilan birga shu yilning oʻzida yana kamida 50 ta qurilish materiallari korxonasiga xalqaro sifat sertifikati olishda koʻmaklashish topshirildi.
Yigʻilish davomida mutasaddilarning hisobotlari, qurilish materiallari korxonalari vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi.
Похожие новости
Президент Узбекистана принял делегацию США
Президент Республики Узбекистан Шавкат Мирзиёев 25 июня принял Торгового представителя Соединенных Штатов Америки Джеймисона Грира.
Участникам международных мероприятий в связи с объявлением Андижана «Культурной столицей тюркского мира»
Дорогие соотечественники! Уважаемые участники форума!
Президенты Узбекистана и Казахстана провели телефонный разговор
В ходе телефонного разговора 24 июня Президент Республики Узбекистан Шавкат Мирзиёев и Президент Республики Казахстан Касым-Жомарт Токаев подчеркнули важность дальнейшего углубления узбекско-казахстанских отношений стратегического партнерства и союзничества.