Iqtisodiyotda oʻsish surʼatlarini saqlash va davom ettirish choralari koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ta’minlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ta’minlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi.
Joriy yilning birinchi ikki oyida sanoat 7,7 foizga, xizmatlar 15,4 foizga o‘sdi, 3,5 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi va 8,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.
Yil boshidan 9 ta viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga respublika byudjetidan qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m va 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” maqomi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy byudjetlarga 3,9 trillion so‘m ajratildi. Og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga jami 3,9 trillion so‘m hamda mahalliy byudjetlardan 1,3 trillion so‘m, 283 ta “drayver” loyihalarga birinchi bosqichda 1 trillion so‘m ajratildi.
Yil yakuniga qadar gavjum ko‘chalar, sohilbo‘yi va yo‘lbo‘yi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jami 1,2 trillion so‘m, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 450 milliard so‘m, 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazlarini tashkil qilish uchun 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin oʻzgarib, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yoʻlaklari va import narxlariga qoʻshimcha bosim yuzaga keltirayotgani taʼkidlandi. Bunday sharoitda har bir tarmoq va hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv ishlashi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Inflyatsiyani joriy yilda 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga taʼsir koʻrsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlarida ham oʻsish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil yoʻlaklardan foydalanish boʻyicha tezkor choralar koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan bogʻliq muammolarini hozirdan hal etish muhimligi taʼkidlandi.
Eksportchilar tomonidan koʻtarilayotgan asosiy masalalardan biri transport-logistika ekani, jahonda roʻy berayotgan voqealar taʼsirida eksport yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uygʻotayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan qoʻshni davlatlar bilan transport va savdo masalalari boʻyicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish choralarini koʻrish topshirildi.
Xorijiy investitsiyalar masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi. Tahlikali xalqaro vaziyat ayrim loyihalar ijrosiga taʼsir koʻrsatishi mumkinligi bildirildi. Shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan har bir loyihani muntazam tahlil qilib borish va investorlar bilan kunlik muloqot oʻrnatish vazifasi belgilandi.
Bank-moliya sohasida biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasi ham koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari joriy raqamlar ijobiy boʻlishiga qaramasdan, hech bir rahbar xotirjamlikka berilishi mumkin emasligini taʼkidladi. Hozirgi murakkab vaziyatda xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilish, ularni yumshatish boʻyicha aniq rejalar bilan ishlash, tarmoqlar va hududlarda muammolarni kutib oʻtirmasdan, ularga tezkor yechim topish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Masʼullarga inflyatsiyani jilovlash, sanoat va eksport koʻrsatkichlarini taʼminlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.