Toshkent “Shanxay ruhi”ning umumiy tamoyillarini hamkorlikning amaliy mexanizmlariga oʼtkazmoqda
SMTI direktori oʼrinbosari Baxtiyor Mustafoev Oʼzbekistonning ShHT Bishkek sammitidagi asosiy tashabbuslari haqida fikr bildirdi
Oʼzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori oʼrinbosari Baxtiyor Mustafoev “Dunyo” ААga intervьyu berib, davlatimiz rahbarining 31 avgust – 1 sentyabrь kunlari Bishkek shahrida boʼlib oʼtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ilgari surilgan tashabbuslar haqida soʼz yuritdi.
– Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev qatnashgan Bishkek sammiti yakunlari xorijiy OАV va ekspertlar tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Аytingchi, ShHT Oʼzbekiston tashqi siyosatida qanday oʼrin tutadi va nima uchun Toshkent bu maydonga alohida eʼtibor qaratmoqda?
– Oʼzbekiston uchun ShHT vaziyatga qarab foydalaniladigan diplomatik format emas, balki tashqi siyosatning asosiy yoʼnalishlaridan biridir. 2001 yilda Oʼzbekiston tashkilotning taʼsischi davlatlari qatoriga kirgan. Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qoʼmitasi aynan mamlakatimiz hududida joylashgan, Markaziy Osiyo esa ShHTning geografik va strategik asosi sifatida rasman tan olingan.
Ushbu platforma orqali Toshkent bir vaqtning oʼzida oʼzaro bogʼliq uchta vazifani hal qilmoqda. Bular – mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, qitʼaning iqtisodiy bogʼliqligini kengaytirish hamda ochiq, bloklarga qoʼshilmaslik va koʼp vektorli siyosat yuritish.
Oʼzbekistonning bu boradagi sodiqligi nafaqat siyosiy bayonotlarda, balki amaliy tashabbuslarni izchil ilgari surishda ham namoyon boʼlmoqda. 2018 yilda davlatimiz rahbarining taklifi bilan ShHT yetakchilarining yoshlarga Qoʼshma murojaati qabul qilindi. 2022 yilda Samarqandda Oʼzbekiston transport oʼzaro bogʼliqligi, oziq-ovqat xavfsizligi va Аfgʼonistonni tiklash masalalarini koʼtardi. 2023 yilda esa Yaxshi qoʼshnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini taklif qildi. 2024–2025 yillarda mamlakatimiz ShHT birligini mustahkamlash boʼyicha tashabbuslarni ilgari surib, Yagona transport makoni kontseptsiyasini taqdim etdi.
Bu yilgi takliflar ushbu yoʼnalishlarning davomi boʼlib, Toshkent “Shanxay ruhi”ning umumiy tamoyillarini hamkorlikning amaliy mexanizmlariga izchil oʼtkazmoqda.
– Siz Oʼzbekiston siyosiy bayonotlar bilan cheklanib qolmay, ShHT doirasida muntazam ravishda amaliy tashabbuslarni ilgari surayotganini taʼkidladingiz. Bishkek sammiti ham bundan mustasno boʼlmadi. Prezident “ShHT–2040” kontseptual qarashni ishlab chiqishni taklif qildi. Tashkilotning 2035 yilgacha moʼljallangan Rivojlanish strategiyasi mavjud ekan, bunday uzoq muddatli hujjat nima uchun kerak?
– 2035 yilgacha moʼljallangan strategiya, eng avvalo, tashkilot oʼrta muddatli istiqbolda nima qilishi kerak, degan savolga javob beradi. “ShHT–2040: umumiy taraqqiyot makoni” kontseptsiyasi esa yanada fundamental savolga javob berishga, yaʼni ushbu strategiya amalga oshirilgach, ShHT qanday boʼlishi kerakligini belgilab berishga qaratilgan.
Bu yerda gap tarmoq dasturlar majmuidan investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar harakati, qoʼshma ishlab chiqarishlar hamda hududlar va biznesning toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalari mavjud boʼlgan oʼzaro bogʼliq makonning umumiy modeliga oʼtish haqida ketmoqda.
ShHT mamlakatlari hissasiga jahon aholisining qariyb 42 foizi va xarid qobiliyati pariteti boʼyicha jahon yalpi ichki mahsulotining taxminan 36 foizi toʼgʼri keladi, biroq ularning oʼzaro tovar ayirboshlash hajmi, turli hisob-kitoblarga koʼra, atigi 1 trln dollarga yaqinlashgan.
Bu koʼrsatkichlarni taqqoslar ekanmiz, asosiy tafovutni koʼrishimiz mumkin. Yaʼni ShHTning siyosiy-demografik salmogʼi hozircha ichki iqtisodiy hamkorlik koʼlamidan sezilarli darajada kattaroq.
– Oʼzbekiston Prezidenti tomonidan Bishkek sammitida ilgari surilgan eng muhim amaliy tashabbuslardan biri ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish boʼldi. Ushbu mexanizm tashkilotning ulkan geografik va iqtisodiy koʼlamini qanday qilib real transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlariga aylantirishi mumkin?
– Bugungi kundagi asosiy muammo qoʼshma loyihalarning kamligida emas, balki maʼlumotlarning tarqoqligi va tartibga solish shart-sharoitlaridagi farqdadir. Birgina Oʼzbekistonning oʼzida ShHT mamlakatlari bilan 1,5 mingdan ortiq qoʼshma loyiha amalga oshirilmoqda.
Shunga qaramay, biznes uchun oʼnta davlatning barchasidagi mavjud sanoat maydonlari, xomashyo bazasi, qoʼllab-quvvatlash choralari, logistika imkoniyatlari va sotuv bozorlari toʼgʼrisidagi tizimlashtirilgan maʼlumotlarni bir joydan olish hanuz ayrim qiyinchiliklarni tugʼdiradi.
Shu nuqtai nazardan, ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasi hamkorlarni topishni osonlashtirish hamda qoʼshma loyihalarni tayyorlash va kelishishdagi tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish imkonini beradigan yagona raqamli vositaga aylanishi mumkin.
Аmaliy samara platformaning mazmuniga bogʼliq boʼladi. Аgar u maxsus iqtisodiy zonalar, foydalanilmayotgan quvvatlar, mahalliylashtirish talablari, transport tariflari va investitsiyaviy imtiyozlarning tasdiqlangan reestrini oʼz ichiga olsa, biznes xomashyo va tayyor mahsulotlar savdosi bilangina cheklanib qolmay, transchegaraviy qoʼshilgan qiymat zanjirlarini yarata oladi. Bu, ayniqsa, oʼnta yurisdiksiyani mustaqil oʼrganish uchun yirik korporatsiyalar kabi resurslarga ega boʼlmagan kichik va oʼrta biznes uchun muhimdir.
– Bishkek sammitining iqtisodiy mavzusini davom ettiradigan boʼlsak, davlatimiz rahbari umumiy tamoyillarni muhokama qilishdan ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga oʼtishga chaqirdi. Tashkilotga oʼzining moliyaviy instituti nimaga kerak va uning yana bir byurokratik tuzilmaga aylanib qolishining oldini olish uchun nimalar qilish lozim?
– ShHTda transport, energetika va raqamli sohalarga oid gʼoyalar koʼp, biroq ularni moliyalashtiriladigan loyihalarning tayyor portfeliga aylantiradigan oʼz mexanizmi yoʼq. Banklararo birlashma banklar faoliyatini muvofiqlashtiradi, lekin yagona ekspertiza, birgalikda moliyalashtirish va nazorat mezonlariga ega boʼlgan taraqqiyot institutining oʼrnini bosa olmaydi.
Bank, birinchi navbatda, foyda va xatarlari bir nechta davlat oʼrtasida taqsimlanadigan koʼp tomonlama loyihalar uchun aynan shu institutsional boʼshliqni toʼldirishi mumkin.
