Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: “yashil” energetika makonini birgalikda barpo etayotgan strategik sheriklar
Soʼnggi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon energetika sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga koʼtarildi.
Soʼnggi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon energetika sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga koʼtarildi. Bu jarayon, avvalo, davlat rahbarlarining oʼzaro ishonch, doʼstlik va yaxshi qoʼshnichilik tamoyillariga asoslangan oqilona siyosati samarasidir. Аna shu qatʼiy siyosiy iroda tufayli mintaqada ilgari faqat istiqbol sifatida baholangan yirik energetika tashabbuslari bugun amaliy bosqichga chiqib, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti va global “yashil” transformatsiyasiga xizmat qilayotgan muhim loyihalarga aylanmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo energetika sohasida raqobat maydoni emas, balki oʼzaro ishonch, manfaatlar mushtarakligi va barqaror taraqqiyot tamoyillariga asoslangan hamkorlik makoniga aylanib bormoqda. Bu jarayon mamlakatlar rahbarlarining uzoqni koʼzlagan siyosati, ochiq muloqoti va konstruktiv yondashuvi tufayli amaliy mazmun kasb etmoqda.
Energetika xavfsizligi, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasi tizimlarini muvofiqlashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish mintaqa davlatlari hamkorligining ustuvor yoʼnalishlariga aylandi. Shu asosda shakllanayotgan yangi mintaqaviy arxitektura nafaqat ichki ehtiyojlarni taʼminlash, balki xalqaro energetika bozori uchun ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika va suv xoʼjaligi sohalarida doimiy muloqot mexanizmlarini shakllantirdi. Oʼzbekiston, Qozogʼiston, Qirgʼiziston va Tojikiston energetika hamda suv xoʼjaligi vazirliklari oʼrtasida muntazam oʼtkazilayotgan ishchi uchrashuvlar elektr energiyasi tizimlarining barqaror ishlashi, suv resurslaridan samarali foydalanish, mavsumiy yuklamalarni muvofiqlashtirish va aholi hamda sanoatni uzluksiz energiya bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu jarayonda Oʼzbekiston va Qozogʼistonning strategik sherikligi alohida oʼrin tutadi. Ikki mamlakatning milliy energetika tizimlari chambarchas bogʼlangan boʼlib, elektr energiyasi oqimlarini muvofiqlashtirish, quvvatlar balansini saqlash va yagona energetika tizimining ishonchli faoliyatini taʼminlash boʼyicha amaliy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Davlat rahbarlari darajasidagi muntazam muloqotlar mazkur hamkorlikni yanada mustahkamlab, uni butun mintaqa uchun muhim integratsion omilga aylantirdi.
Qayta tiklanuvchi energiya sohasida ham mamlakatlar maqsadlari oʼzaro uygʼun. Oʼzbekiston soʼnggi yillarda “yashil” energetikani jadal rivojlantirib, quyosh va shamol elektr stantsiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy elektr tarmoqlarini barpo etish boʼyicha keng koʼlamli dasturlarni amalga oshirmoqda. Qozogʼiston ham “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va uglerod chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirmoqda. Qirgʼiziston va Tojikiston esa gidroenergetika sohasidagi ulkan salohiyati bilan mintaqa energetika xavfsizligiga munosib hissa qoʼshmoqda. Turkmaniston esa energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va elektr energiyasi eksportini kengaytirish boʼyicha muhim tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy maqsadi faqat milliy energetika tizimlarini rivojlantirish emas. Аsosiy vazifa — oʼzaro bogʼlangan, raqobatbardosh, ekologik barqaror va tashqi bozorlar uchun ochiq boʼlgan yagona mintaqaviy energetika makonini shakllantirishdir. Bu yoʼlda Ozarbayjonning ishtirok etishi hamkorlikning geografiyasini yanada kengaytiradi va Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʼlaydigan muhim strategik yoʼnalishni yuzaga keltiradi.
“Yashil yoʼlak” – Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʼlaydigan strategik koʼprik
Markaziy Osiyo mamlakatlari oʼrtasida shakllangan yuqori darajadagi siyosiy ishonch bugun amalda yirik transmilliy energetika loyihalari orqali oʼz ifodasini topmoqda. Shulardan eng muhimi — Oʼzbekiston, Qozogʼiston va Ozarbayjon tomonidan amalga oshirilayotgan “Yashil yoʼlak” tashabbusidir.
