Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: yagona transport makonini shakllantirish istiqbollari
Jahon iqtisodiyotida global taʼminot zanjirlarining transformatsiyasi va geosiyosiy vaziyatning jadal oʼzgarishi sharoitida Osiyo va Yevropani bogʼlovchi barqaror hamda xavfsiz transport yoʼlaklarini shakllantirish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda.
Jahon iqtisodiyotida global taʼminot zanjirlarining transformatsiyasi va geosiyosiy vaziyatning jadal oʼzgarishi sharoitida Osiyo va Yevropani bogʼlovchi barqaror hamda xavfsiz transport yoʼlaklarini shakllantirish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda. Bunday sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning transport-logistika sohasidagi hamkorligi mintaqaviy savdoning barqarorligini taʼminlash, transport marshrutlarini diversifikatsiya qilish va Yevroosiyo makonida iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishning muhim omiliga aylanib bormoqda.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjonni koʼp asrlik tarix, madaniyat, din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib turadi. Bugungi kunda ushbu yagona tarixiy-madaniy makon tobora ortib borayotgan strategik ahamiyatga ega geoiqtisodiy hudud sifatida ham namoyon boʼlmoqda. Ozarbayjon geografik joylashuviga koʼra Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa davlatlari bilan bogʼlovchi koʼprik hisoblanadi. Oʼz navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari Ozarbayjon uchun Xitoy va Janubiy Osiyoning jadal oʼsib borayotgan bozorlariga chiqish imkoniyatini ochib beradi. Mana shunday oʼzaro toʼldiruvchanlik uzoq muddatli transport-logistika hamkorligi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Mintaqaviy hamkorlikning institutsional rivojlanishida 2025-yil 15–16-noyabr kunlari Toshkent shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida boʼlib oʼtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi tarixiy ahamiyat kasb etdi. Sammitning eng muhim yakunlaridan biri – Ozarbayjonning ushbu formatga toʼlaqonli ishtirokchi sifatida qabul qilinishi boʼldi. Barcha davlat rahbarlari tomonidan bir ovozdan qoʼllab-quvvatlangan mazkur qoʼshilish natijasida «Markaziy Osiyo va Ozarbayjon» yangi formatidagi hamkorlik shakllandi.
Ushbu hamkorlikning markazida Transkaspiy xalqaro transport yoʼlagi (Oʼrta yoʼlak) turadi. Soʼnggi yillarda mazkur yoʼnalishga boʼlgan eʼtibor izchil ortib bormoqda: 2025-yil yakuniga koʼra Oʼrta yoʼlak orqali umumiy yuk tashish hajmi 4,7 mln tonnadan oshdi.
Oʼzbekiston uchun ushbu yoʼnalishning ahamiyati alohida yaqqol namoyon boʼlmoqda. Soʼnggi besh yil davomida Oʼzbekiston yuklarining Oʼrta yoʼlak orqali tashish hajmi ikki barobarga oʼsib, 2025-yil yakuniga kelib 1,3 mln tonnaga yetdi. Аgar 2021 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ushbu yoʼlak orqali tashilgan yuklarning ulushi 12 foizni tashkil etgan boʼlsa, 2025-yilga kelib mazkur koʼrsatkich 28 foizga koʼtarildi.
Oʼzbekiston yuklari uchun Transkaspiy transport yoʼlagi orqali yuk tashish hajmini 1,5 million tonnaga yetkazish maqsadida qoʼshma Ishchi guruh uchrashuvlari muntazam oʼtkazilib, Kaspiy dengizi orqali yuk tashish salohiyatini kengaytirish va yuk tashish hajmini oshirish boʼyicha chora-tadbirlar, shuningdek, kema xarid qilish masalalari muhokama qilib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Oʼzbekiston respublika hududidan oʼtuvchi xalqaro transport yoʼlaklarining jozibadorligini oshirish hamda Markaziy Osiyoni Yevroosiyo transport tarmogʼi bilan bogʼlovchi muqobil transport marshrutlarini shakllantirish maqsadida bir qator strategik ahamiyatga ega infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda. Ular qatorida Oʼzbekistonning faol ishtirokida amalga oshirilayotgan «Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston» temir yoʼli qurilishi loyihasi alohida oʼrin tutadi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʼra, mazkur yoʼl Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga olib boradigan eng qisqa yoʼlakni shakllantirib, masofani 900 kilometrga, yuklarni yetkazib berish vaqtini esa 7-8 kunga qisqartiradi. Loyiha ishga tushirilgach, ushbu yoʼnalish, shu jumladan, Oʼrta yoʼlak orqali oʼtuvchi yuk oqimining kelajakda keskin oshishi kutilmoqda.
Temir yoʼl qurilishi yakunlangunga qadar Oʼzbekiston mavjud xalqaro avtomobilь yoʼllari tarmogʼidan foydalangan holda, «Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston» marshruti boʼyicha yuk tashuvlarni tashkil etish orqali ushbu yoʼnalishni rivojlantirib bormoqda.
