Pokiston kompaniyasi bilan Yangi Toshkent hududida zamonaviy turar joy majmualarini barpo etish masalalari muhokama qilindi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «Izhar Group» kompaniyasi rahbari Umar Izhar bilan muzokara oʼtkazdi.
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «Izhar Group» kompaniyasi rahbari Umar Izhar bilan muzokara oʼtkazdi.
Uchrashuv Oʼzbekiston Prezidenti rahbarligida Yangi Toshkent shahri loyihasi qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan oʼtkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, xorijiy investorlarni yurtimizdagi yirik infratuzilma va qurilish loyihalariga jalb etish doirasida tashkil etildi.
Muloqot avvalida Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy shaharsozlik tashabbuslari va infratuzilmaviy loyihalar, xususan, Yangi Toshkent shahrini barpo etish loyihasining taqdimoti oʼtkazildi.
Taʼkidlanganidek, Yangi Toshkent shahri loyihasining umumiy maydoni 20 ming gektarni tashkil etadi. Loyihaning birinchi bosqichida 6 ming gektar hududni oʼzlashtirish hamda qariyb 50 milliard АQSh dollari miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Yangi shaharda maʼmuriy binolar, turar joy majmualari va tijorat obʼektlari, taʼlim va madaniyat muassasalari, transport tarmoqlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda boshqa muhim obʼektlarni barpo etish koʼzda tutilgan.
Oʼz navbatida, «Izhar Group» rahbari Umar Izhar kompaniyaning asosiy faoliyat yoʼnalishlari, developerlik sohasidagi tajribasi va xalqaro bozorlarda amalga oshirayotgan loyihalari haqida maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, kompaniya faoliyatida kottejlar va villalardan iborat zamonaviy turar joy majmualarini barpo etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, kompaniyaning Turkiya va boshqa mamlakatlarda toʼplagan tajribasidan kelib chiqib, Yangi Toshkent shahrini barpo etish jarayonida hamkorlikning maqbul modellarini qoʼllash imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, investorning loyihaning dastlabki bosqichida yer sotib olish uchun katta miqdorda mablagʼ sarflash zaruratini kamaytirish, qurilish ishlarini tezroq boshlash va loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga xizmat qiladigan mexanizmlarga eʼtibor qaratildi.
Umar Izharning fikricha, bunday yondashuv investitsiya resurslaridan samarali foydalanish, loyihalarni amalga oshirish jarayonini jadallashtirish va Yangi Toshkent hududini oʼzlashtirish surʼatlarini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʼliq qator amaliy masalalar, jumladan, texnik va huquqiy talablar, moliyalashtirish mexanizmlari, soliqqa tortish, yer uchastkalarini ajratish, ipoteka va lizing imkoniyatlari hamda qurilish sohasidagi meʼyor va talablar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirish shartlarini batafsil oʼrganish va muhokama qilish maqsadida Oʼzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari bilan uchrashuvlar oʼtkazish hamda «Izhar Group» delegatsiyasining Oʼzbekistonga tashrifini tashkil etish boʼyicha kelishuvga erishildi.
1959 yilda tashkil etilgan «Izhar Group» Pokistonning koʼp tarmoqli kompaniyalar guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya qurilish, EPC-pudrat, metall konstruktsiyalar ishlab chiqarish, temir-beton mahsulotlari tayyorlash, muhandislik tizimlari, turar joy va sanoat obʼektlarini barpo etish kabi yoʼnalishlarda faoliyat yuritadi. Guruh shu kunga qadar Pokistonda 100 dan ortiq sement va mineral oʼgʼit ishlab chiqarish zavodlari, energetika obʼektlari, aeroportlar, toʼgʼonlar, shifoxonalar, shuningdek, sanoat va tijorat obʼektlarini qurishda ishtirok etgan.
O'xshash yangiliklar
Pokistonda «Uzbekistan Region of Opportunity» nomli katalog nashr etildi
Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Oʼzbekiston hududlarining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bagʼishlangan «Uzbekistan Region of Opportunity» nomli katalog ingliz tilida chop etildi.
Pokistonning Sind provintsiyasida Oʼzbekiston faxriy konsuli tayinlandi
Pokistonlik yirik tadbirkor va jamoat faoli Xalid Mahmud Oʼzbekistonning Pokistonning Sind provintsiyasi boʼyicha faxriy konsuli etib tayinlandi
Oʼzbekistonning boy sayyohlik salohiyati Islomobodda namoyish etildi
Shu yilning 24-25-oktyabr kunlari Pokiston poytaxti Islomobod shahrida «International Silk Route Festival – 2026» xalqaro festivali boʼlib oʼtdi.