Namanganda goʻsht yetishtirish hajmi va sifati oshmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Namangan qoʻychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Namangan qoʻychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan keng imkoniyatlar tufayli amalga oshdi.
Umumiy qiymati 35 million dollar boʻlgan klaster tuman hududidan ajratilgan 10 gektar yer maydonida uch bosqichda yoʻlga qoʻyiladi.
Birinchi bosqichda xorijdan 15 ming bosh nasldor qoʻy olib kelinsa, ikkinchi bosqich yakunida chorva sonini yana 35 ming boshga koʻpaytirish reja qilingan. Yuqori mahsuldorlikka ega boʻlgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish koʻzda tutilgan.
Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali goʻsht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud. Loyihaning texnologik koʻrsatkichlariga koʻra, xorijdan olib kelingan 40-50 kilogramm vazndagi qoʻylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu har bir bosh qoʻydan 60-70 kilogrammgacha sof goʻsht olish demakdir.
Natijada anʼanaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlik 45-50 foizga oshadi va loyiha toʻliq quvvat bilan ishga tushganidan soʻng viloyatda yiliga 35-40 ming tonna sifatli goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarilishi taʼminlanadi.
Bu yerda 280 ta yangi doimiy ish oʻrni yaratilishi hamda 95 ta kambagʻal oila vakillarining bandligi taʼminlanishi mahalliy aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majmua negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga moʻljallangan savdo nuqtalari barpo etiladi. Natijada yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi.
Prezidentimiz ushbu korxona tajribasi chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlash va aholi bandligini oshirishda foydali ekanini qayd etib, uni ommalashtirishga topshiriq berdi.
O'xshash yangiliklar
Yaylovlarni tiklash va ulardan foydalanishning yangi tartibi koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv taʼminotini yaxshilash hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari OHIChK sammitida ishtirok etadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 14-15-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Issiqxona xo‘jaligiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.