Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston sement sanoatida uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha ilk kompleks baholash natijalarini taqdim etdi
Toshkent shahrida O‘zbekiston sement sanoatida issiqxona gazlari chiqindilari bo‘yicha ilk tizimli baholash natijalari muhokama qilindi hamda past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish sharoitida texnologik modernizatsiyaning ustuvor yo‘nalishlari mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.
Toshkent shahrida O‘zbekiston sement sanoatida issiqxona gazlari chiqindilari bo‘yicha ilk tizimli baholash natijalari muhokama qilindi hamda past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish sharoitida texnologik modernizatsiyaning ustuvor yo‘nalishlari mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.
Toshkent, 2026-yil 28-aprel. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda O‘zbekiston sement sanoatida uglerod chiqindilarini kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi.
Tadbirda davlat tashkilotlari, soha mutaxassislari, olimlar, sanoat korxonalari, moliya tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad sement sanoatida issiqxona gazlari chiqindilari bo‘yicha o‘tkazilgan baholash natijalarini muhokama qilish, shuningdek tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish va past uglerodli rivojlanishga o‘tish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Markaz direktorining o‘rinbosari Nozimjon Ortiqov tarmoqni rivojlantirish va uglerod izini kamaytirish o‘zaro bog‘liq vazifalar ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sement ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bir vaqtning o‘zida iqtisodiy o‘sishni taʼminlash va tarmoqning ekologik barqarorligini oshirish imkonini beradi.
O‘zbekistondagi BMTTD doimiy vakilining o‘rinbosari Anas Karman qurilish sohasining mamlakat iqtisodiyotidagi muhim o‘rnini taʼkidlab, sement ishlab chiqarishda past uglerodli yechimlarni jadal joriy etish zarurligini qayd etdi.
Markaz mutaxassislari Abdurashid Bozorov va Baxtiyor Ismoilov sement sanoatida issiqxona gazlari chiqindilari bo‘yicha kompleks bazaviy baholash natijalarini taqdim etdi. Ushbu baholash iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hukumatlararo ekspertlar guruhi metodologiyasi asosida tayyorlangan.
Sement sanoatini dekarbonizatsiya qilish O‘zbekistonning xalqaro iqlim majburiyatlari nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yangilangan maqsadlarga muvofiq, mamlakat 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulotning uglerod sig‘imini 2010-yilga nisbatan 50 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 2060-yilga borib uglerod neytralligiga erishish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, sement sanoati barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. So‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi ikki baravardan ortiq oshib, 2019-yildagi 10,5 million tonnadan hozirgi kunda 20 million tonnadan ziyod ko‘rsatkichga yetdi. Ekspertlar fikricha, infratuzilma va qurilish sohasining rivojlanishi tufayli talab yuqori darajada saqlanib qoladi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatda yillik umumiy quvvati taxminan 37 million tonna bo‘lgan 24 ta sement zavodi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, amaldagi ishlab chiqarish hajmi taxminan 21,5 million tonnani tashkil etmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, eng yirik 13 ta korxona umumiy ishlab chiqarish hajmining qariyb 95 foizini taʼminlamoqda. Bu esa ishlab chiqarishning yuqori darajada jamlanganini ko‘rsatib, texnologik modernizatsiya uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligini anglatadi.
Markaz baholashlariga ko‘ra, sementning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan klinker ishlab chiqarish bosqichida uglerod dioksidi chiqindilari yiliga taxminan 9 million tonnani tashkil etadi (energiya sarfi, yoqilg‘i va transport xarajatlari hisobga olinmagan holda). Shu munosabat bilan, yirik korxonalarni modernizatsiya qilish tarmoqda chiqindilarni kamaytirish salohiyatining asosiy qismini taʼminlashi qayd etildi.
Tadqiqot natijalari, jumladan sement ishlab chiqarishning taxminan to‘rtdan uch qismini taʼminlaydigan 16 ta yetakchi korxona o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov hamda xalqaro ko‘rsatkichlar bilan taqqoslama tahlillar tarmoqda uglerod izini kamaytirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, bu salohiyat sement tarkibini optimallashtirish, ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish va muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishni kengaytirish bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, tarmoqni yana-da rivojlantirish va “yashil” investitsiyalarni jalb etish moliyalashtirish sharoitlarini takomillashtirishni, zamonaviy texnologiyalarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishni, tartibga soluvchi jarayonlarni soddalashtirishni, shuningdek malakali kadrlar tayyorlash va ekologik toza mahsulotlarga bo‘lgan talabni shakllantirishni talab etadi.
Energiya samaradorligini oshirish, klinker ulushini kamaytirish, ortiqcha issiqlikni qayta ishlatish texnologiyalarini joriy etish va uglerodni ushlab qolish yechimlarini rivojlantirishni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish chiqindilarni barqaror kamaytirish hamda tarmoq raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
O'xshash yangiliklar
Oʻzbekiston Prezidenti “SOCAR” va “British Petroleum” bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni “Oʻzbekiston energetika haftaligi – 2026” forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi bosh direktori Ravshan Najaf hamda “British Petroleum” kompaniyasi rahbariyati Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi.
Turkiy makonning tranzit salohiyati: Integratsiyalashayotgan iqtisodiyotlar va yangi logistik yechimlar
XXI asrda global iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishi transport va logistika tizimlarining strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Turkiy davlatlar tashkiloti bilan munosabatlarning bugungi holati, qiyosiy dinamikasi va rivojlanish istiqbollari
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bilan munosabatlar 2026-yil holatiga kelib sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.