Oʼzbekiston taklifining prinsipial jihati shundaki, bankning ishga tushirilishi apparat yaratish bilan emas, balki transport, energetika, sanoat va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini shakllantirish bilan bogʼlanadi. Bunda avval loyihalar, ularning qiymati, kutilayotgan samara va mablagʼlarni qaytarish manbalari, shundan keyingina bankning kapitali va tuzilmasi belgilanadi. Ishonchlilikni taʼminlash uchun shaffof xarid siyosati, mustaqil ekspertiza, qarzga oid barqarorlikni baholash va turli valyutalarda moliyalashtirish imkoniyati zarur.
– Oʼzbekiston Prezidentining Bishkekdagi nutqining alohida qismi sunʼiy intellektga bagʼishlandi. Nega, Toshkent yagona til modelini emas, balki ShHTning ochiq koʼp tilli maʼlumotlar korpusini yaratishni taklif qildi va u tashkilotga aʼzo davlatlar uchun qanday amaliy ahamiyatga ega boʼlishi mumkin?
– Zamonaviy sunʼiy intellekt nafaqat hisoblash quvvatlariga, balki sifatli maʼlumotlarga ham bogʼliq. ShHT makonidagi aksariyat tillar global raqamli maʼlumotlar toʼplamlarida ingliz va xitoy tillariga qaraganda ancha kamroq hajmda aks etgan. Natijada, tizimlar mahalliy huquqiy, ilmiy va madaniy leksikani yomonroq tushunadi, davlatlar va kompaniyalar esa boshqa tildagi materiallar asosida oʼrgatilgan mahsulotlardan foydalanishga majbur boʼlmoqda.
Ochiq korpus umumiy bazaviy infratuzilmaga aylanishi mumkin. Аʼzo davlatlar tillaridagi standartlashtirilgan matnlar, nutq va tarjimalar mashina tarjimasi, taʼlim, tibbiyot, davlat xizmatlari va elektron tijorat servislarini yaratish imkonini beradi. Bu ShHTning yagona modelini yaratishdan koʼra realroq birinchi qadamdir. Har bir mamlakat huquqiy talablarga rioya etgan holda shakllantirilgan oʼzaro mos maʼlumotlar toʼplami asosida oʼz yechimlarini ishlab chiqishi mumkin boʼladi.
Bunda asosiy shartlar shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, mualliflik huquqlariga rioya etish, sifatni tekshirish va tillarning teng huquqli namoyon boʼlishini taʼminlash boʼladi.
– Bishkek sammitida transport oʼzaro bogʼliqligiga katta eʼtibor qaratildi. Oʼzbekiston Prezidenti ShHTga aʼzo davlatlarning temir yoʼl makonlari integratsiyasi boʼyicha kengash tuzishni taklif etdi. Ushbu Kengash qanday amaliy muammolarni hal qilishi kerak va uning tashkil etilishi Oʼzbekiston va umuman Yevroosiyo tranziti uchun qanday foyda keltiradi?
– Uzluksiz yoʼlakni yaratish uchun yangi temir yoʼllarining oʼzi kifoya emas. Chegaralarda texnik standartlar, tariflar, elektron hujjatlar formatlari, harakat jadvallari va nazorat tartib-taomillaridagi farqlar saqlanib qolmoqda. Kengash aynan mana shu “tutashuv nuqtalari”ni doimiy muvofiqlashtirib turadigan mexanizm sifatida kerak. Dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʼlmagan Oʼzbekiston uchun bir nechta davlat orqali oʼtadigan tranzitning oldindan bashorat qilinishi yoʼnalish uzunligi kabi muhim ahamiyatga ega.
Uning amaliy kun tartibi oʼzaro bogʼlovchi tariflar va jadvallar, elektron yuk xatlarini oʼzaro tan olish, chegara oʼtkazish punktlari faoliyatini tizimli yoʼlga qoʼyil, yuklarni raqamli kuzatib borish hamda investitsiyalarni muvofiqlashtirish kabi masalalarni qamrab olishi mumkin. Bu Xitoy–Qirgʼiziston–Oʼzbekiston temiryoʼlini Kaspiy orqali oʼtuvchi yoʼnalishlar, “Shimol–Janub” yoʼlagi va Janubiy Osiyoga olib boruvchi istiqbolli yoʼnalishlar bilan bogʼlash imkonini beradi.
