Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bagʻishlangan xalqaro kongress qatnashchilariga
Hurmatli anjuman ishtirokchilari! Avvalo, turkiy dunyoning qadimiy va boy tarixi, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish hamda targʻib etishdek gʻoyat muhim ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan siz, azizlarni bugungi xalqaro kongressning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalo, turkiy dunyoning qadimiy va boy tarixi, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish hamda targʻib etishdek gʻoyat muhim ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan siz, azizlarni bugungi xalqaro kongressning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bundan bir asr muqaddam, 1926-yilda Boku shahrida oʻtkazilgan birinchi Turkologiya qurultoyi turkiy xalqlarning ilm-fani va madaniy hayoti rivojida yangi davrni boshlab bergan katta tarixiy voqea boʻlgan edi. Mazkur qurultoyda 11 nafar taniqli oʻzbek ziyolisi ishtirok etganini biz hamisha faxr bilan esga olamiz.
Bugun ushbu qutlugʻ sanani xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirokida keng nishonlar ekanmiz, ushbu anjuman turkiy xalqlarni birlashtirib turgan mushtarak qadriyatlarga yuksak hurmat va ehtirom ifodasidir.
Hech shubhasiz, milliy xotiramizda oʻchmas iz qoldirgan oʻsha tarixiy qurultoy haqida soʻz yuritganda, turkiy dunyo jadidlarining buyuk xizmatlarini yana bir bor eʼtirof etamiz.
Darhaqiqat, XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida ulugʻ maʼrifatparvar Ismoil Gʻaspirali “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu gʻoya asosida boshlab bergan ulkan ishlar butun turkiy olamda qudratli milliy uygʻonish harakatiga aylandi.
Mazkur harakat saflarida Oʻzbekistondan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulhamid Choʻlpon va Abdulla Qodiriy kabi fidoyi ziyolilar faol ishtirok etib, turkiy xalqlar oʻrtasida ilm-maʼrifat, taʼlim-tarbiya va madaniy taraqqiyot gʻoyalarini keng yoyishda alohida jonbozlik koʻrsatdilar.
Ular gʻoyat ogʻir va murakkab sharoitda maktablar, gazeta va jurnallar, muzey, kutubxona va teatrlar tashkil etdilar, darslik va oʻquv qoʻllanmalari, islohotchilik ruhidagi badiiy asarlari hamda siyosiy-ijtimoiy faoliyatlari bilan bepoyon turkiy makonga yangi zamon nafasini olib kirdilar.
Afsuski, mustabid siyosat tufayli bu qahramon ajdodlarimizning asosiy qismi mudhish qatagʻonlar qurboniga aylandi. Ammo ularning ezgu gʻoyalari, ilmiy merosi va maʼrifatparvarlik anʼanalari biz uchun bugungi kunda ham ibrat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda.
Yangi Oʻzbekistonda tarixiy adolatni tiklash, jadid namoyandalarining merosini chuqur oʻrganish, ularning ilmiy va adabiy asarlarini keng targʻib etish, tabarruk nomlarini abadiylashtirish hamda yosh avlodni ularning maʼnaviy jasorati ruhida tarbiyalash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hurmatli kongress qatnashchilari!
Buyuk ajdodlarimizning bilim-maʼrifat, ochiq dunyoqarash, milliy hamda umumbashariy qadriyatlarga asoslangan erkin va farovon hayot barpo etish haqidagi boy ilmiy-gʻoyaviy merosi biz uchun hozirgi kunda ham muhim ahamiyatga egadir.
Albatta, turkiy davlatlar bilan ilm-fan, madaniyat, taʼlim va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishda ham biz umumiy oʻtmishimizdagi ijobiy tajribalarga tayanamiz.
Tabiiyki, dunyo yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyayotgan bugungi sharoitda turkologiya fani oldida ham yangi-yangi dolzarb vazifalar paydo boʻlmoqda.
Ayniqsa, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, qoʻlyozmalarni raqamlashtirish, umumturkiy elektron lugʻatlar va til korpuslarini yaratish, tarixiy manbalarni birgalikda tadqiq etish, yosh turkolog tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish kabi yoʻnalishlarda hamjihat ish olib borishni zamonning oʻzi talab etmoqda.
Biz bu boradagi hamkorlik istiqbollarini yanada kengaytirish maqsadida birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligi munosabati bilan turkiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari ishtirokida “Turkiy dunyo maʼrifatparvarlari” xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini yaratish hamda jadidlik harakati namoyandalarining barcha asarlari va arxiv hujjatlarining yagona raqamli kutubxonasini shakllantirishni taklif qilamiz.
Ishonchim komil, ushbu xalqaro kongress turkologiya sohasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, samarali tadqiqotlar va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda turkiy xalqlar oʻrtasida doʻstlik va birdamlikni yanada mustahkamlash yoʻlida muhim tarixiy qadam boʻladi.
Ana shunday gʻoyat masʼuliyatli va sharafli ishda faol ishtirok etib kelayotgan siz, azizlarga mustahkam sogʻliq, ilmiy hamda ijodiy faoliyatingizda yutuq va omadlar, kongress ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yillik qutlugʻ sanasi barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
O'xshash yangiliklar
Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki bilan sheriklikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Jahon banki taʼsischi davlatlarining “Shveysariya guruhi” yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilish qat’iyligini tasdiqladilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.