Oʼzbekiston turizmi oʼsish boʼyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʼrinni egalladi
Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026-yilga qadar iqtisodiy taʼsirini oʼrganish” hisobotiga koʼra, 2025-yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylandi.
Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026-yilga qadar iqtisodiy taʼsirini oʼrganish” hisobotiga koʼra, 2025-yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylandi.
WTTC oʼz tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga boʼlgan holda olib boradi. 2025-yil yakunlariga koʼra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy koʼrsatkichlari boʼyicha dunyoda birinchi oʼrinni egalladi. Shu bilan birga, Oʼzbekiston bu koʼrsatkichlarning barchasi boʼyicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi.
Hisobotga koʼra, 2025-yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qoʼshgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga oʼsib, 9,9 milliard АQSh dollarini tashkil etdi.
Ushbu koʼrsatkichning oʼsish surʼati boʼyicha ham Markaziy Osiyo dunyoda birinchi oʼrinni egalladi. Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi Oʼzbekiston hissasiga toʼgʼri keladi – mamlakat 2025-yilda 4,8 milliard АQSh dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan.
WTTC maʼlumotlariga koʼra, 2025-yilda Oʼzbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yoʼnalishi boʼldi.
Hisobotda Oʼzbekistonning yetakchiligi uning boy tarixiy-madaniy merosi va mintaqa mamlakatlari sayyohlari uchun jozibadorligi yuqoriligi bilan izohlangan.
“Umuman olganda, bu koʼrsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi koʼpincha oʼz mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi hisobotda.
Bundan tashqari, WTTC Markaziy Osiyoda yagona turizm makonini yaratish uchun salohiyat katta ekanini qayd etadi. Tashkilot ekspertlarining fikricha, chegara tartib-taomillarini soddalashtirish, aviaqatnovlar va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, qoʼshma sayyohlik yoʼnalishlarini yaratish hamda Markaziy Osiyoni yagona turizm yoʼnalishi sifatida targʼib qilish dunyoning boshqa mintaqalaridan xalqaro sayyohlar oqimini oshirishga yordam beradi.
Hisobotga koʼra, 2025-yilda turizm sohasidagi jami xarajatlarning 64,3 foizi xorijiy sayyohlar, 35,7 foizi esa mintaqa mamlakatlaridagi ichki turizm hissasiga toʼgʼri kelgan. Shu bilan birga, xorijiy sayyohlar xarajatlarining 84,5 foizi dam olish maqsadidagi sayohatlar, 15,5 foizi esa ish yuzasidan qilingan safarlar bilan bogʼliq boʼlgan.
WTTC prognoziga koʼra, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qoʼshadigan umumiy hissasi 29,7 milliard АQSh dollariga yetadi.
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga oʼtkazdi
Turkiy davlatlar tashkilotining Аnqarada oʼtkazilishi rejalashtirilgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.
Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar
Suv — millat va davlat chegaralarini tan olmaydigan, xalqlarni oʼzaro bogʼlaydigan ulugʼ neʼmat. Iqlim oʼzgarishi, aholi va iqtisodiyotning oʼsishi, qurgʼoqchilik davrlarining uzayishi, muzliklarning qisqarishi, suv manbalarining ifloslanishi va suvga boʼlgan talabning ortishi mamlakatlardan bu hayotiy resursga munosabatni tubdan qayta koʼrib chiqishni talab etmoqda.
Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.