O‘zbekiston xavfsiz va ochiq turistik yo‘nalish sifatida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqda
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida ishonchli va jadal o‘sishni namoyon etmoqda. Mamlakatga qariyb 12 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida ishonchli va jadal o‘sishni namoyon etmoqda. Mamlakatga qariyb 12 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.
Turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard AQSH dollaridan oshdi, bu O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini hamda uning mintaqadagi eng istiqbolli turistik yo‘nalishlardan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini tasdiqlaydi.
Ushbu natijalar turizm sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli qo‘lga kiritildi. Bu islohotlar infratuzilmani yaxshilash, transportga qulaylikni oshirish, xizmatlarni raqamlashtirish va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Mamlakatda turistik klasterlarni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda.
Respublikada xorijiy fuqarolar uchun kirish tartibi soddalashtirilgan. Jumladan, hozirgi kunda 94 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan, 52 ta davlat uchun elektron viza tizimi amal qiladi hamda 45 ta davlat fuqarolari uchun 5 kunlik tranzit vizasiz kirish imkoniyati mavjud.
Dunyodagi ayrim hududlarda kuzatilayotgan geosiyosiy beqarorlik, shu jumladan ayrim mamlakatlarda ommaviy namoyishlar va aksiyalar o‘tkazilishi fonida, sayyohlar xavfsizligi va ularning qulay dam olishi masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st davlat sifatida o‘z maqomini saqlab qolmoqda. Mamlakat barcha mehmonlar uchun — ularning millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar — ochiqdir. Hurmat, bag‘rikenglik va samimiy mehmondo‘stlik anʼanalari o‘zbek xalqi madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi.
Xalqaro reytinglar ham O‘zbekistonda xavfsizlik darajasi yuqori ekanini tasdiqlaydi. So‘nggi yillarda mamlakat global xavfsizlik indekslarida barqaror ravishda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, “International SOS Risk Map” maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston past xavfli (Low Risk) davlatlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, bu uni umumiy xavfsizlik darajasi bo‘yicha Yevropaning qator davlatlari bilan bir qatorga qo‘yadi.
«Numbeo Safety Index»ga ko‘ra, O‘zbekiston jahonning 148 davlati orasida 25-o‘rinni egallab, jinoyatchilik darajasining pastligini namoyon etmoqda. Shuningdek, “Solo Female Travel Safety Index” va “Safety Perceptions Index” reytinglarida O‘zbekiston dunyoda 1-o‘rinni egallab, ayollarning yakka tartibda sayohat qilishi uchun eng xavfsiz mamlakatlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Bundan tashqari, “Gallup Global Law and Order Index” bo‘yicha ham mamlakat jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotga bo‘lgan ishonch darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida qayd etilgan.
Ushbu baholarning barchasi birgalikda O‘zbekistonning xalqaro miqyosda xavfsiz, barqaror va qulay turistik yo‘nalish sifatidagi mustahkam imijini shakllantirmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlarga nafaqat Buyuk Ipak yo‘lining boy madaniy-tarixiy merosini, balki zamonaviy infratuzilma, qulay sharoitlar va ochiqlik muhitini ham taqdim etmoqda.
O'xshash yangiliklar
Prezident Yangi Toshkentda musiqali favvora loyihasi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Ko‘rfaz arab davlatlari diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Qatar Davlati, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Kuvayt Davlatining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.