SHHTning yangi moliyaviy arxitekturasi: muvofiqlashtirishdan amaliy taraqqiyot mexanizmlari sari
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida geosiyosiy ziddiyatlar, savdo va investitsiya oqimlarining fragmentatsiyasi, global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar hamda moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi davlatlar oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda.
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida geosiyosiy ziddiyatlar, savdo va investitsiya oqimlarining fragmentatsiyasi, global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar hamda moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi davlatlar oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda. Bunday sharoitda mintaqaviy hamkorlikning barqaror moliyaviy mexanizmlarini shakllantirish nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlashning muhim omiliga aylanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida moliyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish alohida ahamiyat kasb etadi. SHHT makoni dunyo aholisining 40 foizdan ortigʻini va global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan ziyodini qamrab oladi. Bunday ulkan iqtisodiy salohiyat tashkilot doirasida savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasini qoʻllab-quvvatlaydigan zamonaviy moliyaviy arxitekturani shakllantirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Iqtisodiy hamkorlik koʻlamining kengayishi uni moliyaviy taʼminlash masalasining ahamiyatini ham oshirdi. Shu maʼnoda, SHHT doirasida soʻnggi yillarda kuzatilayotgan jarayonlar tashkilotning oʻziga xos yangi moliyaviy infratuzilmasi bosqichma-bosqich shakllanayotganini koʻrsatmoqda.
Yangi iqtisodiy voqelik — yangi moliyaviy ehtiyojlar
SHHTning moliyaviy infratuzilmasi kengayishining asosida, eng avvalo, tashkilotning oʻzida sodir boʻlgan iqtisodiy oʻzgarishlar yotadi.
Birinchi omil — iqtisodiy hamkorlik koʻlamining kengayishi. SHHT makonida savdo va investitsiyalar bilan bir qatorda sanoat kooperatsiyasi, energetika, raqamlashtirish va texnologik hamkorlikning rivojlanishi uzoq muddatli moliyaviy resurslarga boʻlgan ehtiyojni oshirdi.
Ikkinchi omil — transchegaraviy loyihalar soni va koʻlamining ortishi. Bir nechta davlat hududini qamrab oladigan transport koridorlari, elektr energetikasi tarmoqlari, logistika markazlari va boshqa infratuzilma obyektlarini amalga oshirish odatda katta hajmdagi va uzoq muddatli investitsiyalarni talab etadi.
Uchinchi omil — SHHT tarkibining kengayishi va iqtisodiyotlarning xilma-xilligi. Tashkilot makonida yirik kapital bozorlariga ega iqtisodiyotlar bilan bir qatorda dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan va infratuzilmaviy investitsiyalarga yuqori ehtiyoj sezayotgan davlatlar ham mavjud. Bu esa turli iqtisodiyotlarning manfaatlarini birlashtira oladigan koʻp tomonlama moliyaviy mexanizmlarga boʻlgan talabni shakllantirdi.
Toʻrtinchi omil — global moliyaviy muhitdagi oʻzgarishlar. Xalqaro kapital qiymatining oʻzgaruvchanligi, tashqi shoklar va valyuta xatarlari mintaqaviy moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish masalasining ahamiyatini oshirdi. Shu oʻrinda, milliy valyutalarda hisob-kitoblarni kengaytirish ham SHHT moliyaviy kun tartibining alohida yoʻnalishiga aylandi. 2022-yilda Samarqand sammitida oʻzaro hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan edi.
Shunday qilib, yangi moliyaviy institutlarga boʻlgan ehtiyoj alohida tashabbus sifatida emas, balki SHHT makonida savdo, investitsiya va transchegaraviy iqtisodiy aloqalar koʻlamining oʻsishidan kelib chiqqan obyektiv jarayon sifatida shakllandi.
Yangi bosqich — yangi moliyaviy mexanizmlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yilda Ostona boʻlib oʻtgan SHHT Sammiti doirasida oʻzaro investitsiyalarni, birinchi navbatda infratuzilma, yuqori texnologiyalar va xizmatlar sohasida ragʻbatlantirish bilan bir qatorda bunday loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy qilish hamda SHHT Taraqqiyot jamgʻarmasi va Taraqqiyot banki masalasini koʻrib chiqishga qaytish muhimligi taʼkidlandi.