Ushbu loyiha energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Yevropa energetika tizimi bilan bogʼlashni nazarda tutadi. Bu esa mintaqada ishlab chiqarilayotgan ekologik toza elektr energiyasini xalqaro bozorlarga yetkazib berish imkoniyatini yaratadi.
2024-yil noyabr oyida Boku shahrida COP29 doirasida imzolangan strategik sheriklik toʼgʼrisidagi bitim mazkur tashabbusning huquqiy poydevorini mustahkamladi. Keyinchalik milliy elektr tarmoqlari operatorlarining hamkorligi yoʼlga qoʼyildi hamda “Green Corridor Alliance” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bugungi kunda Italiyaning CESI kompaniyasi tomonidan texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.
“Yashil yoʼlak” loyihasi nafaqat eksport yoʼlagi, balki Markaziy Osiyoda yagona integratsiyalashgan elektr bozorini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim strategik platformadir. Loyiha mamlakatlar energetika tizimlarining oʼzaro bogʼliqligini kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bu tashabbus Oʼzbekiston, Qozogʼiston va Ozarbayjon oʼrtasidagi strategik sheriklikning amaliy ifodasi boʼlib, kelajakda Markaziy Osiyoni global “yashil” energetika zanjirining muhim boʼgʼiniga aylantirishga xizmat qiladi.
Qambarota GES-1 – mintaqaning umumiy energetik
xavfsizligi loyihasi
Markaziy Osiyoda energetik integratsiyaning yana bir muhim namunasi — Qambarota GES-1 qurilishidir.
Oʼzbekiston, Qozogʼiston va Qirgʼiziston Respublikalari Prezidentlarining siyosiy qoʼllab-quvvatlovi hamda uch mamlakat hukumatlarining muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli mazkur loyiha koʼp yillik muhokamalardan amaliy bosqichga oʼtdi.
Quvvati 1880 MVt boʼlgan ushbu gidroelektr stantsiya faqat yirik energiya obʼekti emas. U Markaziy Osiyoda suv-energetika muvozanatini taʼminlash, elektr taʼminoti barqarorligini oshirish, mavsumiy yuklamalarni samarali boshqarish va iqlim oʼzgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, loyiha uch mamlakat iqtisodiyotiga yangi investitsiyalar, zamonaviy infratuzilma va minglab ish oʼrinlarini olib keladi. Loyihada Jahon banki ishtirokining oʼziyoq uning xalqaro ahamiyati va iqtisodiy samaradorligini tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo — global “yashil” energetikaning yangi markazi
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari energetika sohasida mutlaqo yangi taraqqiyot modelini namoyon etmoqda. Oʼzaro raqobat oʼrnini ishonchli hamkorlik, resurslar uchun kurash oʼrnini esa umumiy manfaatlarga asoslangan integratsiya egallamoqda.
Oʼzbekiston, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Tojikiston va Turkmaniston oʼrtasidagi muntazam muloqotlar yagona energetika tizimining barqaror ishlashini taʼminlash, suv-energetika resurslarini muvofiqlashtirish hamda favqulodda holatlarda oʼzaro qoʼllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirmoqda.
Shu bilan birga, Oʼzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʼyicha amalga oshirayotgan keng koʼlamli islohotlar mintaqada “yashil” iqtisodiyotga oʼtish jarayonining muhim drayveriga aylandi. Yurtimizda quyosh va shamol elektr stantsiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy elektr tarmoqlarining jadal barpo etilishi Markaziy Osiyoning umumiy energetik salohiyatini sezilarli darajada oshirmoqda.
Bugungi kunda mintaqa davlatlari nafaqat oʼz ichki ehtiyojlarini taʼminlash, balki ekologik toza elektr energiyasini Yevropa va boshqa xalqaro bozorlarga yetkazib berish boʼyicha ham uzoq muddatli strategiyani izchil amalga oshirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon oʼrtasida energetika sohasida shakllangan strategik sheriklik davlat rahbarlarining oʼzaro ishonch, doʼstlik va yaxshi qoʼshnichilik tamoyillariga asoslangan siyosatining amaliy natijasidir.
“Yashil yoʼlak” va “Qambarota GES-1” kabi yirik tashabbuslar mintaqa davlatlarining birgalikda murakkab vazifalarni hal qilishga qodir ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Bu hamkorlik nafaqat energetik xavfsizlikni mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyoni Yevropa va Osiyoni bogʼlovchi strategik “yashil” energetika makoniga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.