O‘zbekiston – Ozarbayjon: Iqtisodiy ishonch, transport yo‘nalishlari va qo‘shma loyihalar
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi hamkorlikning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi hamkorlikning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu munosabatlarning asosini davlat rahbarlari o‘rtasidagi barqaror muloqot, siyosiy ishonch, madaniy-tarixiy yaqinlik, shuningdek, savdo, investitsiyalar, transport, sanoat, energetika va transport yo‘laklarini rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro manfaat tashkil etmoqda. Shu bois ikki tomonlama hamkorlik an’anaviy sheriklik doirasidan tobora chiqib, kompleks iqtisodiy kooperatsiya tusini olmoqda.
Oliy darajadagi muntazam muloqot ushbu hamkorlikning strategik asosini belgilab bermoqda. So‘nggi yillarda davlat rahbarlarining davlat va ishchi tashriflari amalga oshirilib, ular ikki tomonlama munosabatlarga barqaror siyosiy sur’at bag‘ishladi. Hukumatlararo muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi sifatida Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma komissiya faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunga qadar uning 14 ta yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lib, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuv savdo-investitsiya va iqtisodiy hamkorlikka qo‘shimcha turtki berishi kutilmoqda.
Ushbu hamkorlik tizimining muhim tarkibiy qismi hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalardir. Hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Toshkent, Guba va Boku shaharlarida o‘tkazilgan Hududlar forumlari, shuningdek, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida imzolangan bitimlar hamkorlik davlat darajasidagi qarorlardan amaliy hududiy loyihalarga bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatmoqda. Rejalashtirilayotgan navbatdagi Hududlar forumi savdo, sanoat, turizm va shahar infratuzilmasi sohalarida aniq kelishuvlarga erishish uchun muhim maydonga aylanishi mumkin.
Savdo statistikasi iqtisodiy hamkorlikka bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini tasdiqlaydi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 307,3 million AQSh dollariga yetdi. 2026-yilning yanvar–may oylarida ijobiy tendensiya yanada kuchaydi: tovar ayirboshlash hajmi 38,2 foizga oshdi. Navbatdagi maqsad — 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 1 milliard AQSh dollariga yetkazishdir.
Mazkur ijobiy tendensiyani mustahkamlash uchun alohida tovar pozitsiyalarining o‘sishidan barqaror ta’minot modeliga o‘tish muhim ahamiyatga ega. Bunda mahsulot nomenklaturasini kengaytirish, savdoni ilgari surish kanallarini rivojlantirish, Bokuda O‘zbekiston savdo vakolatxonasini ochish hamda yangi logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish nazarda tutilmoqda. Bu jarayonda janubiy yo‘nalish alohida ahamiyat kasb etadi: Termizdagi logistika maydonchalari orqali ozarbayjon mahsulotlarini ilgari surish qo‘shni bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirib, savdoga yanada kengroq mintaqaviy qamrov bag‘ishlashi mumkin.
Investitsion hamkorlik O‘zbekistonda ozarbayjon biznesining tobora faol ishtiroki bilan mustahkamlanmoqda. 2026-yil iyul holatiga ko‘ra, respublikada Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 442 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular savdo, mashinasozlik, metallni qayta ishlash, moliya, sug‘urta, ko‘chmas mulk, energetika, xizmatlar sohasi, oziq-ovqat va yengil sanoat yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Bu esa bir martalik savdo operatsiyalaridan biznesning yanada barqaror ishtirokiga o‘tilayotganini ko‘rsatadi.
Bir qator tashabbuslarning moliyaviy asosini Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi ta’minlamoqda. Kompaniyaning amaldagi portfeli umumiy qiymati 651 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 9 ta loyihani o‘z ichiga oladi, ulardan kompaniya tomonidan moliyalashtirish hajmi 170,9 million AQSh dollarini tashkil etadi. To‘rtta loyiha bo‘yicha mablag‘lar allaqachon ajratilgan, yana beshta loyiha ma’qullangan. Ushbu mexanizmning ahamiyati nafaqat moliyaviy resurslar hajmida, balki siyosiy kelishuvlarni savdo, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sanoat, logistika va moliya sohalaridagi amaliy loyihalar bilan bog‘lay olishidadir.
