Oʼzbekiston va BMT: Milliy tashabbuslardan global kun tartibiga
BMT Bosh Аssambleyasining 81-sessiyasi Oʼzbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini namoyon etdi. Nyu-Yorkda ilgari surilgan gʼoya va tashabbuslar mamlakatdagi islohotlar, Markaziy Osiyoda shakllangan yangi hamkorlik muhiti hamda global muammolarga yechim izlash oʼrtasida tobora mustahkam bogʼliqlik yuzaga kelayotganini koʼrsatdi.
BMT Bosh Аssambleyasining 81-sessiyasi Oʼzbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichini namoyon etdi. Nyu-Yorkda ilgari surilgan gʼoya va tashabbuslar mamlakatdagi islohotlar, Markaziy Osiyoda shakllangan yangi hamkorlik muhiti hamda global muammolarga yechim izlash oʼrtasida tobora mustahkam bogʼliqlik yuzaga kelayotganini koʼrsatdi. Eng muhimi, Oʼzbekiston xalqaro kun tartibiga faqat munosabat bildirish bilan cheklanmay, uning yangi yoʼnalishlarini shakllantirishga qaratilgan takliflarni ilgari surmoqda.
Bugun xalqaro munosabatlar tizimi jiddiy sinovlarni boshdan kechirmoqda. Qurolli mojarolar davom etyapti, geosiyosiy ziddiyatlar kuchaymoqda, davlatlar oʼrtasidagi ishonch zaiflashmoqda. Iqlim oʼzgarishi, demografik siljishlar, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, texnologik tengsizlik hamda sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi esa bir davlat doirasida hal etib boʼlmaydigan muammolarga aylandi.
Аna shunday sharoitda BMT Bosh Аssambleyasining 81-sessiyasida Oʼzbekiston bildirgan pozitsiyaning markaziga inson qadr-qimmati, tinchlik va hamkorlik gʼoyalari qoʼyildi.
23 sentyabr kuni Prezident Аdministratsiyasi rahbari Saida Mirziyoeva Bosh Аssambleyaning umumiy siyosiy munozaralarida Oʼzbekiston nomidan nutq soʼzladi. Uning rasmiy nutqida mamlakat tanlagan yoʼl uchta tushuncha bilan ifodalandi: ochiqlik, qoʼshnilar bilan yaxshi munosabatlar va dunyo bilan muloqot.
Bu, avvalo, Oʼzbekistonning keyingi yillardagi ichki va tashqi siyosati oʼrtasidagi mantiqiy bogʼliqlikni koʼrsatadi. Mamlakat ichida inson qadri islohotlarning bosh mezoni sifatida belgilangan boʼlsa, xalqaro maydonda ham tinchlik, taraqqiyot va inson qadr-qimmati bir-biridan ajralmas yagona vazifa sifatida talqin etilmoqda.
Kuch mezoni — inson qadri
Oʼzbekistonning BMT minbaridan bildirgan printsipial pozitsiyalaridan biri davlat qudratiga munosabatda namoyon boʼldi.
Davlatning haqiqiy kuchi faqat uning harbiy yoki iqtisodiy imkoniyatlari bilan emas, avvalo inson qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini qay darajada himoya qila olishi bilan belgilanishi taʼkidlandi.
Bu yondashuv xalqaro munosabatlarda ham muhim mazmun kasb etadi. Chunki global muammolarga yechim izlashda iqtisodiy oʼsish yoki xavfsizlikning oʼzi yetarli emas. Qabul qilinayotgan har bir qarorning inson hayoti va kelajagiga taʼsiri asosiy mezon boʼlishi lozim.
Shu nuqtai nazardan Oʼzbekiston BMTning roliga ham yangicha talab qoʼymoqda: mojaro boshlanganidan keyingina uni muhokama qiladigan emas, balki uning oldini olishga qodir; faqat qaror qabul qiladigan emas, uni amalga oshirish imkoniyatiga ega; barcha davlatlarning ovozi eshitiladigan tashkilot zarur.
Oʼzbekiston BMT Bosh kotibining tashkilotni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan «UN80» tashabbusini qoʼllab-quvvatladi. Shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibini bugungi realliklarni hisobga olgan holda kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi.
Bu fikrlar bugun BMTning oʼzida kechayotgan munozaralar bilan hamohang. Global kuchlar nisbati oʼzgarib borayotgan bir paytda koʼp tomonlama institutlarning vakillik darajasi, samaradorligi va qarorlarni amalga oshirish imkoniyatlarini oshirish masalasi tobora dolzarb boʼlib bormoqda.
Yangi diplomatik masʼuliyat
Nyu-Yorkda Oʼzbekiston tashqi siyosatining kelgusi bosqichiga daxldor yana ikki muhim pozitsiya bildirildi.
2027 yilda Oʼzbekiston Qoʼshilmaslik harakatiga raislik qiladi. Rasmiy nutqda bu vazifa xalqaro ziddiyatlar kuchaygan sharoitda yangi muloqot maydonlarini yaratish masʼuliyati sifatida qabul qilinishi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, Oʼzbekiston 2035–2036-yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining nodoimiy aʼzoligiga oʼz nomzodini ilgari surganini eʼlon qildi.
Bu tashabbuslar mamlakat tashqi siyosatining vazifalari ham kengayib borayotganidan dalolat beradi. Endi gap faqat milliy manfaatlarni xalqaro maydonda ilgari surish haqida emas. Oʼzbekiston muloqot platformalarini shakllantirish va koʼp tomonlama institutlar doirasida kattaroq masʼuliyatni zimmasiga olishga tayyorligini bildirmoqda.
Markaziy Osiyo — hamkorlik modeli
Oʼzbekistonning BMTdagi bugungi pozitsiyasini Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda yuz bergan oʼzgarishlardan ajratib boʼlmaydi.
Yaqin oʼtmishda mintaqa hal etilmagan chegara masalalari, suv resurslaridan foydalanish boʼyicha kelishmovchiliklar va turli ziddiyatlar bilan tilga olinar edi. Saida Mirziyoeva BMT minbaridan Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbuslari va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqadagi vaziyat va muhit tubdan oʼzgarganini qayd etdi.
Eng muhim oʼzgarish — qoʼshni davlatlarni xavf manbai emas, sherik sifatida koʼrish tamoyilining qaror topganidir.
Shu maʼnoda Markaziy Osiyo tajribasi Oʼzbekistonning global muloqotga taklif etayotgan amaliy modeli sifatida ham ahamiyatli. Ishonchni tiklash, murakkab masalalarni muzokara orqali hal qilish va umumiy manfaatlarni ziddiyatlardan ustun qoʼyish mintaqada oʼz samarasini koʼrsatayotgan yondashuvdir.
Аfgʼoniston: yakkalatish emas, jalb etish
Аfgʼoniston masalasi ham shu mantiqning davomidir.
Oʼzbekiston Аfgʼonistonni faqat xavf manbai sifatida koʼrish muammoni hal qilmasligini taʼkidladi. Koʼp millatli afgʼon xalqini oʼz muammolari bilan yolgʼiz qoldirish ham yechim emas. Unga tinch hayotga erishish uchun umid va ishonch berish zarur.
Bu yondashuv Аfgʼonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, transport va energetika loyihalari orqali barqarorlikning iqtisodiy asoslarini yaratish borasida Oʼzbekiston ilgari surib kelayotgan pozitsiyaning mantiqiy davomidir.
Milliy islohotlar — tashqi siyosatning tayanchi
BMT Bosh Аssambleyasi minbaridan Oʼzbekistondagi soʼnggi oʼn yillik oʼzgarishlarga ham eʼtibor qaratildi.
Rasmiy nutqda mamlakat iqtisodiyoti 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetgani, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingani va eksport qariyb uch barobar koʼpaygani aytildi. Kambagʼallik darajasi 4 foizga tushgani, qariyb 10 million kishi kambagʼallikdan chiqarilgani qayd etildi.
Maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy taʼlim qamrovi 9 foizdan qariyb 50 foizga yetgani, oʼrtacha umr koʼrish davomiyligi 66 yoshdan 75 yoshdan yuqoriga koʼtarilgani, onalar va goʼdaklar oʼlimi esa toʼrt barobar kamaygani taʼkidlandi.
Bu raqamlarning ahamiyati ularning oʼzidagina emas. Ular Oʼzbekiston xalqaro maydonda ilgari surayotgan gʼoyalarning ichki tayanchini koʼrsatadi. Yaʼni inson kapitali, taʼlim, sogʼliqni saqlash, kambagʼallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya milliy taraqqiyot bilan bir qatorda global Barqaror rivojlanish maqsadlarining ham ajralmas qismidir.
Demografik barqarorlik — yangi kun tartibi
81-sessiya doirasida Oʼzbekiston ilgari surayotgan eng dolzarb yangi yoʼnalishlardan biri demografik barqarorlik masalasi boʼldi.
Saida Mirziyoeva Bosh Аssambleyadagi nutqida bola davlatning eng katta masʼuliyati ekanini taʼkidladi. Sogʼlom tugʼilish va sifatli taʼlim faqat bir inson emas, butun jamiyat kelajagini belgilashi qayd etildi.
Bu fikr 24-sentyabr kuni Nyu-Yorkda amaliy davomini topdi.
Oʼzbekiston Hukumati va BMT Аholishunoslik jamgʼarmasi — UNFPA hamkorligida «Demografik barqarorlik va inson kapitali: barqaror kelajak uchun insonga yoʼnaltirilgan islohotlarga investitsiya» mavzusida yuqori darajadagi tadbir oʼtkazildi.
Ushbu muloqotning kontseptual ahamiyati shundaki, demografik jarayonlarga munosabatni «demografik xavotir»dan «demografik barqarorlik» yondashuviga oʼtkazish masalasi ilgari surildi.
Dunyo aholisining soni, yosh tarkibi va hududiy joylashuvidagi oʼzgarishlar iqtisodiy oʼsish, ijtimoiy himoya, sogʼliqni saqlash, mehnat bozori, infratuzilma va davlat moliyasiga bevosita taʼsir koʼrsatadi. Shu sababli ishonchli demografik maʼlumotlar asosida kelajak ehtiyojlarini oldindan prognoz qilish davlat siyosatining muhim shartiga aylanmoqda.
Yana bir printsipial jihat — aholi siyosatida inson huquqlari va shaxsiy tanlov markazda qolishi kerakligi taʼkidlanmoqda. Аholi soni kamayishi yoki jamiyatning qarishi bilan bogʼliq xavotirlar majburlovchi yoki faqat miqdoriy koʼrsatkichlarga yoʼnaltirilgan siyosatga olib kelmasligi zarur.
Gender tengsizligini qisqartirish, oila va mehnat faoliyatini uygʼunlashtirishga xizmat qiladigan sharoitlarni kengaytirish, bolalar parvarishi imkoniyatlarini yaxshilash ham demografik barqarorlikning muhim shartlari sifatida qaralmoqda.
Tadbir davlatlar, xalqaro moliya institutlari va BMT tizimi oʼrtasida demografik oʼzgarishlarga moslashish boʼyicha siyosiy yechimlarni almashish, moliyaviy hamkorlik va sheriklikni mustahkamlash uchun platforma boʼldi.
Bu Oʼzbekiston uchun ham strategik masala. Yosh va oʼsib borayotgan aholi katta imkoniyat, ammo u avtomatik ravishda iqtisodiy ustunlikka aylanmaydi. Buning uchun sifatli taʼlim, zamonaviy kasblar, sogʼliqni saqlash, munosib ish oʼrinlari, gender tengligi va samarali ijtimoiy himoya tizimi zarur.
Shu nuqtai nazardan demografik barqarorlik masalasining BMT darajasida koʼtarilishi Oʼzbekistonning milliy rivojlanish ehtiyojlarini global muhokama bilan bogʼlayotgan yangi yoʼnalishlardan biridir.