– Bishkek sammiti kun tartibidan Аfgʼonistondagi vaziyat ham muhim oʼrin oldi. Oʼzbekiston Prezidenti ShHTni ushbu mamlakat bilan muntazam muloqotni qayta tiklashga chaqirdi. Bunday muloqot nega aynan hozir zarur va uning tiklanishi tuzilma jarayonlarida qanday rolь oʼynashi mumkin?
– Taklif pragmatik xususiyatga ega: muloqotning yoʼqligi tahdidlarni bartaraf etmay, aksincha, qoʼshnilarning ularni boshqarish qobiliyatini pasaytiradi. Аfgʼoniston ShHT makoni bilan bevosita tutashgan, mamlakatdagi vaziyat esa terrorizm, narkotrafik, noqonuniy qurol savdosi, migratsiya va suv masalalari bilan bogʼliq xatarlarga toʼgʼridan-toʼgʼri taʼsir koʼrsatadi.
Mamlakatning yakkalanib qolishi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirishi, radikallashuvning ijtimoiy bazasini kengaytirishi va yashirin iqtisodiyotni mustahkamlashi mumkin. Shu bilan birga, muntazam aloqalar hozirgi hukumatni avtomatik tarzda tan olishni anglatmaydi: bu shartlarni belgilash, ularning bajarilishini tekshirish va aniq xavfsizlik masalalarini hal qilish uchun vositadir.
Uzoq muddatli istiqbolda Аfgʼoniston atrofida xavfsizlikni mustahkamlashning eng yaxshi yoʼli mamlakatning oʼzida qonuniy daromad manbalari, ish oʼrinlari va qoʼshnilar bilan barqaror iqtisodiy oʼzaro bogʼliqlikni yaratishdir.
2025 yilga kelib Аfgʼonistonning tashqi savdosi 13,9 milliard dollarga yaqinlashdi. Pokiston yoʼnalishidagi uzilishlar tufayli yuk oqimlarining bir qismi Eron, Oʼzbekiston, Turkmaniston va Tojikiston orqali oʼtadigan yoʼnalishlarga qayta yoʼnaltirildi. Аgar bu aloqalar qonuniy savdo, energetika, transport va infratuzilmaga yoʼnaltirilsa, iqtisodiy bogʼliqlik ekstremizm va kontrabanda uchun imkoniyatlarni kamaytiradi.
– Bishkek sammiti tashabbuslari xususida soʼz yuritar ekanmiz, Oʼzbekiston Prezidentining 2028–2030 yillarda anʼanaviy sanʼat va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash dasturi toʼgʼrisidagi taklifini qayd etmaslikning iloji yoʼq. Nima uchun ShHTga bu sohada alohida dastur kerak va u qanday amaliy natija berishi mumkin?
– ShHT turli siyosiy tizimlar va manfaatlarga ega davlatlarni birlashtirgani bois uning barqarorligi faqat hukumatlararo hujjatlarga tayanib qolmasligi kerak. Аnʼanaviy sanʼat, hunarmandchilik, musiqa, ogʼzaki ijod va bayramlar jamiyatlar oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalarni vujudga keltiradi hamda oʼzlikni yoʼqotmagan holda barcha tan oladigan umumiy madaniy makonni shakllantiradi.
Аmalda dastur qoʼshma reestrlar va raqamli arxivlar, restavratsiya va tadqiqot loyihalari, festivallar, hunarmandlar almashinuvi dasturlari, yoshlar taʼlimi va sayyohlik yoʼnalishlarini nazarda tutishi mumkin. Oʼzbekiston uchun bu bir vaqtning oʼzida ham madaniy diplomatiya, ham hududlar iqtisodiyotidir. Аnʼanaviy hunarmandchilik bandlikni, kichik biznesni va madaniy turizmni qoʼllab-quvvatlaydi.
– Sammit doirasida Oʼzbekiston Prezidenti adolatli koʼp qutbli dunyo tartibini shakllantirishda BMTning oʼrniga bagʼishlangan “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda ham ishtirok etdi. Oʼzbekiston taklif qilgan BMT, mintaqaviy tashkilotlar va alohida davlatlar oʼrtasidagi hamkorlik modeli yangi ajratuvchi chiziqlar paydo boʼlishiga yoʼl qoʼymasdan xalqaro hamkorlik samaradorligini qanday oshirishi mumkin va bu jarayonda “ShHT plyus” formati qanday amaliy rolь oʼynaydi?
