Turkiy makonning tranzit salohiyati: Integratsiyalashayotgan iqtisodiyotlar va yangi logistik yechimlar
XXI asrda global iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishi transport va logistika tizimlarining strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda.
XXI asrda global iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishi transport va logistika tizimlarining strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevropa va Osiyoni bog‘lab turuvchi muhim geoiqtisodiy hududda joylashgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga aʼzo mamlakatlar o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.
TDT doirasida zamonaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, tranzit salohiyatini oshirish va yagona logistika makonini shakllantirish bo‘yicha amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu esa nafaqat mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga, balki Yevroosiyo hududida barqaror iqtisodiy o‘sish va o‘zaro bog‘liqlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
TDT mamlakatlarini O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklari qatoriga kiritish mumkin. Jumladan, Qozog‘iston bilan yirik savdo aylanmasi, Ozarbayjon bilan erkin savdo, Turkiya va Vengriya bilan eng ko‘p qulaylik rejimi amal qiladi.
2025-yilda O‘zbekistonning TDTga aʼzo davlatlar bilan yuk tashish hajmi 17,5 mln tonnani tashkil etib, umumiy eksport-import tashuvlarining qariyb 38 foiziga to‘g‘ri keldi.
Tashkilot doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da jadallashtirish va aʼzo davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash maqsadida 2025-yil 7 oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” shiori ostida Turkiy davlatlar tashkilotining XII sammiti bo‘lib o‘tdi.
Sammit yakunlari bo‘yicha tomonlar 121 banddan iborat Gabala deklaratsiyasini qabul qildilar. Ushbu hujjatda siyosiy, iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, deklaratsiyada transport sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Unda Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi transport bog‘liqligini yana-da kuchaytirish, mintaqa davlatlarining tranzit salohiyatini oshirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak)ni rivojlantirish tashkilot doirasidagi strategik ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Mazkur yo‘lakni takomillashtirish orqali Yevroosiyo makonida yuk tashish zanjirlarining samaradorligini oshirish, transport marshrutlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning global logistika tizimidagi ahamiyatini kuchaytirishga alohida urg‘u berildi.
Bundan tashqari, sammit doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining tashqi hamqorlar va uchinchi davlatlar bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirishga qaratilgan “TDT+” formatini joriy etishga kelishib olindi.
Mazkur sammitda davlatimiz rahbari tomonidan O‘rta yo‘lakni «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li va Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lash hamda bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligi taʼkidlandi. Bildiralgan tashabbuslar tashkilotga aʼzo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi hamda mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikda ish olib borishga tayyorlik izhor etildi.
Mutaxassislarning fikricha, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga olib boradigan eng qisqa yo‘lakni shakllantirishi, masofa 900 kilometrga, yuklarni yetkazib berish vaqti esa 7-8 kunga qisqarishi kutilmoqda.
«O‘zbekiston - Afg‘oniston – Pokiston» temir yo‘li qurilishi transmintaqaviy hamkorlikning yana bir muhim loyihasidir. Ushbu loyiha Janubiy Osiyo temir yo‘l tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yo‘l tizimlari bilan bog‘laydi.
So‘nggi yillarda Transkaspiy yo‘lagiga bo‘lgan eʼtibor ortgan sari undagi yuk hajmi tobora oshib bormoqda. 2025-yilda mazkur yo‘nalish bo‘ylab O‘zbekiston yuklarining Boku porti orqali tranziti 1,2 mln tonnadan oshdi va yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 1,5 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston TDTga aʼzo davdatlardan iborat «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston / Qozog‘iston – Kaspiy dengizi – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa» strategik yo‘nalishidan faol foydalanmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga urg‘u berilmoqda. Xususan, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda logistika jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib qolgan ayni damda Turkiy davlatlar birlashmasidan kelib chiqadigan salohiyatni amalga oshirish ilg‘or masalaga aylanmoqda.
Shuningdek, TDT doirasida yetkazib berish zanjirlarida raqamli yechimlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Tashkilotga aʼzo davlatlar o‘rtasida elektron ruxsatnoma almashish tizimi e-Permit yo‘lga qo‘yilgan, Ozarbayjon bilan e-TIR tizimi joriy etilgan. Shu bilan birga, elektron bojxona, avtomatik yuk kuzatuv tizimlari, «raqamli bojxona koridori» kabi yechimlar TDT mamlakatlarida keng joriy etilmoqda.
Yuqoridagi tashabbuslar turkiy davlatlar o‘rtasida yagona transport makonini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Raqamlashtirilgan tizimlar, yangi transport yo‘nalishlari va qo‘shma investitsiyalar tufayli TDT mamlakatlari o‘zaro integratsiyani chuqurlashtirib, Yevroosiyo transport tarmog‘ida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
«Dunyo» AA
O'xshash yangiliklar
Oʻzbekiston Prezidenti “SOCAR” va “British Petroleum” bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni “Oʻzbekiston energetika haftaligi – 2026” forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi bosh direktori Ravshan Najaf hamda “British Petroleum” kompaniyasi rahbariyati Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti bilan munosabatlarning bugungi holati, qiyosiy dinamikasi va rivojlanish istiqbollari
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bilan munosabatlar 2026-yil holatiga kelib sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon: ekologiya sohasida strategik hamkorlikning yangi bosqichi
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Ushbu hamkorlik ikki tomonlama tashabbuslar bilan bir qatorda xalqaro maydonlardagi faol hamkorlikni ham qamrab olmoqda.