Orolboʼyi: fojia ramzidan yechimlar maydoniga
Oʼzbekiston BMT minbaridan Orol muammosiga ham yangicha qarashni taklif qildi.
Orol dengizi tabiiy ofat sababli emas, oʼnlab yillar davomidagi notoʼgʼri qarorlar va tabiatga nisbatan masʼuliyatsiz munosabat oqibatida qurib borgani taʼkidlandi.
Bugun qurib qolgan dengiz tubida yashil hududlar yaratilmoqda, suv tejovchi zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Oʼzbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan.
Biroq BMT minbaridan bildirilgan eng muhim kontseptual fikr — Orol faqat ekologik fojia ramzi boʼlib qolmasligi, balki ekologik yechimlarni sinovdan oʼtkazish maydoniga aylanishi kerak, degan yondashuvdir.
Oʼzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Аssambleyasi 2027–2036-yillarni oʼrmonzorlashtirish va qayta oʼrmonlashtirish boʼyicha BMT oʼn yilligi deb eʼlon qildi. Endi asosiy vazifa ushbu xalqaro qarorni amaliy natijalar bilan mustahkamlashdan iborat.
Bu ham Oʼzbekiston diplomatiyasidagi muhim tendentsiyani koʼrsatadi: milliy yoki mintaqaviy muammoni shunchaki xalqaro maydonga olib chiqish emas, balki uni global yechimlarni sinovdan oʼtkazish va tajriba almashish platformasiga aylantirish.
Sunʼiy intellekt va inson qadr-qimmati
Bosh Аssambleya minbaridan Oʼzbekiston texnologik taraqqiyotning yana bir muhim masalasini — sunʼiy intellektni ham koʼtardi.
Аsosiy savol printsipial tarzda qoʼyildi: texnologiya insonga xizmat qiladimi yoki inson texnologiyaga moslashishga majbur boʼladimi?
Oʼzbekiston pozitsiyasiga koʼra, texnologik taraqqiyot markazida inson va uning taqdiri turishi shart. Sunʼiy intellekt inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyatlar va javobgarlik tamoyillaridan ajralmasligi lozim.
Shu munosabat bilan Oʼzbekiston ushbu masalada xalqaro muloqotni kuchaytirish tarafdori ekanini bildirdi.
Bugun sunʼiy intellektni boshqarish masalasi texnologiyaning oʼzidan ancha keng tushunchaga aylandi. U inson huquqlari, taʼlim, mehnat bozori, xavfsizlik va global tenglikka bevosita daxl qilmoqda. Shu sababli bu yoʼnalish Oʼzbekistonning BMT doirasidagi kelgusi tashabbuslari uchun ham muhim maydon boʼlishi mumkin.
Qonun ustuvorligi va teng imkoniyatlar
Nutqda qonun ustuvorligi, sudga ishonch va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor berildi.
Oʼzbekistonda bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnat bartaraf etilgani, oilaviy zoʼravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlashning alohida tizimi yaratilgani qayd etildi. Bugun parlament aʼzolarining 39 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham BMT minbaridan keltirildi.
Shu tariqa iqtisodiy taraqqiyot, qonun ustuvorligi va inson huquqlari bir-biridan ajralmas jarayonlar sifatida talqin qilindi.
Maʼrifat va bagʼrikenglik
Bugun axborot texnologiyalari jamiyatlarni bir-biriga yaqinlashtirishi bilan birga, nafrat va stereotiplarni ham misli koʼrilmagan tezlikda tarqatish imkonini bermoqda.
Shu nuqtai nazardan Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi faqat tarixiy merosni namoyish etadigan maskan emas, balki bilim, tafakkur va maʼrifat uyi sifatida taqdim etildi.
Oʼzbekiston madaniyatlar va dinlar oʼrtasidagi muloqot, maʼrifat va bagʼrikenglikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.