Yuk oqimlarini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi sifatida «Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari – Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa» (CASCA+) xalqaro mulьtimodal marshruti faol rivojlantirilmoqda. 2025-yilda ushbu marshrut doirasida 6 722 TEU hajmida konteyner tashuvlari amalga oshirilib, 2024-yilga nisbatan oʼsish 47 foizni tashkil etdi. Marshrut ishtirokchisi boʼlgan temir yoʼl maʼmuriyatlari tomonidan har yili 70 foizgacha tarif preferentsiyalari taqdim etilayotgani oʼzaro manfaatli tashuvlar hajmining izchil oshishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 2024-yilda Oʼzbekiston, Qirgʼiziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Tojikiston temir yoʼl idoralari ishtirokida «Evroosiyo transport marshruti» assotsiatsiyasining tashkil etilgani yoʼlakdagi logistik toʼsiqlarni tezkor bartaraf etishning institutsional platformasini yaratdi.
Yana bir istiqbolli transport yoʼnalishlardan «Oʼzbekiston – Аfgʼoniston – Pokiston» xalqaro transport yoʼlagi boʼlib, u Yevropa va MDH davlatlaridan Hind okeani portlarigacha boʼlgan masofani amaldagi yoʼlaklarga nisbatan 1000 kilometrgacha qisqartirish imkonini beradi hamda mintaqaviy bogʼliqlikning yangi oʼlchamini yaratadi.
Mazkur marshrutning mavjud transport yoʼnalishlari bilan uygʼunlikda rivojlantirilishi Yevroosiyo mintaqasining salmoqli qismini qamrab oluvchi yangi mulьtimodal transport yoʼlagini shakllantirish uchun zamin yaratadi:
«Janubiy Osiyo davlatlari (Pokiston, Hindiston) – Аfgʼoniston – Oʼzbekiston – Qozogʼiston – Ozarbayjon – Gruziya (Qora dengiz portlari) – Yevropa Ittifoqi» .
Shuningdek, infratuzilmaviy bogʼliqlikdan tashqari Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon oʼrtasida transport sohasidagi raqamli integratsiya ham izchil rivojlanib bormoqda. Bu borada Oʼzbekiston tashabbusi bilan xalqaro avtomobilь yuk tashuvlarida ruxsatnoma blankalarini elektron shaklda almashish imkonini beruvchi e-Permit tizimining joriy etilishi muhim amaliy ahamiyatga ega boʼldi. Xususan, 2025-yildan mazkur tizim Oʼzbekiston va Ozarbayjon oʼrtasida yoʼlga qoʼyilib, tashuvchilar uchun maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish, bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish hamda inson omilini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Eʼtiborlisi, jahon amaliyotida elektron ruxsatnomalar almashinuvi tizimi ilk bor 2021-yilda Oʼzbekiston va Turkiya oʼrtasida joriy etilgan edi. Keyingi yillarda mazkur tajriba bosqichma-bosqich kengaytirilib, 2024-yilda Qozogʼiston, 2025-yilda Ozarbayjon va Qirgʼiziston, 2026-yilda esa Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy bilan ham tatbiq etildi. Bu esa Oʼzbekistonning xalqaro transport jarayonlarini raqamlashtirish sohasida nafaqat mintaqada, balki global miqyosda ham ilgʼor tajriba shakllantirayotgan davlatlardan biriga aylanayotganini koʼrsatadi.
Xulosa oʼrnida taʼkidlash lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon oʼrtasidagi transport-logistika sohasidagi strategik sheriklik mintaqalarni oʼzaro bogʼlabgina qolmay, butun Yevroosiyo makonida yuk tashish zanjirlarining barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga toʼlaqonli qoʼshilishi, yirik temir yoʼl loyihalarining faol amalga oshirilishi, raqamli yechimlarning keng joriy etilishi hamda institutsional mexanizmlarning mustahkamlanishi yagona transport makonini shakllantirishning mustahkam poydevorini yaratmoqda. Bu esa, oʼz navbatida, mintaqa davlatlarining global taʼminot zanjirlariga uzviy integratsiyalashuvini taʼminlab, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning xalqaro tranzit tizimidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Sh.Аxmedov,
Oʼzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi
Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʼrganish Markazi yetakchi mutaxassisi
O'xshash yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar!
Oʼzbekiston va Serbiya: mehnat mobilligidan inson kapitali sohasidagi strategik sheriklik sari
Serbiya iqtisodiyoti rivojlanib, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, Oʼzbekiston bilan shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli bu ehtiyojni qonuniy, tartibli va ikki davlat institutlari nazoratida taʼminlash imkonini berishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyati muhokama qilindi
2026-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov raisligida olimlar, tarixchilar va turizm sohasi ekspertlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning turizm salohiyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.