Turizm – iqtisodiy taraqqiyotga eltuvchi ko‘prik: O‘zbekiston-Gruziya munosabatlarining yangi bosqichi
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda izchil ravishda yangi turizm markazlari barpo etilmoqda, infratuzilma takomillashtirilmoqda, transport qatnovi imkoniyatlari kengaytirilmoqda, investitsiyalarni jalb etish hamda turizm sohasidagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Natijada O‘zbekiston jahon turizm bozoridagi o‘z mavqeini izchil mustahkamlab, turizm sohasida barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatga 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki besh oyida ularning soni 5,35 million nafardan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,3 foizga ko‘paydi. BMT Turizm tashkiloti hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilning birinchi choragida xalqaro turizm eng yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan dunyoning besh mamlakati qatoridan joy oldi.
Soha jadal rivojlanishi xalqaro hamkorlikning kengayishi bilan hamohang kechmoqda. Shu nuqtai nazardan Gruziya bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Mazkur mamlakat so‘nggi o‘n yilliklarda turizmni iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirib, mintaqadan tashqarida ham mashhur bo‘lgan raqobatbardosh turizm brendini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik mustahkam asosga ega. Ikki davlat hukumatlari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida 1995-yilda imzolangan Memorandum ushbu yo‘nalishdagi asosiy hujjat bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yillar davomida hamkorlik sezilarli darajada kengaydi va bugungi kunda turizm salohiyatini targ‘ib qilish, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.
Ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash omillaridan biri transport qatnovining rivojlanishidir. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida haftasiga qariyb sakkizta aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Bu esa sayyohlik va ishbilarmonlik aloqalarining yanada faollashishiga xizmat qilmoqda.
Xalqaro maydonlardagi hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Gruziya qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda, ikki mamlakat turizm sohasi vakillari xalqaro forumlar, ko‘rgazmalar va biznes tadbirlari doirasida muntazam hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, Gruziya tomoni 2025-yilda bo‘lib o‘tgan 30-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — “Ipak yo‘lidagi turizm” ko‘rgazmasida ishtirok etib, qo‘shma turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda hamkorlikning yangi formatlarini muhokama qildi.
Ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlagan muhim voqealardan biri O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda Gruziya Milliy turizm ma’muriyati o‘rtasida 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat sheriklikni mustahkamlash, tajriba almashish va har ikki mamlakatning turizm imkoniyatlarini birgalikda targ‘ib etishga qaratilgan.
Turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajriba almashinuvi ham alohida qiziqish uyg‘otadi. Gruziya iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida turizm salohiyatidan samarali foydalanishning muvaffaqiyatli namunalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. O‘zbekiston uchun ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va milliy sharoitga moslashtirish turizm sohasining raqobatbardoshligini oshirish, hududlarni rivojlantirish hamda zamonaviy turizm mahsulotlarini yaratish yo‘lidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Turistik almashinuvlar sohasida ham ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Agar 2019-yilda O‘zbekistonga Gruziyaning 2 916 nafar fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga kelib bu ko‘rsatkich 6 792 nafarga yetdi. 2026-yilning dastlabki besh oyida Gruziyadan kelgan sayyohlar soni 3 328 nafarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 2 526 nafar edi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik an’anaviy turistik almashinuv doirasidan ancha kengayib bormoqda. Turizm ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, transport bog‘liqligini rivojlantirish hamda sohani boshqarish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Bularning barchasi iqtisodiy o‘sish, tadbirkorlikni rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
So‘nggi yillar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, turizm davlatlar o‘rtasida nafaqat insonlar va madaniyatlarni, balki iqtisodiy manfaatlarni ham birlashtiruvchi samarali ko‘prik vazifasini bajarishi mumkin. O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanishi turizm sohasidagi sheriklik barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanishi hamda har ikki mamlakat uchun yangi imkoniyatlar ochib berishini tasdiqlamoqda.
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.