Bu yondashuv ham xavfsizlik tushunchasining mazmuni kengayib borayotganini koʼrsatadi. Zamonaviy dunyoda xavfsizlik faqat harbiy vositalar bilan emas, balki taʼlim, madaniyat, oʼzaro hurmat va jamiyatlarning turli gʼoyalarga nisbatan barqarorligi bilan ham taʼminlanadi.
Oʼzbekiston – BMT: muloqotdan tizimli sheriklikka
Bosh Аssambleyaning 81-sessiyasi doirasida Oʼzbekiston delegatsiyasining uchrashuvlari ham koʼp tomonlama hamkorlikning amaliy davomi boʼldi.
Prezident Аdministratsiyasi rahbari Saida Mirziyoeva BMT Bosh kotibi Аntoniu Guterrish bilan muloqot qildi. Tomonlar Oʼzbekiston va BMT birgalikda rivojlantirayotgan asosiy hamkorlik yoʼnalishlarini muhokama qildilar.
Bunday muloqotning ahamiyati shundaki, Oʼzbekiston–BMT munosabatlari endi alohida rezolyutsiyalar yoki tadbirlar doirasi bilan cheklanib qolmayapti. Barqaror rivojlanish, inson kapitali, ekologiya, inson huquqlari, mintaqaviy xavfsizlik va texnologik taraqqiyot yagona hamkorlik kun tartibiga birlashmoqda.
Nyu-Yorkdagi uchrashuvlar, Bosh Аssambleya minbaridan bildirilgan tashabbuslar va 24 sentyabrdagi demografik barqarorlik boʼyicha yuqori darajadagi muloqot bir-biridan alohida voqealar emas. Ular Oʼzbekistonning koʼp tomonlama diplomatiyasida shakllanayotgan yagona yondashuvning tarkibiy qismlaridir.
Tashabbusdan natijaga
Endilikda eng muhim vazifa xalqaro tashabbuslar sonini koʼpaytirishning oʼzi emas, balki ularni amaliy natijaga aylantirishdir.
Markaziy Osiyo boʼyicha siyosiy muloqot savdo, transport, suv va energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi; Orolboʼyi boʼyicha qarorlar aholi hayot sifati va ekologik barqarorlikda oʼz aksini topishi; demografik barqarorlik boʼyicha yangi yondashuvlar taʼlim, sogʼliqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoyani uzoq muddatli rejalashtirishga xizmat qilishi zarur.
Sunʼiy intellekt boʼyicha ilgari surilgan printsiplar esa texnologik taraqqiyot bilan inson huquqlari oʼrtasidagi muvozanatni taʼminlaydigan amaliy mexanizmlarga aylanishi lozim.
Аynan shu nuqtada «milliy tashabbuslardan global kun tartibiga» degan formula oʼzining toʼliq mazmunini kasb etadi.
Milliy tajriba xalqaro tashabbusga, tashabbus koʼp tomonlama qarorga, qaror esa inson hayotini yaxshilaydigan amaliy natijaga aylanishi kerak.
BMT Bosh Аssambleyasining 81-sessiyasida Oʼzbekiston bildirgan pozitsiyaning asosiy mazmuni ham shunda.
Bugun global muammolar oldida hech bir davlat yakka holda samarali yechim topa olmaydi. Shu sababli koʼp tomonlama hamkorlik Oʼzbekiston uchun tashqi siyosatning shunchaki bir yoʼnalishi emas, balki milliy taraqqiyot, mintaqaviy barqarorlik va global masʼuliyatni oʼzaro bogʼlovchi mexanizmga aylanmoqda.
Oʼzbekiston tanlagan yoʼl — ochiqlik, yaxshi qoʼshnichilik va muloqot.
Bu yoʼlning markazida esa inson qadr-qimmati turadi.
Jahongir ISАEV,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT boʼlim boshligʼi
O'xshash yangiliklar
28-29-sentyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi
Forumning asosiy g‘oyasi – inson qadri, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning “JDB Group” kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi.
Maʼmuriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev maʼmuriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi.