O‘zbekiston – Pokiston: farmatsevtika sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning sog‘liqni saqlash sohasida maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi, “The Searle Company Limited” kompaniyasi direktori Said Nadim Ahmed bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning sog‘liqni saqlash sohasida maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi, “The Searle Company Limited” kompaniyasi direktori Said Nadim Ahmed bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Elchi Alisher To‘xtayev O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada yaratilgan qulay investitsiya muhiti, xorijiy sarmoyadorlar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar va istiqbolli investitsiya loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u so‘nggi yillarda mahalliy ishlab chiqarish hajmini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish borasida erishilgan natijalarga alohida to‘xtaldi.
Suhbat davomida sohada shaffoflik va samaradorlikni oshirish maqsadida joriy etilayotgan raqamli tizimlar, xalqaro hamkorlik doirasida nufuzli xorijiy kompaniyalar bilan o‘rnatilayotgan aloqalar, shuningdek, Davlatimiz Rahbari tashabbuslari asosida farmatsevtika tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida ham fikr almashildi.
O‘z navbatida, Said Nadim Ahmed O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholab, bu jarayonlar xorijiy kompaniyalar uchun yangi va istiqbolli hamkorlik imkoniyatlarini ochayotganini ta’kidladi.
U “The Searle Company Limited” kompaniyasining joriy faoliyati va strategik rivojlanish rejalari haqida ma’lumot berib, kompaniya tomonidan O‘zbekistonda bir qator mahalliy hamkorlar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.
“Men O‘zbekistonga ikki marotaba tashrif buyurganman. Safarlar davomida ishbilarmon doiralar vakillari bilan samarali muloqotlar o‘tkazib, mamlakatdagi biznes muhit va farmatsevtika bozorining o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishdim. Ayni paytda ayrim farmatsevtika mahsulotlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari boshlab yuborilgan. Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga chiqish uchun muhim platforma sifatida ko‘ramiz va shu bois bu yerdagi faoliyatimizni kengaytirishdan manfaatdormiz”, – dedi u.
Shuningdek, Pokiston vakili O‘zbekistonda yangi avlod dori vositalarini, jumladan yurak-qon tomir, onkologik va metabolik kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan biofarmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida ham ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston hududida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini yanada chuqur o‘rganish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida onlayn muzokaralar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.