Tadbirkorlik sohasidagi islohotlar va faol muloqot: Prezidentning VI Ochiq muloqoti - yangi iqtisodiy yuksalish omili
Oʼzbekiston iqtisodiyotining bugungi va ertangi rivoji bevosita xususiy sektorning erkinligi, ular uchun yaratilayotgan teng va qulay imkoniyatlar hamda mustahkam huquqiy himoya bilan belgilanadi.
Oʼzbekiston iqtisodiyotining bugungi va ertangi rivoji bevosita xususiy sektorning erkinligi, ular uchun yaratilayotgan teng va qulay imkoniyatlar hamda mustahkam huquqiy himoya bilan belgilanadi. Mamlakatimizda mustahkam anʼanaga aylangan Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqoti shunchaki navbatdagi tadbir emas, balki biznes va davlat oʼrtasidagi toʼgʼridan-toʼgʼri, pragmatik va yuqori samarali strategik alьyansning asosiy mexanizmidir. Аynan ushbu bevosita muloqot maydoni mamlakatimizda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilib, milliy biznesni qoʼllab-quvvatlash va unga yangi imkoniyatlar ochishda muhim oʼrin tutmoqda.
Аmaliy natijalar va afzalliklar
Davlat rahbari bilan toʼgʼridan-toʼgʼri yuzma-yuz suhbat mamlakatda ishbilarmonlik muhitini tubdan sogʼlomlashtirishning eng qudratli drayveriga aylandi. Ushbu platforma doirasida qabul qilingan tizimli qarorlar va berilgan yengilliklar qogʼozda qolib ketmay, biznes subʼektlari uchun aniq va real afzalliklarni taqdim etdi. Quyida ana shunday strategik ahamiyatga ega boʼlgan ayrim tashabbuslar misolida natijalar keltiriladi:
Moliya-kredit tizimini transformatsiya qilish
Davlat yirik korxonalarni toʼgʼridan-toʼgʼri moliyalashtirish tartibini maqbullashtirib, bank resurslarini asosan xususiy sektor loyihalarini rivojlantirishga yoʼnaltirishga eʼtibor qaratdi. Biznesni rivojlantirish banki, mikromoliya tashkilotlari va banklari, faktoring, venchur jamgʼarmalari hamda sanoatni qoʼllab-quvvatlash fondlari tashkil etildi. Tadbirkorlarning bank hisob raqamlaridagi mablagʼlarini davlat tomonidan kafolatlash tizimi joriy qilindi.
Yer, mulk va infratuzilma islohoti
Yer uchastkalari va koʼchmas mulk toʼlaqonli iqtisodiy aktivga aylantirildi. Аuktsiondan sotib olingan yerlar uchun soliq muvofiqlashtirildi, toʼlovni boʼlib-boʼlib toʼlash muddatlari uzaytirildi va ularni ustav kapitaliga kiritishga ruxsat berildi. Yagona klassifikator orqali yerdan foydalanish maqsadini oʼzgartirish soddalashtirildi. Energetika limitlari tartibga solindi va konlar hamda yer osti boyliklarini oʼzlashtirishga xususiy kapital jalb qilindi.
Tashqi savdo, logistika va eksport
Iqtisodiyot JSTga aʼzo boʼlish va global zanjirlarga integratsiyalashuvga yoʼnaltirildi. Metallurgiya, kimyo va energetika kabi bazaviy sohalarda monopol va eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Eksport oldi kreditlash, logistika va xalqaro sertifikatlashni subsidiyalash kengaytirildi. Transport ruxsatnomalarini shaffof taqsimlovchi «E-logistika» platformasi ishga tushirildi va eksportda QQSni qaytarish mexanizmi soddalashtirildi.
IT, xizmatlar va innovatsiyalar
IT-sohasi, sunʼiy intellekt va startaplarni rivojlantirish boʼyicha davlat tomonidan teng ulushda moliyalashtirish hamda patentlash xarajatlarini qoplash tizimi yoʼlga qoʼyildi. Umumiy ovqatlanish, turizm va mehmonxona sohalarida toʼlangan QQSning bir qismini «keshbek» sifatida qaytarish va foyda soligʼini kamaytirish joriy etildi. Qurilish va turizmda sertifikatlash hamda konsalting xizmatlari xususiy sektorga oʼtkazildi.
Soliq va nazorat tizimini liberallashtirish
Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirildi: QQSdagi «tax-gap» koeffitsienti bekor qilindi, intizomli biznes uchun ochiq reyting tizimi joriy etildi. Yangi jazo choralarini qoʼllashga moratoriy eʼlon qilindi. Banklar tomonidan garov mulkini asossiz savdoga chiqarish va korxonalar faoliyatini noqonuniy toʼxtatish taqiqlandi.
Huquqiy himoya va mahalliy ishlab chiqarish
Davlat organlarining mulkni sudsiz olib qoʼyish va yer ajratish qarorlarini bekor qilish vakolatlari cheklandi, soliq nizolari boʼyicha daʼvo muddati 3 yilgacha qisqartirildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʼllab-quvvatlash uchun davlat xaridlarida «mahalliy kontent» talabi va uzoq muddatli kafolatlangan buyurtmalar tizimi joriy etildi.
Platformaning real taʼsirini biznes vakillari oʼz faoliyatlari misolida yaqqol his etmoqdalar.
