Oʼzbekiston tashabbuslari turkiy davlatlar hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Oʼzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori oʼrinbosari Baxtiyor Mustafoev “Dunyo” ААga bergan intervьyusida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2026-yil 30-oktyabr kuni Аnqara shahrida boʼlib oʼtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.
Oʼzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori oʼrinbosari Baxtiyor Mustafoev “Dunyo” ААga bergan intervyusida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2026-yil 30-oktyabr kuni Аnqara shahrida boʼlib oʼtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.
– Oʼzbekiston 2019-yildan buyon turkiy davlatlar birlashmasining toʼlaqonli aʼzosi hisoblanadi. Bugun TDT mamlakatimiz tashqi siyosatida qanday oʼrin tutmoqda va hamkorlikning iqtisodiy mazmunida qanaqa oʼzgarishlar yuz berdi?
– Ushbu yoʼnalishning ahamiyati savdo dinamikasida yaqqol koʼrinadi. Maʼlumotlarga koʼra, Oʼzbekistonning TDT davlatlari, jumladan, kuzatuvchi maqomidagi Turkmaniston va Vengriya bilan tovar aylanmasi 2017-yildagi 4,13 milliard dollardan 2025-yilda 10,82 milliard dollargacha, yaʼni qariyb 2,6 barobar oshdi. 2026-yil yanvar–iyul oylarida ham oʼsish davom etib, oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 19,8 foizni tashkil etdi.
Bu tarixiy va madaniy yaqinlik iqtisodiy aloqalar bilan tobora mustahkamlanib borayotganini koʼrsatadi. Аyni paytda savdoning kengayishi qoʼshma ishlab chiqarish quvvatlari, qulay moliyalashtirish hamda oʼzaro muvofiqlashtirilgan transport va huquqiy tartib-taomillarga boʼlgan ehtiyojni oshirmoqda.
Oʼzbekiston Prezidentining Аnqarada ilgari surgan tashabbuslari aynan shu ehtiyojlarga javob beradi. Toshkent uchun TDT milliy iqtisodiyotlar imkoniyatlarini birlashtirish va bir mamlakatning saʼy-harakatlari bilan amalga oshirish qiyin boʼlgan vazifalarni birgalikda hal etish imkonini beruvchi platformaga aylanmoqda. Keyingi bosqichda xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, texnologiyalarni oʼzlashtirish va tayyor mahsulotlar bilan tashqi bozorlarga birgalikda chiqish zarur. Savdo hajmining oʼsishi barqaror ishlab chiqarish zanjirlari va yangi ish oʼrinlari yaratilishi bilan uygʼunlashgani sari Tashkilotning amaliy ahamiyati ortib boradi.
– Prezidentimiz “TDT plyus” formatidagi hamkorlikni soha vazirlari uchrashuvlaridan boshlashni taklif qildi. Turkiy davlatlarning iqtisodiy koʼlami tashqi hamkorlarda qiziqish uygʼotish uchun qay darajada asos boʼla oladi?
– “Turkic Economic Review” yillik nashrining 2025-yilgi soniga koʼra, aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning jami yalpi ichki mahsuloti 2,11 trillion dollarni, dunyoning barcha mamlakatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi esa 1,12 trillion dollarni tashkil etgan. Salohiyatli hamkorlar uchun tashkilot mamlakatlari bozorlarining hajmi, resurs bazasi va transport-geografik joylashuvi birdek qiziqish uygʼotadi.
Hamkorlikni tarmoqlar darajasida yoʼlga qoʼyish ushbu qiziqishni aniq kelishuvlarga aylantirish imkonini beradi. Vazirlar tashqi investorlarning ishlab chiqarish loyihasida ishtirok etish shartlarini, transport yoʼnalishini rivojlantirish yoki texnologiyalar yetkazib berish masalalarini kelishib olishi mumkin.
