Yangi mehmonxona majmuasi ochildi
Mamlakatimizning sayyohlik salohiyati yildan-yilga oshib bormoqda. Barcha hududlarda sayyohlar oqimi ko‘payib, zamonaviy mehmonxonalar, sayyohlik inshootlari barpo etilmoqda
Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i yonida barpo etilgan zamonaviy mehmonxona majmuasi bu boradagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda bunyodkorlik ishlarining borishi bilan tanishib, mazkur inshootni borib ko‘rdi.
Bir paytlar qarovsiz va egasiz hududlar bugun obodonlashtirilgan hududga aylandi. 8 gektardan ortiq maydonda 12 ta zamonaviy mehmonxona, 375 oʻrinli “Yangi Toshkent” anjumanlar zali, 310 oʻrinli restoran, sogʻlomlashtirish markazi, ochiq sport maydonchasi qurildi.
Mehmonxonalar Qoraqalpogʻiston va viloyatlar nomi bilan atalgan. Bular har biri 62 ta xona va 124 o‘rinli uch yulduzli, besh qavatli mehmonxonalardir. Majmua yagona kontseptsiya asosida faoliyat yuritadi va uning boshqaruvi katta tajribaga ega nufuzli xalqaro kompaniyalar – Leo Hospitality Solutions, Radisson Individuals va Trademark Collection by Wyndham kompaniyalariga topshiriladi.
Xususiy banklar bunday komplekslarni boshqarishda sherik bo‘lishni taklif qilishgan. Davlatimiz rahbari xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish, joylarda zamonaviy qulayliklar yaratish aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Mehmonxonalar restoran, konferensiya zallari, dam olish maskanlari bilan uyg‘unlashgani ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish imkonini bermoqda. Yuqori saviyada tadbirlar, yirik xalqaro anjumanlarni o‘tkazish mumkin.
Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu mamlakatimiz va xorijlik mehmonlarni jalb etishning yangi nuqtasi bo‘lib, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi. Majmua qurilishi qo‘shni mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, odamlar farovonligini yuksaltirishga ham turtki bo‘ldi.
Davlat rahbari ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini kengaytirish va sifatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish zarurligiga e’tibor qaratdi. Mamlakatimiz hududlarida ko‘p funksiyali mehmonxona xizmatlarini rivojlantirishni faol rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy sayti
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga oʼtkazdi
Turkiy davlatlar tashkilotining Аnqarada oʼtkazilishi rejalashtirilgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.
Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar
Suv — millat va davlat chegaralarini tan olmaydigan, xalqlarni oʼzaro bogʼlaydigan ulugʼ neʼmat. Iqlim oʼzgarishi, aholi va iqtisodiyotning oʼsishi, qurgʼoqchilik davrlarining uzayishi, muzliklarning qisqarishi, suv manbalarining ifloslanishi va suvga boʼlgan talabning ortishi mamlakatlardan bu hayotiy resursga munosabatni tubdan qayta koʼrib chiqishni talab etmoqda.
Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.