Toshkentda “Yangi energetika: innovatsiyalar, barqarorlik va mintaqaviy hamkorlik” shiori ostida energetika haftaligi bo‘lib o‘tadi
Haftalik davomida 537 ta kompaniya va brend, 125 ta spiker va 31 ta davlatdan 1000 nafardan ortiq delegatlar ishtirok etadi.
Shu yil 12–14-may kunlari “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma markazida mamlakat yoqilg‘i-energetika kompleksining eng muhim ko‘rgazma-konferensiya tadbirlaridan biri – O‘zbekiston energetika haftaligi – “UEW 2026” bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Xalqaro energetika haftaligi (UEW) Energetika vazirligi va “O‘zbekneftegaz” AJning anʼanaviy ko‘magida o‘tkaziladigan muhim yillik xalqaro tadbirdir. Unda yetakchi ekspertlar, novatorlar va soha yetakchilari, davlat organlari va xalqaro biznes vakillari strategik kun tartibini shakllantirish, uzoq muddatli rivojlanish ustuvorliklarini aniqlash va ilg‘or energetika yechimlarini joriy etishni tezlashtirish maqsadida ishtirok etadi.
Keng qamrovli “UEW 2026” dasturi “Yangi energetika: innovatsiyalar, barqarorlik va mintaqaviy hamkorlik” shiori ostida rejalashtirilgan bo‘lib, yoqilg‘i-energetika kompleksining ikkita asosiy tarkibiy qismi – uglevodorodlar qazib olish va elektr energetika bo‘yicha bir qator soha ko‘rgazmalari va anjumanlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu tadbirlar sohani rivojlantirish kun tartibi va mintaqaviy muloqotni belgilashda strategik ahamiyatga egadir.
“UEW 2026” dasturiga quyidagi muhim soha tadbirlari kiradi:
- O‘zbekiston Xalqaro energetika forumi
- 28-Xalqaro O‘zbekiston neft va gazi anjumani
- 6-Xalqaro energetika anjumani
- “OGU 2026” – 28-Xalqaro O‘zbekiston neft va gazi ko‘rgazmasi
- “Power Uzbekistan 2026” – 19-Xalqaro energetika, energiya tejash, yadro energetikasi va muqobil energiya manbalari ko‘rgazmasi
- “GETCA 2026” – Markaziy Osiyoning yashil energiya tejovchi texnologiyalari ixtisoslashtirilgan bo‘limi
Uch kun davomida yoqilg‘i-energetika sohasining barcha segmentlaridan yetakchi kompaniyalar zamonaviy texnologik yechimlar va soha yutuqlarini taqdim etadi.
O‘zbekiston energetika haftaligida quyidagi 31 mamlakatdan 537 ta kompaniya va brend, 125 ta spiker va 1000 dan ortiq delegat ishtirok etadi: AQSH, Avstriya, BAA, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Daniya, Fransiya, Germaniya, Gruziya, Iordaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Marokash, Misr, Niderlandiya, Norvegiya, Ozarbayjon, Polsha, Qatar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, O‘zbekiston, Shveysariya.
Belarus, Germaniya, Xitoy va Turkiya kompaniyalari milliy pavilyon formatida ishtirok etadi. Italiya, Koreya Respublikasi va Rossiya jamoaviy stendlarda o‘z mahsulotlari va texnologiyalarini namoyish qiladi.
“Uzbekistan Energy Week” xorijiy investorlar va texnologiya kompaniyalarining O‘zbekiston energetika bozoriga doimiy qiziqishini namoyish qiladi. Barqaror rivojlanish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ushbu tadbir Markaziy Osiyodagi asosiy energiya platformasi sifatidagi mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda.
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga oʼtkazdi
Turkiy davlatlar tashkilotining Аnqarada oʼtkazilishi rejalashtirilgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.
Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar
Suv — millat va davlat chegaralarini tan olmaydigan, xalqlarni oʼzaro bogʼlaydigan ulugʼ neʼmat. Iqlim oʼzgarishi, aholi va iqtisodiyotning oʼsishi, qurgʼoqchilik davrlarining uzayishi, muzliklarning qisqarishi, suv manbalarining ifloslanishi va suvga boʼlgan talabning ortishi mamlakatlardan bu hayotiy resursga munosabatni tubdan qayta koʼrib chiqishni talab etmoqda.
Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.