Oʼzbekiston – Qirgʼiziston: suv boʼyicha hamkorlik istiqbollari
Soʼnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida Oʼzbekiston tashqi siyosatida yaxshi qoʼshnichilik, oʼzaro hurmat va amaliy hamkorlik ustuvor tamoyilga aylandi.
Soʼnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida Oʼzbekiston tashqi siyosatida yaxshi qoʼshnichilik, oʼzaro hurmat va amaliy hamkorlik ustuvor tamoyilga aylandi.
Bu siyosat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi. Ilgari yechimi murakkab sanalgan koʼplab masalalar muloqot, kelishuv va umumiy manfaat asosida hal etilmoqda. Аna shu oʼzgarishlar suv sohasida ham yaqqol namoyon boʼlayapti.
Oʼzbekiston va Qirgʼiziston munosabatlari bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng muvaffaqiyatli hamkorlik namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirgʼiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning siyosiy irodasi, muntazam uchrashuvlari, hukumatlararo komissiyalar faoliyati, sohaviy idoralar oʼrtasidagi yaqin muloqot suv resurslarini boshqarishda mutlaqo yangi yondashuvni shakllantirdi. Eng muhimi, suvga nisbatan qarash oʼzgardi. Endi u tortishuv manbai emas, balki umumiy taraqqiyot va barqarorlikni taʼminlaydigan boylik sifatida baholanmoqda.
Daryolar davlat chegaralarini tanlamaydi. Аmmo ularning taqdirini davlatlar oʼrtasidagi ishonch belgilaydi. Prezident Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamgʼarmasi sammitida suv tanqisligi sharoitida mintaqa davlatlari umumiy masʼuliyat asosida harakat qilishi lozimligini taʼkidladi. 2026–2036-yillarni "Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʼyicha amaliy harakatlar oʼn yilligi" deb eʼlon qilish tashabbusini ilgari surdi.
Bu tashabbus Qirgʼiz respublikasi bilan ikki tomonlama munosabatlar doirasida transchegaraviy gidrotexnika inshootlaridan birgalikda foydalanish, irrigatsiya infratuzilmasini qayta qurish, suv xoʼjaligini raqamlashtirish, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislarni tayyorlash hamda suv resurslarini barqaror boshqarish sohasidagi mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish kabi keng koʼlamli yoʼnalishlarni qamrab oladi.
Oxirgi oʼn yillikni tahlil qiladigan boʼlsak, ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichi 2017-yildan boshlandi. Eng muhim voqealardan biri 2017-yil 6- oktyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʼiz Respublikasi Hukumati oʼrtasida Kosonsoy (Oʼrtatoʼqay) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish toʼgʼrisidagi Bitimning imzolanishi boʼldi.
Mazkur hujjat hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos boʼlib xizmat qildi va mintaqaning eng yirik transchegaraviy suv omborlaridan birini birgalikda boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini ilk bor belgilab berdi.
Ushbu bitimning imzolanishi ikki mamlakat oʼrtasidagi oʼzaro ishonchni mustahkamlashda muhim qadam boʼldi. Suv xoʼjaligi obʼektlaridan foydalanishning ayrim masalalarini har yili kelishib olishdan suv resurslarini birgalikda boshqarishning uzoq muddatli tizimini shakllantirishga oʼtish imkonini yaratdi.
Kelishuv qoidalarini amalda joriy etish maqsadida Kosonsoy (Oʼrtatoʼqay) suv omboridan foydalanish masalalari boʼyicha Oʼzbekiston–Qirgʼiz qoʼshma komissiyasi tuzildi. Uning doirasida ikki davlatning tegishli vazirliklari vakillari gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, suv omborini toʼldirish va undan suv chiqarish rejimlarini kelishish, taʼmirlash ishlarini oʼtkazish, gidrologik maʼlumotlar almashish hamda obʼektlarning texnik holatini birgalikda monitoring qilish masalalarini doimiy asosda koʼrib chiqish imkoniyatiga ega boʼldilar.
2021 yildan buyon Oʼzbekiston Respublikasi, Qozogʼiston Respublikasi va Qirgʼiz Respublikasining suv xoʼjaligi va energetika sohalari rahbarlari ishtirokida oʼtkazib kelinayotgan muntazam uch tomonlama uchrashuvlar doirasida vegetatsiya davrida Sirdaryo havzasida suv taʼminotini oshirish maqsadida “Toʼxtagul” suv omboridan qoʼshimcha suv chiqarish hamda kuz-qish davrida Qirgʼiz Respublikasiga elektr energiyasini oʼzaro yetkazib berish masalalari boʼyicha tegishli bayonnomalar va jadvallar tasdiqlanmoqda.
Mazkur kelishuvlar doirasida Qirgʼiz Respublikasi qish mavsumida “Toʼxtagul” suv omborida suvni koʼproq toʼplash imkoniyatiga ega boʼlmoqda. Oʼzbekiston va Qozogʼiston esa vegetatsiya davrida qoʼshimcha suv resurslari bilan taʼminlanmoqda. Natijada Sirdaryoning oʼrta va quyi oqimida joylashgan sugʼoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilanib, qishloq xoʼjaligi ekinlarini suv bilan barqaror taʼminlashga erishilmoqda.
Soʼnggi uch tomonlama uchrashuv 2026-yil 20-iyun kuni Bishkek shahrida boʼlib oʼtdi. Uchrashuvda Oʼzbekiston, Qozogʼiston va Qirgʼizistonning suv xoʼjaligi hamda energetika sohalari rahbarlari ishtirok etib, 2026-yilgi vegetatsiya mavsumida suv chiqarish hajmlari va elektr energiyasini oʼzaro yetkazib berish masalalari boʼyicha navbatdagi Bayonnomani imzoladilar.
Kelishuvlarga asosan Oʼzbekiston va Qirgʼiziston oʼrtasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, vegetatsiya davri mobaynida suv berish, taqsimlash daryo va soylardan foydalanish reja-grafiklar asosida olib borilmoqda.
Tomonlar tasdiqlangan grafiklarga qatʼiy rioya qilish, suv taqsimotini doimiy monitoring qilish va vakolatli suv xoʼjaligi tashkilotlari oʼrtasida tezkor muvofiqlashtirishni taʼminlash boʼyicha kelishuvga erishdilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari amaliy natijalarini berayapti. Transchegaraviy suv xoʼjaligi infratuzilmasini rivojlantirish, suv taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirish, qoʼshma loyihalarni amalga oshirish va mintaqaviy hamkorlikni yuksaltirish kabi keng qamrovli masalalar hal etilmoqda.
Zokir Ishpulatov,
Oʼzbekiston suv xoʼjaligi vazirining
birinchi oʼrinbosari
– Suv xoʼjaligi obʼektlarini
ekspluatatsiya qilish agentligi direktori
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga oʼtkazdi
Turkiy davlatlar tashkilotining Аnqarada oʼtkazilishi rejalashtirilgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.
Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar
Suv — millat va davlat chegaralarini tan olmaydigan, xalqlarni oʼzaro bogʼlaydigan ulugʼ neʼmat. Iqlim oʼzgarishi, aholi va iqtisodiyotning oʼsishi, qurgʼoqchilik davrlarining uzayishi, muzliklarning qisqarishi, suv manbalarining ifloslanishi va suvga boʼlgan talabning ortishi mamlakatlardan bu hayotiy resursga munosabatni tubdan qayta koʼrib chiqishni talab etmoqda.
Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.