Seul sammiti: C5+1ning yangi sanoat arxitekturasida O‘zbekiston
Bo‘lajak birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitining Seul shahrida o‘tkazilishi C5+1 formatiga yanada aniq va amaliy iqtisodiy mazmun bag‘ishlamoqda.
Bo‘lajak birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitining Seul shahrida o‘tkazilishi C5+1 formatiga yanada aniq va amaliy iqtisodiy mazmun bag‘ishlamoqda. Yangi kun tartibining markazida sanoatni modernizatsiya qilish, infratuzilma, muhim foydali qazilmalar va energetika, kadrlar tayyorlash hamda xususiy sektorning ishtiroki masalalari turibdi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning institutsional asosini sanoat vazirlari uchun alohida maslahatlashuv mexanizmi tashkil etib, u muntazam tarmoq muloqotini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma tashabbuslarni izlash va ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Shu tariqa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy sanoat ustuvor yo‘nalishlari Koreya Respublikasining texnologik va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan aniq ishlab chiqarish zanjirlari darajasida uyg‘unlashishi uchun imkoniyat yaratiladi. Texnologiyalar, infratuzilma, moliyalashtirish va bozorlar yirik qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning yagona tizimiga birlashadi.
Mazkur modelning salohiyati, ayniqsa, O‘zbekiston misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Toshkent va Seul o‘rtasidagi munosabatlar 2019-yildan buyon alohida strategik sheriklik maqomiga ega bo‘lib, Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarining jamlangan hajmi 8 milliard dollardan oshdi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yaqinlashib, 11,5 foizga oshdi.
Mazkur ko‘rsatkichlar ortida allaqachon shakllangan hamkorlikning texnologik bazasi turibdi. O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati, noyob metallar va qotishmalar sohasi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda elektron hukumat yo‘nalishlarida qo‘shma markazlar faoliyat yuritmoqda, kimyoviy texnologiyalar va qurilish sohalaridagi hamkorlik rivojlanmoqda. Ushbu tarmoq muhandislik yechimlari, amaliy bilimlar va ishlab chiqarish tajribasini uzatish uchun barqaror kanallarni yaratadi.
To‘plangan salohiyat O‘zbekistonning C5+1 kun tartibini qayta ishlash, mahalliylashtirish, texnologik yangilanish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini beradi. Shu bilan birga, mintaqaviy format Markaziy Osiyo mamlakatlari korxonalari va Koreya biznesi o‘rtasidagi potensial hamkorlar va aloqalar doirasini kengaytiradi.
Eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri muhim foydali qazilmalar bilan bog‘liq. Hamkorlik butun texnologik zanjirni — geologik qidiruv, qayta ishlash, rafinatsiya va qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirishni qamrab oladi. Bunday modelda Markaziy Osiyoning mineral-xomashyo bazasi texnologik aloqalarni chuqurlashtirish va mintaqa ichida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishning boshlang‘ich nuqtasiga aylanadi.
O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda allaqachon muayyan amaliy salohiyatga ega. Mamlakatda Noyob metallar va qotishmalar bo‘yicha O‘zbekiston–Koreya ilmiy-texnologik markazi faoliyat yuritmoqda. Uning salohiyati materialshunoslik, qayta ishlash texnologiyalari, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni, keyinchalik esa ularni sanoatda qo‘llash istiqbollari bilan rivojlantirish imkonini beradi.
Yanada murakkab ishlab chiqarishlarning rivojlanishi bir vaqtning o‘zida infratuzilmaga qo‘yiladigan talablarni ham oshiradi. C5+1 kun tartibida ushbu blok energetika, sanoat majmualari, transport va logistika, shahar infratuzilmasi, shuningdek, yirik loyihalarning butun hayotiy siklini — rejalashtirish va qurilishdan tortib modernizatsiya va ekspluatatsiyagacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Investor uchun bu ishlab chiqarish maydonini zarur energetik, muhandislik va logistika yechimlari bilan birgalikda ko‘rib chiqish imkoniyatini anglatadi.
