Pokistonda o‘zbek yozuvchilarining hikoyalari o‘rin olgan urdu tilidagi «XX asr nasri namunalari» kitobi va «O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar» lug‘ati taqdimot qilindi
Islomobod shahridagi Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamentida atoqli o‘zbek yozuvchilarining hikoyalari o‘rin olgan urdu tilidagi «XX asr nasri namunalari» kitobi hamda «O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar» lug‘atining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Islomobod shahridagi Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamentida atoqli o‘zbek yozuvchilarining hikoyalari o‘rin olgan urdu tilidagi «XX asr nasri namunalari» kitobi hamda «O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar» lug‘atining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Pokiston milliy meros va madaniyat federal vaziri Avrangzeb Xon Khichi, Pokiston Senati Raisining maslahatchisi Misbah Khar, Senat aʼzosi Muhammad Talha Mahmud, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, parlament palatalari aʼzolari, Turkmaniston, Rossiya, Turkiya, Tojikiston, Eron elchilari va diplomatlar, biznes va ilmiy-akademik doiralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, Islomobod va unga tutash hududlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Taqdimotni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ochib berdi. Nutqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining bugungi holati xususida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Davlatimiz Rahbarining joriy yil 5–6 fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini barcha yo‘nalishlarda, jumladan, madaniy-maʼrifiy sohada yangi bosqichga ko‘targani qayd etildi. Taqdimoti o‘tkazilayotgan mazkur kitoblar ushbu tashrif doirasida madaniy-maʼrifiy sohada erishilgan kelishuvlarning amaliy samarasi ekani taʼkidlandi.
«Toshmirza Xolmirzayevning «O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar» lug‘ati uning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari mahsulidir. Zero, urdu va o‘zbek tillaridagi mushtarak so‘zlar ko‘p asrlik tarixiy jarayon samarasidir. Bugun taqdim etilayotgan mazkur lug‘at urdu va o‘zbek tillarini o‘rganayotgan talabalar, o‘qituvchilar, tarjimonlar hamda tadqiqotchilar uchun muhim amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi», – dedi O‘zbekiston elchi.
O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari, shuningdek, urdu tilida nashr etilgan «XX asr nasri namunalari» kitobi haqida ham batafsil to‘xtaldi. Mazkur kitobdan o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari – Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Saida Zununova, O‘tkir Hoshimov va Shukur Xolmirzayev qalamiga mansub ellikka yaqin hikoyalar o‘rin olgani qayd etildi.
Pokiston Senati aʼzosi Talha Mahmud so‘zga chiqib, O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari Prezident Shavkat Mirziyoyev saʼy-harakatlari tufayli o‘zining eng yaxshi davrini boshdan kechirayotganini taʼkidladi. Senator O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakat barcha davlatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishga intilayotgani va jahon siyosiy sahnasida muhim ishtirokchiga aylanayotganini alohida urg‘uladi.
Bundan tashqari, Talha Mahmud «O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar» lug‘ati muallifi Toshmirza Xolmirzayevning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari va xizmatlariga yuqori baho berdi. Uning taʼkidlashicha, muallifning urdu va o‘zbek tillaridagi maʼnodosh to‘rt mingga yaqin so‘zni jamlagani katta ilmiy yutuq sifatida baholanishi lozim.
Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamenti bosh direktori Muhammad Salim Mazhar o‘z nutqida adabiyot va madaniyat xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi eng katta maʼnaviy kuch ekaniga eʼtibor qaratdi.
«O‘zbekiston diplomatiyasiga uzoq yillar xizmat qilgan urdushunos olim Toshmirza Xolmirzayev tomonidan tayyorlangan «O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar» lug‘ati Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamenti tomonidan chop etildi. Bu muassasamiz uchun katta sharaf hisoblanadi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi va tarjimonning oila aʼzolariga mazkur lug‘atni nashrga tayyorlashda ko‘rsatgan yordami uchun chuqur minnatdorlik bildiraman», – dedi Salim Mazhar.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari nomzodi Muhayyo Abdurahmonova o‘z chiqishida, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sanʼat, madaniyat va adabiyot sohalarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek adabiyotining yetuk vakillari asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. O‘zbekiston adabiyotining besh nafar zabardast vakili hikoyalari jamlangan «XX asr nasri namunalari» kitobi o‘zbek adabiyoti namunalarini xalqaro maydonda targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam ekani qayd etildi.
«O‘zbekistonda badiiy tarjima sohasiga davlat siyosati darajasida katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, o‘zbek adabiyotining sara namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish hamda jahon adabiyotini o‘zbek tiliga o‘girish orqali xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash maqsad qilingan. Mazkur kitob ushbu saʼy-harakatlarning amaliy natijasidir», – dedi tarjimon.
«O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar» lug‘ati muallifi Toshmirza Xolmirzayev taqdimotdagi nutqida, mazkur lug‘atni yaratishdan maqsad ikki xalqning azaliy madaniy va til aloqalarini yana-da mustahkamlashdan iborat ekanini taʼkidladi.
«O‘zbekistonda adabiyot va tarjima sohasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, milliy va jahon adabiyoti namunalarini tarjima qilish, yosh tarjimonlarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qo‘lingizdagi “O‘zbek-urdu” lug‘ati mamlakatlarimiz tarjimonlariga mashhur asarlarni tarjima qilishda, yoshlarning til o‘rganishiga foyda keltirsa biz o‘z maqsadimizga yetgan bo‘lamiz», – dedi u.
Pokiston milliy meros va madaniyat federal vaziri Aarangzeb Khichi o‘z nutqida, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, jamiyat hayotini yangilash, aholi farovonligini oshirish, ulug‘ ajdodlar merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish borasidagi «O‘zbekiston modeli»ni eʼtirof etdi.
«O‘zbekistonga tashriflarim chog‘ida islohotlar jarayoni natijalari va ijobiy yutuqlarning bevosita guvohi bo‘lmoqdaman. Albatta, qo‘shni mintaqada, xususan, O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar bizda ham o‘z aksini topadi. O‘zbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash, jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ajdodlar merosiga hurmat ko‘rsatish borasidagi tajribasi Pokiston uchun ham namuna bo‘la oladi. Pokiston hukumati O‘zbekiston Prezidentining madaniy-maʼrifiy va tarixiy merosga oid tashabbuslarini yuksak qadrlaydi», – dedi federal vazir.
O'xshash yangiliklar
Prezidentimiz milliy terma jamoani jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasini 2026-yilgi jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Prezidenti BAA bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Termiz muloqoti: Madaniy-gumanitar aloqalardan barqaror mintaqaviy arxitekturani barpo etish sari
Bugun xalqaro maydonlarda yuz berayotgan voqea va hodisalar Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun yana bir bor o‘zaro hamjihatlik, birdamlik hamda maqsadlar mushtarakligiga erishish zarurati ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda.