Kasbiy taʼlimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish choralari koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy kasb va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash, aholini mehnat bozori talablariga mos kasblarga oʻqitish bandlikni taʼminlash va daromadlarni oshirishning muhim omili hisoblanadi.
Shu bois, keyingi yillarda kasbiy taʼlim tizimini isloh qilish, oʻquv dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taqdimotda kasbiy taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda xususiy sektorning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha yangi choralar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, kelgusi uch yilda xususiy sektor ulushini oshirish orqali xalqaro standartlar asosida ochilgan oʻquv va baholash markazlarining sonini hozirgi 50 tadan 200 taga yetkazish, xususiy kasbiy taʼlim bilan har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingan. Ayni paytda bu koʻrsatkich 45 ming nafarni tashkil etmoqda.
Buning uchun 300 dan ortiq oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtiriladi. Kamida 1 ming nafar oʻqituvchi va taʼlim ustalarining malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamgʻarmasidan 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Taqdimotda tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida bildirilgan taklif va muammolar ham koʻrib chiqildi. Muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan xususiy kasbiy taʼlim markazlari uchun bojxona boji va ijtimoiy soliq boʻyicha imtiyozlar, imtiyozli kreditlar, ayrim xarajatlarni kompensatsiya qilish, yangi qurilgan binolar uchun tashqi infratuzilmani budjet hisobidan barpo etish, yer uchastkalari qiymatini foizsiz boʻlib toʻlash, boʻsh bino va maydonlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalalari koʻtarilgan.
Shu munosabat bilan xususiy kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijiy oʻqituvchilar, mutaxassis va ustalar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash taklif qilindi.
Shuningdek, 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bino qurilishi va taʼmiri, zarur uskunalarni xarid qilish uchun olingan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining 7 foizi qoplab beriladi.
Xorijiy mutaxassislar va malakali oʻqituvchilarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Kasbiy malakani baholash uskunalari va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi, xorijda tan olinadigan va milliy kasbiy malaka sertifikatlari xarajatlarining 50 foizi miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.
Shu bilan birga, bunday imtiyoz va qoʻllab-quvvatlash choralaridan foydalangan tadbirkorlar qurilgan yoki ijaraga olingan binolarning kamida 60 foizida kasbiy tayyorgarlikni tashkil etishi va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishi shart boʻladi.
Tadbirkorlarga sotilgan yer uchun toʻlovni 5 yilgacha foizsiz boʻlib toʻlash, boʻsh turgan davlat obyektlarini kamida 5 yilga ijaraga olish, texnikumlardagi boʻsh binolardan bepul foydalanish imkoniyati beriladi.
Xususiy kasbiy taʼlim tashkilotlarini rivojlantirish uchun yil yakunigacha ularni jihozlash dasturiga 100 million dollar jalb qilinadi. Bitiruvchilar loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 5 million dollarlik “Venchur jamgʻarmasi” tashkil etiladi. Shu yildan boshlab har yili “kasb vaucheri” dasturi uchun 20 milliard soʻm ajratib boriladi.
Taqdimotda xususiy kasbiy taʼlim tashkilotlari uyushmasini tashkil etish, uning faoliyatini moliyalashtirish hamda “Koʻnikmalar parki” ekotizimini yaratish rejalari ham koʻrib chiqildi. Soha muammolarini davlat idoralari bilan birgalikda tezkor hal qilish uchun doimiy ishlaydigan raqamli muloqot platformasini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz taqdim etilgan choralarni maʼqullab, xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish, oʻquv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, aholini talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish va tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga oʼtkazdi
Turkiy davlatlar tashkilotining Аnqarada oʼtkazilishi rejalashtirilgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.
Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar
Suv — millat va davlat chegaralarini tan olmaydigan, xalqlarni oʼzaro bogʼlaydigan ulugʼ neʼmat. Iqlim oʼzgarishi, aholi va iqtisodiyotning oʼsishi, qurgʼoqchilik davrlarining uzayishi, muzliklarning qisqarishi, suv manbalarining ifloslanishi va suvga boʼlgan talabning ortishi mamlakatlardan bu hayotiy resursga munosabatni tubdan qayta koʼrib chiqishni talab etmoqda.
Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.