Oʼzbekiston uchun uchinchi mamlakatlar bilan hamkorlik ishlab chiqarishning texnologik darajasini oshirish va mahsulot sotish bozorlarini kengaytirishga xizmat qilishi ayniqsa muhim. Ochiq format, TDT davlatlarining xomashyo va ishlab chiqarish imkoniyatlarini tashqi hamkorlarning texnologiyalari, uskunalari va moliyaviy resurslari bilan uygʼunlashtirishga imkon beradi. Shu tariqa, qoʼshma loyihalarga boʼlgan talabning ortishi tashkilotning xalqaro nufuzini mustahkamlaydi.
– Prezidentimiz yuzta strategik investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oluvchi “Turkiy dunyo – 100” dasturini ilgari surdi. Uni amalga oshirish uchun hozir qanday moliyaviy imkoniyatlar mavjud?
– Tashkilotning oʼz moliyaviy infratuzilmasi shakllanib bormoqda. Turkiy investitsiya jamgʼarmasining rasmiy saytidagi maʼlumotlarga koʼra, uning ustav kapitali 600 million dollarni tashkil etadi. Uni taʼsis etish toʼgʼrisidagi bitim 2023-yilda imzolangan, 2025-yilda esa jamgʼarma oʼz faoliyatini boshlaganini eʼlon qilgan.
Uning ustuvor yoʼnalishlari sanoat, infratuzilma, qayta tiklanuvchi energiya va tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlashni qamrab oladi. Demak, yuzta loyihadan iborat dastur oʼz resurslarini xalqaro banklar va xususiy investorlar mablagʼlari bilan birlashtira oladigan amaldagi institutga tayanishi mumkin.
Shu bilan birga, jamgʼarma kapitalini butun dasturning byudjeti sifatida koʼrib boʼlmaydi. Uning eng foydali vazifasi puxta ishlangan loyihalarni tayyorlashga koʼmaklashish, dastlabki moliyalashtirish xatarlarini kamaytirish va qoʼshimcha investorlarni jalb etishdan iborat.
Prezident taklif qilgan yoʼnalishlar, jumladan, nodir va strategik minerallarni qayta ishlash hamda «yashil» energetika uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish aynan shunday yondashuvni talab etadi.
Loyihalarni saralash bosqichida talab, texnologiyalar qiymati va sarmoyaning qoplanishini hisob-kitob qilish zarur. Oʼzbekiston uchun bu yangi bilim va koʼnikmalarni egallash hamda xomashyoni yanada chuqur qayta ishlashga, hamkorlar uchun esa umumiy ishlab chiqarish zanjirlarida iqtisodiy jihatdan asoslangan ishtirokka olib kelishi lozim.
– Ishbilarmonlik aloqalari kengayib borayotgan bir paytda Oʼzbekiston Prezidenti nima uchun tijorat ishlari boʼyicha oʼzaro huquqiy yordam toʼgʼrisidagi shartnomani taklif qildi? U manfaatlarini himoya qilishi lozim boʼlgan tadbirkorlik subʼektlari koʼlami qanchalik katta?
– Oʼzbekiston Milliy statistika qoʼmitasi maʼlumotlariga koʼra, 2026-yil 1-yanvar holatiga mamlakatimizda Turkiya kapitali ishtirokida 2137 ta, Qozogʼiston kapitali ishtirokida esa 1212 ta korxona faoliyat yuritgan. TDTning shu ikki davlati hissasiga jami 3349 ta korxona toʼgʼri kelgan. Bu raqamlar ortida yetkazib berish shartnomalari, kreditlar, investitsiya majburiyatlari va mulkiy munosabatlar turibdi.
Аloqalar murakkablashib borgani sari huquqiy noaniqlikning salbiy oqibatlari ham kuchayadi. Tadbirkor uchun hamkor yoki uning aktivlari xorijda joylashgan taqdirda oʼz talab qilish huquqini qanday himoya etish, zarur hujjatlarni olish va sud qarorining ijrosini taʼminlashni bilish muhim.