Shu asosda ishlab chiqarish kooperatsiyasi ham aniq mazmun kasb etmoqda. Asosiy yo‘nalishlardan biri avtomobilsozlikdir. Ozarbayjonda O‘zbekiston korxonalari ishtirokida Chevrolet avtomobillari va Isuzu texnikalarini ishlab chiqarish rivojlantirilmoqda. Hajigabuldagi ishlab chiqarish maydonchasini kengaytirish esa payvandlash va bo‘yash jarayonlarini ham qamrab olgan to‘liqroq ishlab chiqarish siklini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Ushbu formatning muhim jihati shundaki, endi gap faqat tayyor mahsulot yetkazib berish haqida emas, balki yig‘ish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va texnologik almashinuv zanjirlarini shakllantirish haqida bormoqda.
Tarmoq hamkorligi faqat avtomobilsozlik bilan cheklanmaydi. Tog‘-kon sanoatida tomonlar O‘zbekistondagi qimmatbaho va strategik metallar konlarini geologik o‘rganish hamda o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirmoqda. Ushbu yo‘nalish ikki tomonlama hamkorlikning sanoat tarkibini mustahkamlab, mineral resurslardan yanada texnologik asosda foydalanish uchun zamin yaratmoqda.
Shuningdek, neft-gaz va kimyo sanoati ham katta salohiyatga ega. SOCAR kompaniyasining ishtiroki geologik qidiruv ishlari, energiya resurslarini yetkazib berish, ularni qayta ishlash va turdosh xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini yaratmoqda. Kengroq nuqtayi nazardan qaraganda, bu hamkorlikni faqat xomashyo sohasi bilan cheklab qo‘ymasdan, yuqori amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sanoat va texnologik integratsiyaning asosi sifatida ko‘rish imkonini beradi.
Transport va logistika alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston ehtiyojlari uchun paromlar ishlab chiqarish va ulardan Kuryk hamda Alat portlari orqali o‘tuvchi yo‘nalishlarda foydalanish masalalari ishlab chiqilmoqda. O‘zbekiston uchun bu Transkaspiy transport yo‘laklariga chiqish imkoniyatlarini mustahkamlasa, Ozarbayjon uchun Markaziy Osiyo, Kavkaz va tashqi bozorlar o‘rtasidagi yuk tashishda o‘z portlari hamda logistika infratuzilmasining rolini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shaharsozlik, turizm va shahar infratuzilmasi ham muhim yo‘nalishlardan biridir. Toshkentda ozarbayjonlik investorlar ishtirokida mehmonxona, turizm va turar joy majmualarini o‘z ichiga olgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki tomonlama hamkorlik nuqtayi nazaridan bunday investitsiyalar nafaqat ko‘chmas mulkka yo‘naltirilgan kapital, balki shahar muhitini yaxshilash, turizm va xizmatlar iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shilgan hissadir.
Yengil sanoat ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ozarbayjonda O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish ustida ish olib borilmoqda. Bu xomashyo bazasi, ishlab chiqarish salohiyati va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini birlashtirishga xizmat qiladi. Kelgusida bunday hamkorlik tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksportini oshirib, xomashyo savdosiga qaramlikni kamaytirishi mumkin.
Hamkorlikning tarmoq qamrovi moliya sektori, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va zargarlik sanoatini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu sohalardagi loyihalar turli bosqichlarda amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ularning barchasi hamkorlikning iqtisodiy asosini yanada kengaytirmoqda.
Bugungi O‘zbekiston–Ozarbayjon hamkorlik modelining asosiy kuchi siyosiy ishonchning investitsion kapital, ishlab chiqarish zanjirlari, hududlararo aloqalar va Transkaspiy logistika kabi amaliy mexanizmlar bilan uyg‘unlashganidadir. Bu yerda transport yo‘nalishlari shunchaki logistika masalasi emas, balki bozorlar, korxonalar va hududlarni o‘zaro bog‘laydigan keng qamrovli iqtisodiy arxitekturaning ajralmas qismiga aylanmoqda. Shu bois ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik tobora Markaziy Osiyo, Kavkaz va tashqi bozorlarni bog‘lovchi eng barqaror iqtisodiy ko‘priklardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
O'xshash yangiliklar
Oʻzbekiston va Eron Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston – Qirg‘iziston: Yaqin qo‘shnichiliкdan uzoq muddatli iqtisodiy kooperatsiya sari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.