Oʼzbekiston va Gruziya: tarixiy doʼstlikdan strategik hamkorlik sari
Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2–3 iyul-kunlari davlat tashrifi bilan Gruziyada boʼladi.
Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2–3 iyul-kunlari davlat tashrifi bilan Gruziyada boʼladi.
Oʼzbekiston va Gruziya oʼrtasidagi munosabatlar koʼp asrlik tarixiy ildizlarga ega boʼlib, bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanib bormoqda.
Ikki mamlakatni nafaqat qadimiy savdo yoʼllari, balki oʼzaro hurmat, ishonch va manfaatlarga asoslangan hamkorlik ham bogʼlab turadi. Keyingi yillarda oliy darajadagi tashriflar, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi va madaniy muloqotlarning faollashuvi ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Oʼzbekiston va Gruziya oʼrtasida diplomatik munosabatlar 1994-yil 19-avgust kuni oʼrnatilgan. Shundan buyon ikki tomonlama siyosiy muloqot izchil rivojlanib kelmoqda. 1995-yil sentyabrida oʼzaro munosabatlarning asosiy huquqiy hujjati hisoblangan Doʼstlik va hamkorlik toʼgʼrisidagi shartnoma imzolandi.
Soʼnggi yillarda davlat va hukumat rahbarlari oʼrtasidagi muntazam uchrashuvlar siyosiy ishonchni yanada mustahkamladi. Аyniqsa, 2022–2025-yillarda ikki mamlakat Prezidentlari darajasidagi muzokaralar, Bosh vazirlarning oʼzaro rasmiy tashriflari, Hukumatlararo komissiyaning yigʼilishlari hamda tashqi ishlar vazirliklari oʼrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar hamkorlikka yangi surʼat bagʼishladi.
2025-yil 5-mart kuni davlatimiz rahbari mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi oʼzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʼrib chiqildi. Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Oliy Majlisda Gruziya parlamenti bilan hamkorlik boʼyicha parlamentlararo guruh faoliyat yuritadi. Gruziya vakillari Oʼzbekistonda oʼtkaziladigan Prezident va parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ikki mamlakat oʼrtasida erkin savdo rejimi amal qiladi. Bu esa tovar ayirboshlash hajmining muttasil oʼsishiga xizmat qilmoqda.
Soʼnggi besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki yarim baravarga oshdi, qoʼshma korxonalar soni va yuk aylanmasi koʼpaydi.
Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, 2025-yil iyun oyida Tbilisi shahrida “Made in Uzbekistan” milliy koʼrgazmasi tashkil etildi. Unda toʼqimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, mashinasozlik va boshqa sohalardagi yuzdan ortiq yetakchi oʼzbek korxonalari ishtirok etdi.
Ikki mamlakat hamkorligida tranzit va transport-logistika masalalari alohida oʼrin tutadi. Joriy yil iyunь oyida Gruziyaning Аxalkalaki shahrida yangilangan “Boku–Tbilisi–Kars” temir yoʼli ochilishining rasmiy marosimi oʼtkazildi. Istiqbolda mazkur transport yoʼlagining bunyod etilayotgan “Xitoy–Qirgʼiziston–Oʼzbekiston” temir yoʼli bilan uygʼunlashuvi mamlakatlarimizning tranzit salohiyatini yanada oshishiga xizmat qiladi.
Oʼzbekiston va Gruziya oʼrtasidagi madaniy munosabatlar ham boy anʼanalarga ega. Mamlakatlar muntazam ravishda kino kunlari, madaniy festivallar, ilmiy va taʼlim sohasidagi tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.
Oʼtgan yili Tbilisi shahrida Oʼzbekiston madaniyati va kinosi kunlari, joriy yilda esa Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʼtkazildi.
Taniqli gruzin shoir Shota Rustaveli nomiga berilgan poytaxtmizning markaziy koʼchalaridan biri va unda bunyod etilgan haykal ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamligidan dalolat beradi.
2025-yilda Tbilisi shahar kengashi qaroriga muvofiq Gruziya poytaxtidagi istirohat bogʼlaridan biri buyuk oʼzbek mutafakkiri va davlat arbobi Аlisher Navoiy nomi bilan ataldi. Bu ikki xalqning bir-birining tarixi va madaniyatiga boʼlgan yuksak hurmatining yorqin ifodasi boʼldi.
Bugungi kunda Toshkent–Tbilisi hamda Toshkent–Batumi yoʼnalishlarida toʼgʼridan-toʼgʼri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani sayyohlik va ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Oʼzbekistonda toʼrt mingga yaqin gruzin millati vakillari istiqomat qiladi. 1994-yildan buyon Toshkent shahrida “Megobroba” (“Doʼstlik”) gruzin milliy madaniy markazi faoliyat yuritib kelmoqda.
Taʼkidlash lozimki, Oʼzbekiston va Gruziya xalqlari oʼrtasidagi munosabatlar ildizi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Аntik mualliflar Xorazm bilan Kolxida oʼrtasida Аmudaryo va Kaspiy dengizi orqali savdo aloqalari mavjud boʼlganini qayd etgan.
Buyuk ipak yoʼli shakllanganidan keyin, ayniqsa VI asrdan boshlab Samarqand, Buxoro va Xorazm orqali Kavkaz hamda Vizantiyaga olib boruvchi muhim savdo yoʼnalishi vujudga keldi. XII asrda yaratilgan Shota Rustavelining mashhur “Yoʼlbars terisini yopingan pahlavon” dostonida ham Xorazm tilga olinadi. Bu esa oʼrta asrlardagi Gruziya bilan Markaziy Osiyo oʼrtasida chuqur tarixiy, madaniy va savdo aloqalari mavjud boʼlganidan dalolat beradi.
Keyinchalik ham gruzin millatiga mansub shaxslar Oʼzbekiston hayotida faol ishtirok etgan. Ular orasida tadbirkorlar, meʼmorlar, olimlar, sanʼatkorlar va shifokorlar boʼlgan. Toshkentdagi mashhur “Kolizey” teatrini qurdirgan tadbirkor Georgiy Sintsadze, Oʼzbekiston arxeologiya fani rivojiga ulkan hissa qoʼshgan akademik Eduard Rtveladze kabi shaxslar ikki xalq doʼstligining yorqin timsollari hisoblanadi.
Аyniqsa, akademik Eduard Rtveladzening Oʼzbekiston tarixi va Buyuk ipak yoʼlini oʼrganishga bagʼishlangan yuzlab ilmiy ishlari, Surxondaryodagi qadimgi shahar oʼrnini aniqlashdagi mehnatlari jahon ilm-fanida katta voqea sifatida eʼtirof etilgan.
Xulosa oʼrnida taʼkidlash joizki, bugungi murakkab xalqaro sharoitda Oʼzbekiston va Gruziya oʼrtasidagi munosabatlar oʼzaro ishonch, ochiq muloqot va amaliy hamkorlik asosida izchil rivojlanmoqda. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, faol iqtisodiy va gumanitar aloqalar, boy tarixiy meros oʼzaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shubhasiz, bunday keng koʼlamli aloqalar, turli uchrashuv va muloqotlar kelgusida savdo, transport, investitsiya, turizm, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
O'xshash yangiliklar
Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻistonning birinchi Prezidentini tabrikladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni telefon orqali muloqotda Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va uzoq umr tiladi.
TIV rahbarining ICESCO bosh direktori bilan uchrashuviga oid
6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
TIV rahbarining Iordaniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi to‘g‘risida
6-iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari boʻyicha vaziri Ayman Safadi bilan uchrashdi.