O‘zbekiston–Koreya hamkorligi bunday ko‘lamdagi loyihalarni amalga oshirish uchun allaqachon moliyaviy asosga ega. O‘zbekistonning Koreya Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan 2024–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi 2 milliard dollar hajmida shakllantirilgan. Shu bilan birga, yangi tashabbuslar portfeli rivojlantirilmoqda hamda davlat kafolatlarisiz va davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Moliyaviy vositalar doirasining kengayishi tijorat nuqtayi nazaridan barqaror loyihalar, xususiy kapital va kompaniyalar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun yanada katta imkoniyatlar yaratadi. Bu, ayniqsa, uzoq investitsiya sikliga ega bo‘lgan sanoat va infratuzilmaviy kooperatsiya uchun muhimdir, chunki moliyalashtirish tuzilmasi ko‘p jihatdan loyihani amalga oshirish va keyinchalik uni kengaytirish imkoniyatlarini belgilaydi.
Ishlab chiqarishlarning texnologik jihatdan murakkablashib borishi bilan mutaxassislarning malakasiga qo‘yiladigan talablar ham ortadi. Kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va kadrlar tayyorlash C5+1 sanoat mexanizmining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekistonda buning uchun allaqachon amaliy baza shakllantirilgan: Toshkent, Farg‘ona, Shahrisabz va Samarqand shaharlarida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida tashkil etilgan to‘rtta kasb-hunar ta’limi markazi faoliyat yuritmoqda, yana biri Urganch shahrida qurilmoqda.
Mazkur modelni yanada rivojlantirish ko‘p jihatdan kompaniyalar darajasiga o‘tadi. Aynan shu darajada texnologiyalar va to‘plangan bilimlar yangi ishlab chiqarishlarda o‘z ifodasini topadi, tarmoq ustuvor yo‘nalishlari esa investitsiyaviy qarorlar va tijorat mahsulotlariga aylanadi. Shu sababli xususiy sektor, moliya institutlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari C5+1 doirasidagi sanoat hamkorligida muhim o‘rin egallaydi.
Ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirish mazkur ishlarning amaliy izchilligini ta’minlaydi. Bunday vosita istiqbolli yo‘nalishlarni aniq hamkorlar va moliyalashtirish manbalari bilan bog‘lash hamda ularni sanoat mexanizmi yig‘ilishlari oralig‘ida ilgari surishni ta’minlash imkonini beradi.
O‘zbekiston yangi mintaqaviy arxitekturaga sezilarli amaliy salohiyat bilan kirib kelmoqda: uning ko‘plab elementlari Koreya bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida allaqachon ishlamoqda. Investitsiyalar texnologik markazlar, moliyaviy dasturlar, mutaxassislar tayyorlash tizimi va murakkab loyihalarni amalga oshirish tajribasi bilan uyg‘unlashmoqda. C5+1 ushbu bazani yanada kengroq darajaga olib chiqish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy imkoniyatlarini yangi ishlab chiqarish aloqalariga birlashtirish imkonini beradi.
Seul sammitining O‘zbekiston uchun asosiy iqtisodiy salohiyati aynan shunda namoyon bo‘ladi. Koreya Respublikasi bilan alohida strategik sheriklik mintaqaviy davomga ega bo‘lmoqda — yanada chuqur qayta ishlash, texnologik mahalliylashtirish, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va tayyor mahsulotlarni yangi xorijiy bozorlarga chiqarish orqali. To‘plangan O‘zbekiston–Koreya tajribasi C5+1ning sanoat arxitekturasidagi amaliy elementlardan biriga aylanib, O‘zbekistonning Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo bilan texnologik va sanoat hamkorligidagi rolini mustahkamlamoqda.
O'xshash yangiliklar
Munosib sheriklikning nurli istiqbollari
Davlatlararo munosabatlarning haqiqiy quvvati faqat siyosiy kelishuvlar yoki iqtisodiy koʼrsatkichlar bilan oʼlchanmaydi. Xalqlar bir-birini qanchalik yaxshi anglasa, bir-birining tarixi, madaniyati va qadriyatlariga qanchalik hurmat bilan yondashsa, munosabatlar shunchalik mustahkam va barqaror boʼladi.
Jazoir elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jamila Ashur bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Oʼzbekistonda biznes raqamlashtirishdan texnologik yangilanishga oʼtmoqda
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) Savdo-sanoat palatasi (SSP) bilan hamkorlikda mamlakatimizning sifat jihatidan yangi bosqichga oʼtayotgan biznes muhitini oʼrganish maqsadida barcha hududlardan 5 mingdan ortiq tadbirkor oʼrtasida keng koʼlamli soʼrovnoma oʼtkazdi.