Аnqaradagi uchrashuv va muzokaralar Oʼzbekiston iqtisodiy diplomatiyasida yangi sahifa ochmoqda
Oʼzbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining Iqtisodiy sohada qonunchilik shoʼbasi mudiri, professor Komil Rashidov “Dunyo” ААga Prezident Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga amaliy tashrifi va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi.
Oʼzbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining Iqtisodiy sohada qonunchilik shoʼbasi mudiri, professor Komil Rashidov “Dunyo” ААga Prezident Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga amaliy tashrifi va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi:
– Yangi Oʼzbekiston tashqi siyosatini izchil amalga oshirish, xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar yoʼnalishlarda ikki va koʼp tomonlama muzokaralarni muntazam va samarali olib borish tashqi siyosatning konstitutsiyaviy asoslariga toʼla mos keladi.
“Maqsad–harakat– natija” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan Yangi Oʼzbekiston iqtisodiy diplomatiyasi ikki tomonlama oʼzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yoʼlida yuqori darajadagi koʼp tomonlama diplomatiya maydonlarida ham aniq mazmun bilan boyib bormoqda.
Oʼzbekiston Prezidentining 29–30-oktyabr kunlari Аnqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitida ishtirok etish uchun Turkiyaga amalga oshirgan amaliy tashrifi doirasida oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar boʼlib oʼtdi.
Muloqotlar chogʼida Oʼzbekiston va Turkiya oʼrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Oʼzbekiston va Turkiya yetakchilari Biznesni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha yuqori darajadagi kengashni taʼsis etish toʼgʼrisidagi bitimni imzoladi. Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, ishbilarmon doiralar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularga huquqiy yordam koʼrsatish, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.
Yangi tashkil etilgan Biznesni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha yuqori darajadagi kengash ikki mamlakat oʼrtasidagi har tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni qoʼllab-quvvatlashning yangi formati hisoblanadi. Uning faoliyati tadbirkorlarni keng koʼlamda qoʼllab-quvvatlash, toʼsiqlarni tezkorlik bilan bartaraf etish va oʼzaro savdo-iqtisodiy sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Yangi kengash va amaldagi qoʼshma hukumatlararo komissiya davlat rahbarlari tomonidan qoʼyilgan tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard АQSh dollariga yetkazish vazifasini birgalikda hal etadi. Bunga Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim doirasida mahsulotlar roʼyxatini hamda istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish hisobiga erishiladi.
Hamkorlikning ushbu iqtisodiy tuzilmalari, jumladan, Oʼzbekiston–Turkiya ishbilarmonlar kengashi ikki davlat rahbarlari boshchiligidagi Strategik hamkorlik kengashi faoliyatida muhim vositaga aylanadi.
Davlatimiz rahbarining Аnqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan oʼtkazgan uchrashuvlari biznes vakillarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga boʼlgan ishonchidan dalolat berdi. Mazkur uchrashuvlarda investitsiyaviy hamkorlikning quyidagi istiqbolli yoʼnalishlari koʼrib chiqildi:
“Anadolu Group” xoldingi bilan Samarqanddagi “SamAvto” korxonasini modernizatsiya qilish, uning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahsulot eksporti hajmini oshirish boʼyicha qoʼshimcha investitsiya loyihalari muhokama qilindi;
“Evyap Holding” kompaniyasi shaxsiy gigiena vositalari va kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishda oʼzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga, “OSTIM Global” esa Oʼzbekiston–Turkiya sanoat zonasida ishga tushirilayotgan yangi loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdi;
“EKSIM Holding” kompaniyasi bilan birgalikda qayta tiklanuvchi energetika, geologiya va togʼ-kon sanoati, infratuzilma, elektromobillar uchun quvvatlash stantsiyalari tarmogʼini yaratish hamda oziq-ovqat sanoati sohalarida loyihalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi;
“OYAK” kompaniyasi Yangi Oʼzbekistonda kimyo sanoati, geologiya va qurilish sohalarida qoʼshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdorligi, Yangi Toshkentda turar-joy majmualari va tashqi infratuzilma obʼektlarini barpo etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Ikki davlat oʼrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik, Konstitutsiya, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy faoliyat toʼgʼrisidagi qonunchilik hamda Turkiya bilan investitsiyalarni oʼzaro ragʼbatlantirish va himoya qilish toʼgʼrisidagi bitim qoidalari Аnqarada Turkiyaning yetakchi ishbilarmon doiralari bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun huquqiy asos boʼlib xizmat qiladi.
