Sohibqiron Amir Temurning G‘arb madaniyatiga taʼsiri
XV asrning ibtidosi avvalo Yevropa uchun, qolaversa, butun dunyo uchun teran saboqlarni tuhfa etdi. Bu Turon davlatchiligi tarixi anʼanlari ruhida tarbiyalangan, islom dini hayotbaxsh g‘oyalaridan bahramand bo‘lgan, kechirgan hayotini dohiyona aql tarozisida tahlil qilib, ijtimoiy tafakkurni yangi bosqichga ko‘targan Sohibqiron Amir Temur faoliyati samaralari edi.
XV asrning ibtidosi avvalo Yevropa uchun, qolaversa, butun dunyo uchun teran saboqlarni tuhfa etdi. Bu Turon davlatchiligi tarixi anʼanlari ruhida tarbiyalangan, islom dini hayotbaxsh g‘oyalaridan bahramand bo‘lgan, kechirgan hayotini dohiyona aql tarozisida tahlil qilib, ijtimoiy tafakkurni yangi bosqichga ko‘targan Sohibqiron Amir Temur faoliyati samaralari edi.
Amir Temurning yorqin shaxsiyati bilan dunyoda O‘rta asrlar deb ataluvchi, insoniyat svilizatsiyasiga ko‘plab yangiliklar olib kirgan evolyutsion davr nihoyasiga yetdi va sanoat hamda tafakkur inqiloblariga asoslangan yangi davr boshlandi. Amir Temurning saboqlari ko‘hna qitʼa – Yevropa taraqqiyotiga ham ijobiy taʼsirini ko‘rsatdi. Bu holni aniq parametrlarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Avvalo, Amir Temurning yorqin shaxsiyati Yevropa uchun hukmdor – qirol – imperator singari tushunchalarni yangiladi. Davlatni boshqarishda absolyut monarxiya va boshqa tartiblar amal qilgan sharoitda hukmdorlik vorisiylik asosida avloddan-avlodga o‘tib kelavergan. Davlat chambaragi kimning qo‘liga tushishi taqdirga bog‘liq bo‘lib qolavergan (aqli zaif yoki nogiron shaxslar taxtga chiqib qolgani Yevropa tarixida uchraydi). Yoxud hokimiyat ichki tuzilmalarida yaxlitlik taʼminlanmagan bo‘lib, maʼmuriyat o‘z yo‘lida, harbiy soha vaziyat taqozasiga ko‘ra, iqtisodiyot tabiiy salohiyatlar asosida rivojlangan davrlar bo‘lgan. Garchi shunday sharoitda yagona kuchli qo‘lga zarurat bo‘lsa ham unga erishishning qonuniy va ijtimoiy asoslari mavjud bo‘lmagan.
Bu xildagi tarqoqlik, qolaversa, boshboqdoqliklar turli mojarolarga olib kelgan. Bunday qaraganda, “saroy o‘yinlari”, “saroy fitnalari” odatdagi hol bo‘lib, katta boshog‘riqni yuzaga keltirgan. Amir Temur faoliyati bilan esa hamma vazifalarni bir kishi eplashi mumkinligi (va davlat rahbari bir vaqtning o‘zida harbiy qo‘mondon, iqtisodiy va maʼnaviy sohalar islohotchisi, ilm-fan homiysi, hatto ijodkor bo‘lishi) amalda isbotlandi. Bu bilan davlat boshlig‘i, rahnomasi tushunchasi keng mazmun va mohiyat kashf etdi.
Sohibqiron o‘z faoliyati bilan Yevroosiyo hamkorligini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Garchi Osiyodan chiqqan fotihlar Atilla, Bolombir, Chingizxon, Botu va boshqalar zamon evrilishlarida Yevropaning ancha-buncha qismini zabt etgan, uning tarixiga maʼlum iz qodirishga erishgan, o‘z siyosatlarini o‘tkazishga ulgurgan bo‘lsalar-da, ular tabiatidagi dasht odamlari – ko‘chmanchilarga xos shafqatsizlik, murosasizlik, keskinlik qoldirgan izlar bu hududlar hayotida vayronalar, qattolliklar bilan eslanadigan bo‘ldi.