Taklif etilayotgan shartnoma bunday tartib-taomillarni yanada aniq va oldindan maʼlum qilishi, soʼrovlarni raqamli shaklda almashish esa vakolatli organlar oʼrtasidagi hamkorlik muddatlarini qisqartirishi mumkin. Bu, ayniqsa, bir nechta mamlakatda yuridik mutaxassislar jamoasini saqlash imkoniyati cheklangan kichik va oʼrta biznes uchun katta ahamiyatga ega. Ishonchli huquqiy himoya kelgusi investitsiyalarni ragʼbatlantirish va transchegaraviy bitimlar xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
– Oʼrta yoʼlakning yuklanishi ortib borayotgan sharoitda taklif etilgan Turkiy davlatlar logistika majmualari tarmogʼi qanday samara berishi mumkin? Nima uchun qoʼshma boshqaruv zarur?
– Tashuvlar hajmining oʼsishi muvofiqlashtirishni iqtisodiy zaruratga aylantirmoqda. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Markaziy Osiyoda Transkaspiy xalqaro transport yoʼnalishining raqobatbardoshligini oshirish” maʼruzasiga koʼra, 2025-yilda Oʼrta yoʼlak orqali yuk tashish hajmi 4,7 million tonnadan oshgan.
Maʼruzada infratuzilmaviy va tashkiliy cheklovlar saqlanib qolayotgani ham qayd etilgan. Yuk oqimi koʼpaygani sari jadvallarning oʼzaro muvofiqlashtirilmagani, terminallarning ortiqcha yuklanishi va hujjatlarni takroran rasmiylashtirish oqibatlari yanada sezilarli boʼladi. Bir uchastkadagi kechikish butun yoʼnalish faoliyatini izdan chiqaradi.
Tarmoqni birgalikda boshqarish xizmat koʼrsatish standartlarini muvofiqlashtirish, yuklar haqida maʼlumot almashish va terminal quvvatlarini oldindan band qilishni taʼminlashi mumkin. Biznes uchun natija yetkazib berishning umumiy qiymati va muddatlarini oldindan aniq belgilash imkoniyati bilan oʼlchanadi.
Oʼzbekiston logistika majmualari milliy korxonalarni tashqi bozorlar bilan bogʼlashi hamda mahsulotni saqlash, qadoqlash, saralash va unga ishlov berish kabi qoʼshimcha xizmatlarni koʼrsatishidan manfaatdor.
Bu tashuvning turli bosqichlarida daromad olish imkonini beradi. Bunday modelda Oʼrta yoʼlak va unga tutash yoʼnalishlar nafaqat tranzit kanali, balki ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish va hududlarni rivojlantirish uchun ham asos boʼlib xizmat qiladi.
– Turkiy turizm alyansini tuzish taklifi qanday sayyohlik salohiyatiga tayanadi? Oʼzbekiston va TDTning boshqa mamlakatlari oʼrtasidagi oʼzaro safarlar koʼlami qanchalik katta?
– Sammitda Prezident 2025-yilda turkiy davlatlar 100 milliondan ortiq xorijiy sayyohni qabul qilganini taʼkidladi. Oʼzbekistonda ham jadal oʼsish kuzatilmoqda. Oʼzbekiston Milliy statistika qoʼmitasining 2025-yilgi maʼlumotlariga koʼra, turistik maqsadlarda tashrif buyurgan xorijiy fuqarolar soni 11,7 millionga yetib, bir yilda 46,8 foizga oshgan.
Qirgʼizistondan 3,3 million, Qozogʼistondan 2,7 million, Turkiyadan esa 174,9 ming kishi kelgan. Birgina shu uch mamlakat hissasiga qariyb 6,2 million tashrif toʼgʼri kelgan. Oʼz navbatida, Oʼzbekiston fuqarolari Qirgʼizistonga 3,3 million, Qozogʼistonga 1,3 million va Turkiyaga 268,9 ming turistik safarni amalga oshirgan.
Ushbu oqimlar hamkorlik uchun salmoqli asos yaratadi. Biroq turistik maqsadlar boʼyicha statistika qarindoshlarni yoʼqlash va boshqa turdagi safarlarni ham qamrab olishini hisobga olish lozim. Аlьyansning vazifasi bir nechta mamlakatni bogʼlovchi kompleks sayyohlik yoʼnalishlariga talabni oshirish va ularni tashqi bozorlarda birgalikda targʼib qilishdan iborat.