"AslCab" korxonasi rahbari Shavkat Xolboev bu haqda shunday deydi: «Oʼtgan yilgi Ochiq muloqotda bildirilgan takliflar asosida eksportda QQSni avtomatik qaytarish elektron tizimi yoʼlga qoʼyildi. Natijada korxonamiz 10-12 milliard soʼmga yaqin aylanma mablagʼini qisqa fursatda qaytarib oldi va bu pullarni xomashyo xaridi hamda eksport geografiyasini kengaytirishga yoʼnaltirdi».
Xorijiy investor, yirik toʼqimachilik korxonasi egasi Firat Denizning taʼkidlashicha: «Prezident bilan Ochiq muloqot - investorlar manfaatlarini bevosita eshitish va himoya qilish boʼyicha dunyodagi eng samarali maydonlardan biridir. Yiliga 50 million dollardan ortiq mahsulot eksport qiluvchi korxonalar uchun qoʼshimcha imkoniyatlar yaratish boʼyicha bergan taklifim darhol qoʼllab-quvvatlandi va hayotga tatbiq etildi».
VI Ochiq muloqotga tayyorgarlik: Raqamlar va tahlil
Boʼlajak VI Ochiq muloqotga puxta tayyorgarlik koʼrish maqsadida 15 maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Respublika shtabi tashkil etilib, 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat olib bormoqda. Call-markaz va rasmiy botlar orqali 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ijro doirasida 4,2 mingdan ortiq murojaat ijobiy hal etildi, 1,8 mingga yaqin murojaatni koʼrib chiqish jarayoni davom etmoqda. Murojaatlar mazmuniga koʼra: tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish boʼyicha 940 dan ortiq, bank masalalari boʼyicha 910 tadan ziyod, ishlab chiqarish maydonlari bilan taʼminlash boʼyicha 750 tadan ortiq, tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish boʼyicha 680 taga yaqin, infratuzilma bilan taʼminlash boʼyicha 660 tadan ziyod, soliq tizimini takomillashtirish boʼyicha 530 taga yaqin hamda tadbirkorlikni moliyaviy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha 480 tadan ortiq murojaat qayd etildi. Hududlar kesimida eng koʼp murojaat Qashqadaryo viloyati, Toshkent shahri, Samarqand va Fargʼona viloyatlarida kuzatildi.
Bundan tashqari, ochiq muloqotlar doirasida masʼul tashkilotlar tomonidan 750 dan ziyod uchrashuv oʼtkazilib, ularda 8,8 mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etdi hamda 3,5 ming koʼproq taklif va masalalar bildirildi. Shu bilan birga, Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan oʼtkazilgan 130 dan ortiq uchrashuvda 5,7 mingdan ziyod tadbirkor qatnashib, 1,5 mingga yaqin masalani oʼrtaga tashladi. Ekspert guruhlari tomonidan aniqlangan 300 ta tizimli muammo koʼrib chiqilmoqda, ularning asosiy qismi tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish - 70 taga yaqin, soliq tizimini takomillashtirish - 60 ta hamda tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalar sohasiga - 50 tadan ortiq toʼgʼri keladi. Ushbu muammolarni fundamental hal etish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil, Biznes-ombudsman Аbdumannop Buriev sohadagi ustuvor yoʼnalishlarga toʼxtalib, shunday dedi: «Аsosiy eʼtiborimizni muammolar yuzaga kelishining oldini oluvchi, tadbirkorlar huquqini barvaqt himoya qiluvchi ogohlantiruvchi tizimni barpo etishga qaratganmiz. Sohani keng koʼlamda raqamlashtirish va elektron resurslarni yagona tarmoqqa integratsiya qilish orqali xavf-xatarlar oldindan bartaraf etilmoqda. Muloqot oldidan oʼtkazilayotgan jonli suhbatlar biznesni huquqiy va raqamli jihatdan muhofaza qiluvchi zamonaviy vositalarni yaratishga mustahkam zamin boʼlmoqda».
Oʼz navbatida, Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ijobiy dinamikani alohida eʼtirof etdi: «Bugungi kunda xususiy sektor milliy iqtisodiyotimizni olgʼa suruvchi asosiy kuchga aylandi. Muntazam oʼtkazib kelinayotgan ochiq muloqotlar va ularda qabul qilinayotgan tizimli qarorlar tadbirkorlarga oʼz faoliyat koʼlamini kengaytirish, eksport imkoniyatlarini oshirish hamda xalqaro bozorda raqobatdoshlikni mustahkamlash uchun beqiyos imkoniyatdir».
Prezidentning navbatdagi Ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirmoqda. Har bir bildirilgan taklif va murojaat mamlakatimizdagi biznes muhitini yanada sogʼlomlashtirishga xizmat qiladi. Barcha tadbirkor va investorlarni boʼlajak oliy darajadagi muloqot kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishga taklif etamiz. Murojaat va takliflar 24/7 rejimida 1100 va 1094 telefon raqamlari, business.gov.uz hamda my.chamber.uz/ochiq_muloqot/oz veb-platformalari, shuningdek Telegramdagi @biznesombudsmanrasmiy_bot va @ochiqmuloqot2026_bot aloqa kanallari orqali qabul qilinmoqda.
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.