Oʼzbekistonda biznes raqamlashtirishdan texnologik yangilanishga oʼtmoqda
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) Savdo-sanoat palatasi (SSP) bilan hamkorlikda mamlakatimizning sifat jihatidan yangi bosqichga oʼtayotgan biznes muhitini oʼrganish maqsadida barcha hududlardan 5 mingdan ortiq tadbirkor oʼrtasida keng koʼlamli soʼrovnoma oʼtkazdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) Savdo-sanoat palatasi (SSP) bilan hamkorlikda mamlakatimizning sifat jihatidan yangi bosqichga oʼtayotgan biznes muhitini oʼrganish maqsadida barcha hududlardan 5 mingdan ortiq tadbirkor oʼrtasida keng koʼlamli soʼrovnoma oʼtkazdi.
Tadqiqot natijalari biznesning keyingi oʼsish imkoniyatlari koʼp jihatdan ishlab chiqarish va boshqaruvga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bogʼliq ekanini koʼrsatmoqda. Ushbu soʼrov biznes yuritish sharoitlari va tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash choralari samaradorligini baholash, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish boʼyicha amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
Soʼrov ishtirokchilarining asosiy qismini xususiy biznes vakillari (93%) tashkil etdi. Faoliyat turlari boʼyicha ulgurji va chakana savdo eng katta ulushga ega boʼlib (43%), xizmatlar sohasiga qariyb uchdan bir qismi (30%) toʼgʼri keladi. Keyingi oʼrinlarda sanoat (17%), qurilish (8%), qishloq, oʼrmon va baliqchilik xoʼjaligi (2%) tarmoqlari turadi.
Soʼrovnoma turli faoliyat tajribasiga ega korxonalarni qamrab olgan. Qariyb har toʼrtinchi korxona 10 yildan ortiq (24%), toʼrtdan biridan koʼprogʼi 5 yildan 10 yilgacha (28%), qariyb toʼrtdan biri 3 yildan 5 yilgacha (26%), har beshinchi korxona esa 1 yildan 3 yilgacha (20%) faoliyat yuritib kelmoqda.
Soʼrov natijalari korxonalar mehnat unumdorligi va samaradorlikni oshirish uchun turli zamonaviy vositalardan foydalanayotganini koʼrsatmoqda. Har uchinchi korxona bir nechta raqamli yechimlarni joriy etgan (33%), shunga yaqin qismi sunʼiy intellektdan kamida ikki yoʼnalishda foydalanmoqda (30,4%), qariyb har toʼrtinchi korxona esa energiya tejamkor yechimlarni qoʼllamoqda (23,2%). Shu bilan birga, korxonalar yangi mahsulot va texnologiyalarni joriy etmoqda, tannarxni pasaytirish maqsadida ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini qayta koʼrib chiqmoqda.
Kompleks choralarni qoʼllash korxonalar faoliyatining yuqoriroq natijalari bilan bevosita bogʼliqdir. Samaradorlikni oshirish boʼyicha kamida uchta chorani joriy etgan kompaniyalarning yarmidan koʼpi mahsulot va xizmatlarga boʼlgan talab oshganini qayd etgan (54,1%). Bunday korxonalar tannarxni 4,1 barobar koʼproq holatda pasaytirishga erishmoqda, ish haqi 10 foizdan ortiq oshgan kompaniyalar ulushi esa 2,1 barobar yuqori.
Samaradorlikni oshirish boʼyicha kamida uchta chorani joriy etgan korxonalar yuqoriroq investitsiya faolligini ham namoyon etmoqda. Ularning yarmidan koʼpi kelgusi yilda investitsiya hajmini oshirishni rejalashtirgan (57,8%).
Shu bilan birga, samaradorlikni oshirish vositalarini kompleks qoʼllash hozircha keng tarqalmagan. Uch va undan ortiq chorani taxminan har toʼqqizinchi korxona joriy etgan (11,6%), toʼrtdan biridan koʼprogʼi esa koʼrib chiqilgan choralarning birortasini ham qoʼllamagan (28,5%).