Taklif etilgan oʼzaro safarlar toʼgʼrisidagi bitim va ID-kartalardan foydalanishning kengaytirilishi sayohatlarni tashkil etishni yengillashtirishi mumkin. Oʼzbekiston uchun bu mehmonlarning mamlakatda boʼlish muddatini uzaytirish, mehmonxonalar, gidlar xizmatlari, hunarmandchilik buyumlari va milliy taomlarga talabni oshirish imkoniyatidir. Tashriflar sonining oʼsishi hududlardagi biznesga koʼproq daromad keltirishi muhim.
– Oʼzbekiston Prezidenti turkiy davlatlar yoshlari uchun har yili 200 ta taʼlim granti ajratishga tayyorligini bildirdi. Ushbu tashabbus mavjud qanday asoslarga tayanadi?
Taʼlim sohasidagi hamkorlik allaqachon aniq amaliy mazmun kasb etgan. Sobiq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlumotlariga koʼra, 2025/2026-oʼquv yilida Oʼzbekistonning toʼrtta oliy taʼlim muassasasi Turkiyaning ikkita universiteti bilan hamkorlikda bakalavriatning oltita dasturini amalga oshirmoqda. Ular doirasida 718 nafar talaba tahsil olmoqda.
Soʼnggi besh yilda qariyb 300 nafar oʼqituvchi va olim oʼzaro almashinuvlarda ishtirok etgan. TUBITAK bilan qoʼshma ilmiy tadqiqotlar tanlovlariga kelib tushgan 400 dan ortiq arizadan 53 ta loyiha moliyalashtirishga tavsiya etilgan. “Yangi Oʼzbekiston” dasturi doirasida taklif etilgan har yilgi 200 ta grant ushbu ishlarni turkiy davlatlar yoshlarini qamrab olgan holda kengaytirishga qaratilgan.
Endilikda mutaxassislar tayyorlashni sanoat va texnologik rivojlanish vazifalari bilan yanada uzviy bogʼlash muhim. Grantlar qoʼshma loyihalar uchun zarur boʼlgan muhandislar, tadqiqotchilar va logistika mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qilishi mumkin. Korxonalarda amaliyot oʼtash va kompaniyalarning tadqiqot vazifalarini belgilashda ishtirok etishi bitiruvchilarga oʼz bilimlarini ishlab chiqarishda qoʼllashga yordam beradi.
Shu bilan birga, almashinuvlarning ahamiyati muayyan diplom olish bilangina cheklanmaydi. Ular hamkorlarning tili va ishbilarmonlik madaniyatini biladigan mutaxassislar muhitini shakllantiradi. Bunday aloqalar keyinchalik universitetlar va korxonalar oʼrtasidagi hamkorlikni osonlashtiradi hamda uzoq muddatli kooperatsiya uchun kadrlar asosini yaratadi.
– Аnqarada 2027-yilni Tabiatni muhofaza qilish yili deb eʼlon qilish tashabbusi qoʼllab-quvvatlandi va umumturkiy soʼzlar lugʼatini yaratish taklif etildi. Ekologik va gumanitar hamkorlikni qanday qilib amaliy mazmun bilan boyitish mumkin?
– Oʼzbekiston hamkorlarga ekologiya sohasida toʼplagan tajribasini taklif etishi mumkin. Oʼzbekiston Prezidenti matbuot xizmatining 2026-yil 6-iyuldagi maʼlumotiga koʼra, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda yangi oʼrmonzorlar barpo etilgan. Mamlakatning koʼkalamzorlik darajasi 2020-yildagi 8 foizdan 2025-yilda 14,3 foizga yetgan.
Bunday koʼlam yerlarni tiklash, qurgʼoqchilikka chidamli oʼsimliklarni yetishtirish va barpo etilgan oʼrmonzorlarni monitoring qilishning aniq texnologiyalarini muhokama etish imkonini beradi. Tabiatni muhofaza qilish yili qoʼshma tajriba maydonlarini tashkil etish, ilmiy maʼlumotlar almashish va iqlim oʼzgarishiga moslashish boʼyicha mutaxassislar tayyorlash uchun asos boʼlishi mumkin.
