Markaziy Osiyo yangi ekologik bosqich ostonasida
2026-yilning 22–24- aprel kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammit Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-yilning 22–24-aprel kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammit Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etadi. U, avvalo, mintaqa davlatlarining iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi kabi murakkab muammolarga birgalikda yechim izlayotganligining yana bir yorqin isbotidir. Bu — ekologik siyosatda yangi bosqich, mustahkam hamkorlikka asoslangan strategiyaga o‘tishni anglatadi.
Muammolar umumiy — yechim ham umumiy bo‘lishi shart
Markaziy Osiyoda ekologik muammolar chegara tanlamaydi. Orol dengizi fojiasi, transchegaraviy daryolardan besamar foydalanish, cho‘llanish va havo ifloslanishi — bularning barchasi bir davlat emas, balki butun mintaqa taqdiriga taʼsir qiladi.
So‘nggi o‘n yilliklarda suv resurslarining noto‘g‘ri boshqarilishi, ayniqsa, Amudaryo va Sirdaryo havzasidagi bosimning ortishi nafaqat ekotizimlar, balki iqtisodiy barqarorlikka ham salbiy taʼsir qildi. Shu maʼnoda, mintaqaviy sammit — muammolarni tan olishdan ularni birgalikda hal etish bosqichiga o‘tishning amaliy ko‘rinishidir.
Sammit kun tartibida ekologik siyosatga kompleks yondashuvni aks ettiruvchi sakkizta ustuvor yo‘nalish belgilangan. Bular iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, tabiiy xavflarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni kuchaytirish, havo ifloslanishini kamaytirish va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik maqsadlarga erishish mexanizmlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, adolatli va inklyuziv “yashil o‘tish” hamda ekologik va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishdir. Shu tariqa, sammit kun tartibi ekologik masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarni ham qamrab oladi.
Sammit tashabbusining BMT darajasida qo‘llab-quvvatlanishi bu jarayonga jiddiy siyosiy va xalqaro ahamiyat bag‘ishlaydi. Bu esa mintaqa uchun muhim signal: ekologik masalalar endi faqat tabiatni muhofaza qilish emas, balki xavfsizlik, iqtisodiyot va ijtimoiy barqarorlik masalasiga aylanmoqda. Xususan, xalqaro moliya institutlari — Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi tuzilmalarning jalb etilishi ekologik tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirish imkoniyatini kengaytiradi. Chunki muammolarni hal qilish uchun faqat siyosiy bayonot emas, balki katta moliyaviy resurslar va texnologiyalar ham zarur.
“Yashil o‘tish” — imkoniyat yoki chaqiriq?
Sammit kun tartibidagi “yashil o‘tish” masalasi alohida ahamiyatga ega. Bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlari uchun ikki tomonlama xarakterga ega.
Bir tomondan, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yangi investitsiyalar, innovatsiyalar va ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Qayta tiklanuvchi energiya, resurs tejamkor texnologiyalar va barqaror qishloq xo‘jaligi sohalari rivojlanishi mumkin.
Ikkinchi tomondan esa, bu jarayon katta islohotlarni talab qiladi. Eski infratuzilmalarni yangilash, sanoatni modernizatsiya qilish va aholining ekologik madaniyatini oshirish — oson vazifa emas. Shuning uchun ham sammitda “adolatli va inklyuziv yashil o‘tish” tamoyiliga urg‘u berilishi bejiz emas.
O‘zbekiston: islohotlar va ekologik tashabbuslar namoyishi
O‘zbekiston uchun ushbu sammit xalqaro maydonda o‘z ekologik siyosatini namoyon etish imkoniyatidir. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan “Yashil makon”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Toza havo”, “Bio meros”, “Chiqindisiz hudud” va “Eko-madaniyat” loyihalari kabi dasturlar mamlakatning bu yo‘nalishda faol pozitsiyasini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, Orolbo‘yi hududini tiklash bo‘yicha amaliy ishlar O‘zbekistonni nafaqat mintaqada, balki global miqyosda ham muhim hamkorga aylantirmoqda. Bu esa investitsiyalar jalb qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Sammitdan kutilayotgan eng muhim natija
Sammitda mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bir qator hujjatlar, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining qo‘shma deklaratsiyasi, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan BMT bilan hamkorlikdagi mintaqaviy dastur, bioxilma-xillik, ekoturizm va ekotizimlarni muhofaza qilish bo‘yicha memorandumlar, yong‘inlar bo‘yicha erta ogohlantirish tizimini yaratish bo‘yicha kelishuvlar va transchegaraviy “Tinchlik bog‘i” tashabbuslarini imzolash rejalashtirilgan.
Mazkur hujjatlar uzoq muddatli hamkorlik va ekologik loyihalarni moliyalashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Xulosa: global chaqiriqlarga mintaqaviy javob
Mintaqaviy ekologik sammit Markaziy Osiyoning global ekologik kun tartibidagi roli ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ushbu forum iqlimiy xatarlarni kamaytirish, tabiiy resurslarni asrash va barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan yagona mintaqaviy strategiyani shakllantirish yo‘lida muhim qadamdir. O‘zbekiston uchun esa sammitda ishtirok etish — bu nafaqat o‘z yutuqlarini namoyish qilish, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishidagi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir.
O'xshash yangiliklar
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Xotira va qadrlash kunini munosib oʻtkazish, harbiy tayyorgarlik va harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan axborot berildi.
Eron elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Ali Iskandariy bilan uchrashuv o‘tkazdi.