Tarmoqlar kesimida uch va undan ortiq chora sanoat va xizmatlar sohasidagi korxonalarda koʼproq uchraydi (har ikkisida 13%), savdoda 11%, qurilishda 9% va qishloq xoʼjaligida 8%ni tashkil etadi.
Hududlar kesimida farqlar yanada sezilarlidir. Kompleks choralar Toshkent shahrida eng keng qoʼllanmoqda (18%), Samarqand (4%), Buxoro (3%) va Sirdaryo (2%) viloyatlarida esa koʼrsatkichlar ancha past.
Soʼrov natijalari korxonalar orasida bazaviy raqamli yechimlar juda keng tarqalganini koʼrsatmoqda (94%).
Sunʼiy intellektdan u yoki bu shaklda korxonalarning yarmidan koʼpi foydalanmoqda (60%). Sunʼiy intellekt marketing va savdoda (24%), ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishda (15%), buxgalteriya hisobi va moliyaviy tahlilda (14%), shuningdek, chat-botlarda (13%) koʼproq qoʼllanmoqda.
Shu bilan birga, bevosita ishlab chiqarish, logistika va moliyaviy jarayonlarda sunʼiy intellektdan korxonalarning qariyb uchdan biri (31%) foydalanmoqda. Bu esa uni amaliyotga yanada keng joriy etish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini koʼrsatadi.
Qariyb har ikkinchi korxona savdo va mijozlar bilan ishlashni tashkil etishda mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish tizimlaridan (CRM) foydalanmoqda (48%). CRM tizimlari xizmatlar sohasida eng keng qoʼllanadi (54%). Raqamli biznes-tahlil vositalaridan esa har yettinchi korxona foydalanmoqda (14%). Xususiy korxonalarning qariyb yarmi bunday tizimlardan foydalanmaydi, toʼrtdan biridan koʼprogʼi esa bunday raqamli yechimlar haqida maʼlumotga ega emas.
Ijtimoiy tarmoqlar har beshta korxonaning toʼrttasidan koʼprogʼi uchun mahsulotni ilgari surish va mijozlar bilan ishlashning odatiy kanaliga aylangan (80,9%). Onlayn-savdo korxonalarning yarmidan koʼpida yoʼlga qoʼyilgan (58,8%), biroq mahsulotining yarmidan koʼpini internet orqali sotadigan korxonalar ulushi hali ham past koʼrsatkichga ega (9%). Raqamli toʼlov tizimlaridan esa har toʼrtinchi korxona foydalanmoqda (25%).
Tarmoqlar kesimi raqamli vositalardan foydalanish xususiyatlarida oʼziga xos farqlar mavjudligini koʼrsatadi.
Xizmatlar sohasida CRM tizimlari eng keng qoʼllanmoqda (54%). Shuningdek, boshqa tarmoqlarga nisbatan sunʼiy intellekt (68%), onlayn-savdo (67%) va ijtimoiy tarmoqlardan (87%) foydalanish koʼrsatkichi yuqori.
Sanoatda CRM tizimlari (49%) va sunʼiy intellekt (60%), shuningdek, onlayn-savdo (61%) va ijtimoiy tarmoqlar (81%) keng tarqalgan.
Savdoda raqamli toʼlov tizimlaridan foydalanish nisbatan yuqori (31%). Korxonalarning yarmidan koʼpi sunʼiy intellekt (55%) va onlayn-savdodan (54%) foydalanadi, ijtimoiy tarmoqlarni esa korxonalarning toʼrtdan uch qismidan koʼprogʼi qoʼllaydi (77%).
Qurilishda ijtimoiy tarmoqlar eng keng qoʼllanmoqda (80%). Korxonalarning yarmidan koʼpi sunʼiy intellekt (55%) va onlayn-savdodan (51%) foydalanadi, CRM tizimlarini esa 43% korxona qoʼllaydi.