Ushbu uchrashuvlarda davlatimiz rahbari mamlakatimizning Turkiya bilan izchil rivojlanib borayotgan strategik sheriklik munosabatlarida ishbilarmon doiralarning oʼrni va hissasi salmoqli ekanini alohida taʼkidladi.
Iqtisodiy diplomatiya sohasida yangi yoʼnalishlar boʼyicha amaliy hamkorlikni koʼp tomonlama format doirasida ham davom ettirish taklif etildi.
Xususan, Oʼzbekiston rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitidagi nutqida noyob minerallarni qayta ishlash va “yashil” energetika uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi yuzta strategik qoʼshma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oluvchi “Turkiy dunyo – 100” dasturini qabul qilish taklifini ilgari surdi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun Oʼzbekiston va xalqaro moliya institutlari mablagʼlari jamlangan Turkiy investitsiya jamgʼarmasi resurslarini jalb etish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʼzbekiston tomonining boshqa muhim tashabbuslari quyidagi takliflardan iborat boʼldi:
– tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʼlgan “Tijorat ishlari boʼyicha oʼzaro huquqiy yordam koʼrsatish toʼgʼrisida”gi koʼp tomonlama shartnomani ishlab chiqish, huquqiy yordam soʼrovlari hamda tegishli hujjatlar bilan elektron almashish uchun moʼljallangan raqamli platformani yaratish;
– tashkilotga aʼzo davlatlarning xalqaro yuk tashish va logistikadagi ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy manfaatdorlikni oshirishga xizmat qiluvchi “Turkiy davlatlar logistika majmualari tarmogʼi”ni tashkil etish hamda uni birgalikda boshqarishni taʼminlash;
– turizm salohiyatini kengaytirish maqsadida “Turkiy turizm alьyansi”ni tashkil etish, fuqarolarning oʼzaro safarlarini soddalashtirish va ID-kartalar orqali harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi koʼp tomonlama bitimni ishlab chiqish haqida soʼz bordi.
Turkiyaga amaliy tashrif doirasida boʼlib oʼtgan oliy darajadagi muzokaralarning tarixiy ahamiyati, imzolangan ikki va koʼp tomonlama hujjatlar hamda ishbilarmonlik uchrashuvlari mamlakatimiz iqtisodiy diplomatiyasida yangi sahifa ochdi.
Bu Oʼzbekiston–Turkiya oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni aniq yutuqlar bilan boyitish, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʼrtasidagi koʼp qirrali hamkorlikni turkiy birdamlik yoʼlida yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
“Dunyo” АА,
Toshkent sh.
O'xshash yangiliklar
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashdi
4-noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aksilterror boshqarmasi rahbari Aleksandr Zuyev bilan uchrashdi.
UNESCO Ijroiya kengashi Oʼzbekiston tomonidan madaniy merosni avaylab asrash boʼyicha ilgari surilgan tashabbusni qoʼllab-quvvatladi
Parijda boʼlib oʼtgan UNESCO Ijroiya kengashining 225-sessiyasi konsensus asosida Oʼzbekiston tomonidan ilgari surilgan «Globalizatsiya va iqlim oʼzgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish» nomli qaror loyihasini maʼqulladi.
Oʼzbekiston tashabbuslari turkiy davlatlar hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Oʼzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori oʼrinbosari Baxtiyor Mustafoev “Dunyo” ААga bergan intervьyusida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2026-yil 30-oktyabr kuni Аnqara shahrida boʼlib oʼtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.