O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi
Mazkur muhim ilmiy-maʼrifiy loyiha buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Temuriylar davri xattotlik merosi – anʼanalar davomiyligi” mavzusidagi seminarda eʼlon qilindi.
Seminar islom sanʼati, tarix va filologiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, xattotlik sanʼatining maʼnaviy va madaniy ahamiyatini keng muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.
– Xattotlik maktabi Islom sivilizatsiyasi markazida ochish tashabbusi 2025 yil 29 yanvarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan taklif etilgandi. Bir yil o‘tgach, ushbu tashabbusni barcha xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlab, Temuriylar tamadduniga bag‘ishlangan konferensiya doirasida bu loyihaga start berildi. Xattotlik maktabining tashkil etilishi mamlakatimizda madaniy merosni asrash va targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomidir, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan nutqida.
Qayd etilganidek, Temuriylar davrida xattotlik sanʼati yuksak taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tarilib, madaniy yuksalish ramziga aylangan. Olimlar taqdim etgan maʼlumotlarga ko‘ra, Amir Temur markazlashgan davlat barpo etgach, turli o‘lkalardan eng mohir xattotlarni poytaxtga jamlagan. Suls, nastaʼliq va kufiy xat turlari o‘zining cho‘qqisiga chiqdi. “Boysung‘ur Qurʼoni” nomi bilan mashhur bo‘lgan qo‘lyozma nusxalar bitildi.
Xalqaro ekspertlar ushbu tashabbusni yuqori baholadi. Jumladan, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi o‘rni, uning yuksak estetik va maʼnaviy qiymati haqida fikr bildirdi. Turkiya Qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi Jo‘shqin Yilmaz Suleymaniya kutubxonasida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar haqida maʼlumot berib, ularning katta qismi Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq ekanini taʼkidladi. Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqan Islamic Heritage Foundation” direktori Sali Shaxsuvari esa Temuriylar davrini haqiqiy maʼrifiy va madaniy uyg‘onish davri sifatida baholadi.
Taʼkidlanishicha, Xattotlik maktabi nafaqat taʼlim muassasasi, balki ilmiy-tadqiqot va madaniy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash, qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
O'xshash yangiliklar
TIV rahbarining Turkmaniston Respublikasiga tashrifiga oid
2026-yil 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiyaning Turkmaniston Respublikasi Ashxobod shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston–Turkmaniston munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazildi.
Oʼzbekistonda xorijiy sayyohlar uchun QQSni qaytarish tizimi yoʼlga qoʼyildi
2026-yil 1-apreldan boshlab Oʼzbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida xorijiy fuqarolar uchun qoʼshilgan qiymat soligʼini (Tax Free) qaytarish tizimi joriy etildi.
Toskana gubernatori bilan o‘tkazilgan uchrashuvga oid
14-iyul kuni Tashqi ishlar vazirligida Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani bilan uchrashuv o‘tkazildi.