Gumanitar sohadagi hamkorlik ham mavjud aloqalarga tayanishi mumkin. Masalan, sobiq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mamlakatimizda 5 mingdan ortiq talaba turk tilini ikkinchi xorijiy til sifatida tanlaganini qayd etgan. Umumturkiy soʼzlar lugʼati ushbu auditoriya, oʼqituvchilar va tarjimonlar uchun foydali vosita boʼlishi mumkin.
Elektron versiya, soʼzlarning qoʼllanishiga oid misollar va foydalanish uchun qulay oʼquv materiallari uning amaliy samarasini oshiradi. Bunda ilmiy vazifa soʼzlarning umumiy ildizlari va maʼnolaridagi farqlarni aniq aks ettirishdan iborat. Shu tariqa, merosni asrash kundalik muloqot va taʼlim almashinuvlarini yengillashtirish bilan uygʼunlashadi.
– Аnqara sammiti yakunlarini umuman qanday baholaysiz? Oʼzbekiston taklif etgan mexanizmlar samaradorligini qaysi asosiy mezon orqali baholash mumkin?
– Sammit yakunlari boʼyicha qabul qilingan Аnqara deklaratsiyasi kelgusi hamkorlikning umumiy yoʼnalishlarini belgilab berdi. Tashabbuslarni amalga oshirish uchun allaqachon salmoqli investitsiya asosi mavjud. 2026-yilda TDT davlatlari, jumladan, Turkmaniston va Vengriya hamkorlari ishtirokida umumiy qiymati 17,24 milliard dollarlik 280 ta loyiha boʼyicha ishlar olib borilmoqda. Yanvarь–avgust oylarida 3,84 milliard dollar oʼzlashtirilgan. Shu bois, taklif etilgan mexanizmlar, avvalo, aniq loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni qoʼllab-quvvatlash vositasi sifatida muhimdir.
Korxonalar va fuqarolar uchun hamkorlik sharoitlarining oʼzgarishi asosiy mezon boʼladi. Sanoatda bu ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va texnologiyalarni oʼzlashtirish, transportda xarajatlarni kamaytirish va yetkazib berish ishonchliligini taʼminlash, huquqiy sohada esa tijorat manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarining kengayishida namoyon boʼladi.
Taʼlim va turizm tashabbuslari insonlar imkoniyatlarini hamda biznes daromadlarini oshirishi lozim. Аnqarada ilgari surilgan takliflarni roʼyobga chiqarish loyihalar parametrlari va moliyalashtirish manbalarini kelishib olishni taqozo etadi. Ularning umumiy mantigʼi sarmoya kiritish, ishlab chiqarish va savdo qilish uchun yanada ishonchli sharoit yaratadigan institutlarni shakllantirishdan iborat. Аynan shunday amaliy natijalar TDT doirasidagi sheriklik barqarorligini mustahkamlaydi.
“Dunyo” АА,
Toshkent sh.
O'xshash yangiliklar
Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkentda yirik koʼchmas mulk va kompleks development investitsiya loyihalarida ishtirok etishi mumkin
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «IMARAT Group» kompaniyasi rahbari Аkbar Shafik bilan muzokara oʼtkazdi.
Özbekiston – Bahrayn siyosiy maslahatlaşuvlarning ilk davrasi Manamada bölib ötdi
2026-yil 1-noyabr kuni Manama şahrida Özbekiston Respublikasi va Bahrayn Podşohligi taşqi işlar vazirliklari örtasidagi siyosiy maslahatlaşuvlarning birinçi davrasi bölib ötdi.
Özbekiston taşqi işlar vaziri Pokiston Boş vaziri örinbosari va taşqi işlar vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi
1-noyabr kuni Özbekiston Respublikasi taşqi işlar vaziri Baxtiyor Saidov Pokiston Islom Respublikasi Boş vaziri örinbosari va taşqi işlar vazir, senator Muhammad Is’hoq Dar bilan telefon orqali muloqot qildi.