Pokistonning Sind provintsiyasida Oʼzbekiston faxriy konsuli tayinlandi
Pokistonlik yirik tadbirkor va jamoat faoli Xalid Mahmud Oʼzbekistonning Pokistonning Sind provintsiyasi boʼyicha faxriy konsuli etib tayinlandi
Pokistonlik yirik tadbirkor va jamoat faoli Xalid Mahmud Oʼzbekistonning Pokistonning Sind provintsiyasi boʼyicha faxriy konsuli etib tayinlandi.
Mazkur tayinlov ikki mamlakat oʼrtasidagi doʼstona munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va oʼzaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi faxriy konsul zimmasiga Sind provintsiyasi va unga tutash hududlarda yashayotgan Oʼzbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi koʼp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʼshish kabi muhim vazifalar yuklanadi.
Shuningdek, u ikki mamlakat oʼrtasidagi iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, pokistonlik investorlar va sayyohlarni Oʼzbekistonga jalb etish, oʼzbek milliy mahsulotlari eksportini Pokiston bozorlariga koʼpaytirish yoʼnalishlarida faoliyat olib boradi.
Shu bilan birga, ilm-fan, tibbiyot, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish va ikki xalq oʼrtasidagi doʼstona aloqalarni yanada mustahkamlash ham faxriy konsul faoliyatining ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼladi.
Xalid Mahmud yangi lavozimga tayinlangani yuksak ishonch va katta masʼuliyat ekanini taʼkidlab, Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun bor bilim va imkoniyatlarini safarbar etishini bildirdi.
«Oʼzbekistonning Sind provintsiyasidagi faxriy konsuli lavozimiga tayinlanganimdan juda xursandman. Bu yuksak ishonch menga yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat kompaniyalari oʼrtasidagi uzviy aloqalarni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladigan dasturlarni amalga oshirish uchun bor bilim va imkoniyatlarimni safarbar etaman», – dedi u.
Taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi munosabatlar savdo-iqtisodiy hamkorlikdan tortib, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot va madaniyatgacha boʼlgan keng yoʼnalishlarni qamrab oladi. Pokistonning Sind provintsiyasida Oʼzbekiston faxriy konsulining tayinlanishi esa ushbu aloqalarni amaliy tashabbuslar bilan boyitish, tadbirkorlar oʼrtasidagi muloqotni faollashtirish va yangi hamkorlik imkoniyatlarini roʼyobga chiqarishga xizmat qiladi.
Xalid Mahmud Pokistonning «Getz Pharma Pvt. Ltd.», BААdagi «Getz Pharma International FZ LLC» va «Scitech International DMCC» xolding kompaniyalari raisi hisoblanadi. U farmatsevtika sanoati, xalqaro biznesni boshqarish, investitsiya, eksportni rivojlantirish va institutsional taraqqiyot sohalarida katta tajribaga ega.
«Getz Pharma» bugun Janubi-Sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo, Аfrika va Yaqin Sharq bozorlari oʼz mavqeini mustahkamlagan. Xususan, 2018-yilda Oʼzbekistondagi «Novugen Pharma FE LLC» farmatsevtika kompaniyasiga asos solindi. Kompaniyada 240 nafardan ortiq xodim ishlaydi, mahsulotlari esa Tojikiston, Qirgʼiziston va Аfgʼonistonga eksport qilinadi.
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekistonning boy sayyohlik salohiyati Islomobodda namoyish etildi
Shu yilning 24-25-oktyabr kunlari Pokiston poytaxti Islomobod shahrida «International Silk Route Festival – 2026» xalqaro festivali boʼlib oʼtdi.
Pokistonning yetakchi kompaniyalar guruhi Yangi Toshkentda investitsiya loyihasini amalga oshirish imkoniyatini oʼrganmoqda
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «Zaheer Khan Brothers» («ZKB») kompaniyalar guruhi ijrochi direktori Muhammad Kamran Said Xan bilan muzokara oʼtkazdi.
Pokistonning yirik savdo tarmogʼi supermatketlarida «Made in Uzbekistan» boʼlimi ochiladi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning yirik savdo tarmoqlaridan biri – «Al-Fatah» kompaniyasi bosh direktori Muhammad Аnis bilan uchrashuv oʼtkazdi.