Markaziy Osiyoning ekologik kun tartibi:hamkorlikdagi saʼy-harakatlarning asosiy natijalari
Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tobora ko‘proq duch kelayotgan va dunyoda undan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan mintaqalridan biri. So‘nggi 70-yil ichida Markaziy Osiyoda harorat Selsiy bo‘yicha 1,5-2 darajaga ko‘tarildi.
Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tobora ko‘proq duch kelayotgan va dunyoda undan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan mintaqalridan biri. So‘nggi 70-yil ichida Markaziy Osiyoda harorat Selsiy bo‘yicha 1,5-2 darajaga ko‘tarildi.
Bu esa ekologik muammolarning keskinlashuviga, muzliklarning erishi va cho‘llanishning tezlashishiga taʼsir ko‘rsatmoqda. Ushbu jarayonlarning barchasi bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, mintaqadagi ekotizimlar, iqtisodiyot va odamlar hayotiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Global miqyosda iqlim o‘zgarishi tufayli muzlarning erish tezligi so‘nggi yillarda 65 foizga oshdi: 90-yillarning boshida sayyorada yiliga 0,8 trillion tonna, 2000-yillarga kelib esa 1,3 trillion tonna muz erib ketgan. Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham ushbu ekologik muammo bugungi kunning eng muhim iqlim muammolari qatoriga kiradi.
Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligi ortib bormoqda. Bugungi kunda 37 million nafardan ortiq kishi asosan suv taʼminotining pasayishi, shuningdek, tegishli infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmaganligi bilan bog‘liq bo‘lgan suv resurslari keskin yetishmaydigan hududlarda yashaydi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-2030-yillarda mintaqa mamlakatlari uchun suv va iqlim infratuzilmasiga zarur bo‘lgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 29,2 milliard dollarni tashkil etadi.
Orolbo‘yi mintaqasining holati vaziyatni qiyinlashtirmoqda – shamollar Orolning qurigan tubidan har yili taxminan 15-75 million tonna qum, chang va tuzni uchirib ketadi. Bu esa sezilarli masofalarda havoning sifatini yomonlashtiradi va bevosita ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi.
Shu sababdan ham so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning mintaqaviy kun tartibida ekologik masalalar tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Suv resurslari bilan bog‘liq muammolar, yerlarning degradatsiyasi, iqlim o‘zgarishi, Orolbo‘yining holati endilikda mintaqa mamlakatlari tomonidan alohida emas, balki mintaqaning umumiy barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari kontekstida ko‘rilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ekologiya sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yana-da tizimli va mazmunli bo‘lib bormoqda.
Bunda mintaqaviy hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlash alohida o‘rin tutdi. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va uning tuzilmalari amaldagi mexanizmlari bilan bir qatorda, ekologik masalalar mintaqa mamlakatlari davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari, shuningdek, sohaviy idoralararo va ekspertlar muloqoti doirasida yana-da izchil mustahkamlana boshladi.
Mintaqa mamlakatlarining iqlim bilan bog‘liq xalqaro tadbirlarda faollashganini ham taʼkidlash joiz. Xususan, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi konferensiyalarida Markaziy Osiyo mamlakatlari "5 mamlakat - 1 mintaqa - 1 ovoz" tamoyili ostida chiqish qilib, iqlim muammolari bo‘yicha milliy ustuvor masalalar va umumiy mintaqaviy yondashuvlarni taqdim eta boshladilar.
Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Parij kelishuvi doirasida o‘zlarining milliy miqyosda belgilangan hissasini taqdim etdi va issiqxona gazlarini kamaytirish, “yashil” energetika quvvatini oshirish va moslashuvchanlik salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ydi. Shu bilan birga, Qozog‘iston 2060-yilga borib uglerod neytralligiga erishish yo‘lini belgilab oldi, O‘zbekiston esa 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yildagiga nisbatan 50 foizga kamaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichni oshirdi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham global iqlim maqsadlariga erishish yo‘lidagi intilishlarini tasdiqlab, o‘z hissasini doimiy ravishda yangilab, oshirib kelmoqda.
Orol inqirozi oqibatlariga moslashish masalasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida O‘zbekiston tomonida so‘nggi 5 yil ichida 1,7 million gektar o‘rmonzorlar barpo etildi, Qozog‘iston tomonida 1 million gektardan ortiq maydonda o‘rmon-melioratsiya ishlari olib borildi.
Mintaqaviy hamkorlikning yana bir yorqin natijalaridan biri Shimoliy Oroldagi vaziyatning yaxshilanishi bo‘ldi. Sirdaryo bo‘yidagi suv omborlarining ish tartibini muvofiqlashtirish va davlatlararo kelishuvlarni bajarish hisobiga so‘nggi uch yilda dengizga 6 milliard kub metrdan ortiq suv kelib tushdi. Natijada Shimoliy Orolning hajmi 2022-yil oxiridagi 18,9 milliard kub metrdan 2025-yil oxirida 23 milliard kub metrgacha oshdi.
Bilim almashinuvi va ilmiy ekologik ekspertiza sohasida ham mintaqaviy hamkorlik kengaymoqda. O‘zbekistonda atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi ushbu hamkorlikning natijasi bo‘lib, mintaqada shu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi maydonga aylandi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyoda o‘zaro mintaqaviy ekologik hamkorlik asta-sekin amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatlar umumiy xalqaro pozitsiyani shakllantirish, muvofiqlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish va ilmiy-taʼlim bazasini yaratishda sezilarli natijalarga erishdi.
Shu bilan birga, mintaqadagi ekologik muammolar ko‘lami muvofiqlashtirishni kengaytirishni taqozo qilmoqda. Transchegaraviy suv resurslarini boshqarishda yana-da o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, iqlim o‘zgarishining oqibatlariga moslashish choralarini kengaytirish, suv va ekologik infratuzilmaga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, umumiy ekspertlar bazasi va tahliliy bazani mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida qolmoqda.
Keyingi yillarda Markaziy Osiyoning ekologik kun tartibi samaradorligi mintaqa mamlakatlari siyosiy hamkorlik natijalarini barqaror qo‘shma mexanizmlarga qanchalik izchil transformatsiya qila olishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammit iqlim masalasida umumiy maqsadiga erishish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ladi. Iqlim va ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yangi va amaliy yechimlarni ishlab chiqish nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarining global iqlim kun tartibiga qo‘shgan hissasini oshirishga, balki ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, havo ifloslanishini kamaytirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ustuvor ravishda suv va energetika resurslarini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy vazifalarni hal etishga ham xizmat qiladi.
Elvira Bikeyeva,
MHTI loyiha rahbari
Malika Saparmuhametova,
MHTI yetakchi mutaxassisi
O'xshash yangiliklar
4–6 iyun-kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
2026-yil 4–6-iyun kunlari Toshkent shahrida “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik, barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolandi
Ostonaga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev huzurida Investitsiya va savdo sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston Prezidenti YOII sammitida ishtirok etdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Ostona shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.