Amir Temurning murosaga asoslangan siyosati, qarshilik qilmay, o‘z ixtiyori bilan qalamraviga o‘tgan el-elatlarga emnu omonlik bergani, shuningdek, bunyodkorlik faoliyati (qadami yetgan joylarda qanchalab tashlandiq holiga kelib qolgan qabrlarni obod qilgani, binolar bunyod etgani, ariqlar qazdirib, ziroatchilikni yo‘lga qo‘ygani haqida yetarlicha maʼlumotlar bor) guvoh odamlarda Sharq hukmdoriga munosabatni tubdan o‘zgartirdi, asta-sekin “varvarlar”, “yovvoyilar” singari steriotiplar sina boshladi. Umuman, Sharqqa, Osiyoga, qolaversa, islom diniga qarashlar yaxshi tomonga o‘zgardi, qiziqish ortdi.
Yevropada cherkovning taʼsiri kuchli bo‘lgan va u ko‘pincha shafqatsiz rol o‘ynagan. Salib yurishlari deb atalgan kompaniya qanchalab odamlarning umriga zomin bo‘lgan. Yoki katolik va protestantlar o‘rtasidagi ziddiyatlar tufayli tug‘ilgan ixtiloflar, Jordona Bruno singari maʼrifatparvarlarni olovda kuydirgan inkvizitsiya, iyeuziitlar, singari oqimlar har qanday hurparvar harakatga qarshi edi. Amir Temur davlatida dinning davlatdan ajratilgani hamda saltanatda dinning o‘rni va vazifasi aniq belgilab qo‘yilgani progress edi va mazkur holat Yevropa davlatlari boshqaruvida ilg‘or g‘oyaning kirib kelishiga zamin bo‘ldi.
Bu borada aniq mezonlar yaratila boshlandi va u yillar davomida takomillashib bordi. Oldin fan, taʼlim cherkov ixtiyorida bo‘lsa, endi bu sohalar bilan davlat shug‘ullanishga kirishdi. Shunday qilib, o‘quv yurtlarida dunyoviy yo‘nalish kuchaydi, bu esa ilm-fanning rivojlanishiga olib keldi.
Sohibqiron shaxsi va nomi butun dunyoda mashhur bo‘lib ketdi. “Yevropa xaloskori” sifatida oltindan ishlangan haykali Parijdagi Luvr zallarini bezadi. Ingliz dramaturgi Kristofer Marlo “Buyuk Amir Temur” (1587) tragediyasini yozish bilan jahon adabiyotida Amir Temur siymosini yaratish jarayonini boshlab berdi. 1681-yilda yana bir ingliz adibi Charlz Saundersning “Amir Temur” tragediyasi yozildi va sahnaga qo‘yildi.
Amir Temurga xolis ko‘z bilan boqqanlar uni jahon tarixiga Yevropa Renessansiga taʼsir o‘tkazgan Renessansni boshlab bergan, Yevropa hamda Rossiyani xalos etgan davlat arbobi va sarkarda sifatida tan oldi, qadrladi.
Hakim SATTORIY,
yozuvchi
O'xshash yangiliklar
Uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasidagi ishlar hamda ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-aprel kuni uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining Strategik tadqiqotlar markazi direktori va uchinchi siyosiy departamenti rahbari bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-yil 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining Strategik tadqiqotlar markazi direktori va uchinchi siyosiy departamenti rahbari Abdul Hay Kanit bilan uchrashdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri AQSh Davlat kotibi yordamchisi oʻrinbosari bilan uchrashdi
14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh Davlat kotibi yordamchisi oʻrinbosari Kristofer Kleyn bilan uchrashdi.