Qishloq xoʼjaligida raqamli toʼlov tizimlari nisbatan keng tarqalgan (30%). Shu bilan birga, korxonalarning 43%i sunʼiy intellektdan foydalanadi, 49%da onlayn-savdo yoʼlga qoʼyilgan, 66% esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.
Tadqiqot natijalari korxonalar samaradorligini yanada oshirish imkoniyatlari zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv yechimlarini kengroq joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va avtomatlashtirish, raqamli savdo kanallarini rivojlantirish hamda energiya samaradorligini oshirish bilan bogʼliq ekanini koʼrsatmoqda.
Аlohida yoʼnalish korxonalarni texnologik yangilash bilan bogʼliq. Soʼrov natijalari yangi mahsulot va texnologiyalarni joriy etish, talabning oʼsishi va investitsiya faolligi oʼrtasida chambarchas bogʼliqlik mavjudligini koʼrsatmoqda.
Shu bilan birga, korxonalarning yarmi (51%) modernizatsiya, yangi mahsulot, xizmat va innovatsiyalarni joriy etish hisobiga keyingi texnologik yangilanish uchun imkoniyatlarni saqlab qolmoqda.
Raqamli yechimlarni yanada keng joriy etish ularni tatbiq qilish sharoitlariga ham bogʼliq. Tadbirkorlarning fikriga koʼra, internet infratuzilmasini yaxshilash (13%), malakali mutaxassislar imkoniyatlarini kengaytirish (10%) va texnologiyalarni joriy etish bilan bogʼliq moliyaviy xarajatlarni kamaytirish (9%) raqamlashtirishni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Kadrlarga boʼlgan ehtiyoj tadqiqotning boshqa natijalarida ham oʼz tasdigʼini topgan. Korxonalar turli malakaga ega mutaxassislar, jumladan, IT va muhandislik-texnik kadrlar yetishmasligini qayd etgan.
Umuman olganda, soʼrov natijalari biznes samaradorligini yanada oshirish alohida raqamli vositalardan foydalanishdan ularni bevosita ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga joriy etishga oʼtish bilan bevosita bogʼliqligini koʼrsatmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xulosalari Jahon banki tadqiqotlari natijalari bilan ham toʼliq mos keladi. Korxonalar maʼlumotlari tahlili shuni koʼrsatadiki, mehnat unumdorligining eng sezilarli oʼsishi raqamli texnologiyalarga bazaviy kirishdan murakkabroq yechimlardan foydalanishga oʼtishda, jumladan, bulutli servislar, boshqaruv tizimlari, tahlil va sunʼiy intellektni qoʼllashda kuzatilmoqda. Shu bilan birga, raqamli toʼlovlar va onlayn-savdoning oʼzi ichki biznes jarayonlaridagi oʼzgarishlar bilan birga kechmasa, cheklangan samara beradi.
Texnologik yangilanishning hali toʼliq ishga solinmagan salohiyati, avvalo, boshqaruv va raqamli kompetentsiyalarni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda texnologiyalarga kirishni qoʼllab-quvvatlashdan ularni korxonalarda amaliy joriy etishga oʼtishga bogʼliq.
Shu munosabat bilan biznesni qoʼllab-quvvatlashning keyingi choralari texnologiyalarni korxonalarning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga amaliy joriy etishni kengaytirishga yoʼnaltirilishi lozim.
“Dunyo” АА
O'xshash yangiliklar
Jazoir elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jamila Ashur bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Serbiya ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik istiqbollarini kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Serbiya atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, biologik xilma-xillikni saqlash va ekologik ta’lim sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ko‘rib chiqmoqda.
Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha xalqaro tahliliy markaz ijrochi direktori D.Damdin-Od bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-yil 20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha xalqaro tahliliy markaz ijrochi direktori Dulguun Damdin-Od bilan uchrashuv o‘tkazdi.