Bir yil oʻtib, 2025-yil 1-sentabrda Tyanszinda boʻlib oʻtgan SHHT Davlat rahbarlari kengashining 25-yigʻilishida manfaatdor aʼzo davlatlar tomonidan SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etish toʻgʻrisida siyosiy konsensusga erishildi.
Taraqqiyot bankining shakllanishi SHHTning moliyaviy infratuzilmasi yangi bosqichga oʻtishiga turtki boʻlishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, milliy valyutalarda hisob-kitoblarni kengaytirish, banklararo aloqalar, qoʻshma moliyalashtirish instrumentlari va davlat moliyasini raqamlashtirish boʻyicha hamkorlikning rivojlanishi SHHT moliyaviy infratuzilmasining faqat bitta institut bilan cheklanib qolmayotganini koʻrsatadi.
SHHTning yangi moliyaviy arxitekturasi faqat bitta bankni tashkil etish bilan cheklanib qolmasligi lozim. Aksincha, u oʻzaro bir-birini toʻldiruvchi moliyaviy institutlar va instrumentlarni yagona tizimga birlashtirishi maqsadga muvofiq.
Bunda SHHT Taraqqiyot banki, Banklararo birlashma, aʼzo davlatlarning milliy taraqqiyot institutlari, tijorat banklari va investitsiya jamgʻarmalari oʻrtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish muhim. Shu bilan birga, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yangi taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevroosiyo taraqqiyot banki kabi mavjud koʻp tomonlama institutlar bilan hamkorlikda qoʻshma moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanish mumkin.
Oʻzbekiston uchun yangi imkoniyatlar
SHHT moliyaviy infratuzilmasining shakllanishi Oʻzbekiston uchun bir qator obyektiv iqtisodiy afzalliklar bilan bogʻliq.
Eng avvalo, Oʻzbekistonning geografik joylashuvi bu jarayonga alohida ahamiyat beradi. Mamlakat Markaziy Osiyoning markazida joylashgan va SHHT makonidagi yirik iqtisodiyotlarni Janubiy va Markaziy Osiyo bozorlari bilan bogʻlaydigan transport yoʻnalishlarining muhim boʻgʻini hisoblanadi. Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi buning eng yirik misollaridan biridir.
Shu sababli SHHT doirasida transchegaraviy loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarining kengayishi Oʻzbekiston uchun transport, energetika va logistika infratuzilmasiga qoʻshimcha uzoq muddatli resurslarni jalb qilish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Ikkinchidan, yangi moliyaviy mexanizmlar sanoat kooperatsiyasi uchun moliyaviy bazaning kengayishi bilan bogʻliq. Oʻzbekistonda sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish va qoʻshma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish jarayoni SHHTning yirik bozorlari bilan tobora koʻproq bogʻlanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, mintaqaviy loyihalarni moliyalashtirish instrumentlarining koʻpayishi qoʻshma investitsiya loyihalarining moliyaviy manbalari diversifikatsiyasiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, SHHT moliyaviy infratuzilmasining rivojlanishi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini kengaytiradi. Bu Oʻzbekiston uchun mavjud xalqaro moliya institutlari va ikki tomonlama kreditorlar bilan hamkorlikni yangi mintaqaviy moliyaviy mexanizmlar bilan toʻldirish imkoniyatini anglatadi.
Moliyaviy hamkorlikning yangi bosqichi
SHHT oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga kirib bormoqda. Agar tashkilotning dastlabki davrida xavfsizlik va siyosiy muloqot asosiy oʻrinni egallagan boʻlsa, bugun iqtisodiy hamkorlikni aniq loyihalar va samarali moliyaviy instrumentlar bilan taʼminlashga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Shu bois, SHHT doirasida yangi moliyaviy arxitekturani shakllantirishning asosiy mezoni yangi institutlar soni emas, balki ularning amaliy natijadorligi boʻlishi lozim. Har bir yangi mexanizm savdo va investitsiyalarni oshirish, infratuzilmaviy bogʻliqlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish va xususiy kapitalni safarbar etishga xizmat qilishi kerak.
Eng muhimi, SHHTning ulkan iqtisodiy salohiyatini aniq investitsiya loyihalariga aylantira oladigan samarali moliyaviy mexanizmlarni yaratishdir. Ana shunda tashkilot doirasidagi hamkorlik muvofiqlashtirish va muloqot bosqichidan real investitsiyalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy infratuzilma va umumiy iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlaydigan amaliy sheriklik darajasiga koʻtariladi.
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.