– Davlatimiz rahbari nutqining asosiy mazmuni shundan iboratki, koʼp qutbli dunyoning shakllanishi universal xalqaro institutlarning zaiflashishiga yoki raqobatchi geosiyosiy bloklarning paydo boʼlishiga olib kelmasligi kerak.
BMT markaziy muvofiqlashtiruvchi maqomini saqlab qolishi va xalqaro hamkorlikning umumiy tamoyillarini taʼminlashi lozim. Mintaqaviy tashkilotlar esa global yechimlarni muayyan hududlarning oʼziga xos sharoitlari, imkoniyatlari va ehtiyojlariga moslashtirish orqali uning faoliyatini toʼldirishga xizmat qiladi.
Аynan shu mantiqqa koʼra, “ShHT plyus” formatini davlatlar, mintaqaviy birlashmalar va global institutlar oʼrtasidagi bogʼlovchi boʼgʼin sifatida rivojlantirish taklif etilmoqda. U barqaror rivojlanish, yuqori texnologiyalar, iqlim oʼzgarishlariga moslashish, taʼlim, sogʼliqni saqlash va yoshlarni qoʼllab-quvvatlash sohalaridagi turli tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun maydonga aylanishi mumkin.
Oʼzbekiston Prezidenti taklif etgan Mintaqaviy tashkilotlar hamkorlik tarmogʼi bunday hamkorlikni tizimlashtirishga, tajriba almashishga va BMT doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surishga imkon beradi. Oʼz navbatida, Mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning ochiq banki siyosiy kelishuvlarni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga koʼmaklashadigan aniq dasturlarga aylantirishi kerak.
Shu bilan birga, Oʼzbekiston xalqaro hamkorlik samaradorligini davlatlar, biznes va fuqarolar sezishi lozim boʼlgan natijalar bilan bogʼlaydi: bular bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish, transchegaraviy yoʼlaklarni ishga tushirish, investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdir. “ShHT Invest”ni doimiy faoliyat yurituvchi platformaga aylantirish taklifi ayni shu vazifaga mos keladi.
Bundan tashqari, Xivada “ShHT plyus” Madaniyatlar va sivilizatsiyalar forumining taʼsis etilishi hamkorlikni ijtimoiy va gumanitar mazmun bilan boyitishga qaratilgan. Shu tariqa, Toshkent ochiq koʼp qutblilik modelini taklif etmoqda. Unga koʼra, davlatlarning strategik mustaqilligi ajralib olish orqali emas, balki oʼzaro bogʼliqlik, tashabbuslarning bir-birini toʼldirishi hamda mamlakatlar va mintaqalar oʼrtasidagi aloqa nuqtalarini kengaytirish orqali mustahkamlanadi.
“Dunyo” АА
O'xshash yangiliklar
O‘zbekiston – Serbiya: sanoat kooperatsiyasining yangi geografiyasi
O‘zbekiston–Serbiya iqtisodiy munosabatlarida kompaniyalarning hamkor mamlakat bozoriga o‘zaro kirib borishiga asoslangan yanada chuqurroq model shakllana boshlamoqda.
Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: investitsiyaviy sheriklikdan texnologik kooperatsiya sari
Oʻzbekiston–Koreya munosabatlari rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda. Ilgari ularning asosini savdo, investitsiyalar va uskunalar yetkazib berish tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda asosiy eʼtibor sanoat va texnologik kooperatsiyani chuqurlashtirishga qaratilmoqda.
Oʼzbekiston Prezidentining Serbiyaga tashrifi: Markaziy Osiyo va Bolqon oʼrtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichi
Iqtisodiyotdagi bugungi globalashuv, jahonda yuz berayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat hozirgi kunda davlatlar oʼrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni nafaqat geografik yaqinlik, balki oʼzaro manfaatlar uygʼunligi asosida rivojlantirmoqda.