Oʻzbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligida amalga oshiriladigan loyihalar koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligi davrida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligi davrida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) 1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tashkil etilgan. Oʻtgan yillarda mintaqa davlatlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro samarali hamkorlik hamda qator xalqaro tashkilotlarning koʻmagi tufayli jamgʻarma Orol dengizi havzasi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni taʼminlashga erishdi.
Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga olib kelayotgan iqlim oʻzgarishlari va suv isteʼmoli koʻpayib borayotgan bugungi sharoitda jamgʻarmaning roli va ahamiyati yanada ortib bormoqda. Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasiga raislik qiladi.
Taqdimotda ushbu davr mobaynida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar va eʼtibor markazida boʻladigan masalalar koʻrib chiqildi.
Suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlarni qamrab olgan 133 ta loyiha ishlab chiqilgani taʼkidlandi. Xususan, ushbu loyihalar doirasida suv xoʻjaligi inshootlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, suv resurslarini taqsimlash, hisobga olish hamda monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, gidrometeorologik maʼlumotlar monitoringi, toshqinlar va qurgʻoqchilik boʻyicha prognozlash hamda erta ogohlantirishning mintaqaviy raqamli platformasini yaratish, aholini ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish kabi koʻplab chora-tadbirlar ilgari suriladi.
Mazkur loyihalarning qiymati 3,3 milliard dollarni tashkil etadi. Ular Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamgʻarmasi, Global ekologik jamgʻarma hamda boshqa xalqaro tashkilotlar koʻmagida moliyalashtiriladi.
Prezidentimiz ushbu loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish muhimligini taʼkidlab, kelgusi yilda bajariladigan ishlarga doir oylar kesimida “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash va ijrosini tashkil etishni topshirdi. Loyihalarni hayotga tatbiq etishga xalqaro ekspertlar, professor-olimlar va xorijdagi vatandoshlarimizni ham jalb etish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Taqdimotda Oʻzbekistonning OQXJga raisligi davridagi ustuvor masalalar ham muhokama qilindi. Jamgʻarma tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni taʼminlash, Afgʻoniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi. Jamgʻarma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uygʻunlashtirish va boshqa koʻplab masalalar eʼtibor markazida boʻladi.
Shuningdek, jamgʻarma faoliyatini ilmiy-tahliliy qoʻllab-quvvatlash masalasi ham koʻrib chiqildi. Bunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti uning tashabbuslarini amalga oshirishda ilmiy-tahliliy platforma boʻladi.
Shu maqsadda universitet faoliyati transformatsiya qilinadi. Taʼlim va tadqiqot jarayoniga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish ishlari jadallashadi, ekologik tiklanish va suv tejamkorligi boʻyicha tadqiqotlar kengaytiriladi, zamon talablaridan kelib chiqib ilgʻor kadrlarni tayyorlashga yondashuv kuchaytiriladi.
Xususan, Amudaryo va Sirdaryo havzalari boʻyicha maʼlumotlarning yagona bazasi yaratiladi, choʻllanishga qarshi mintaqa olimlari bilan qoʻshma loyihalar ishlab chiqilib, investitsiya va grant mablagʻlari jalb qilinadi, Markaziy Osiyo va Afgʻoniston uchun suv xoʻjaligi boʻyicha bakalavriat va magistratura dasturlari ishga tushiriladi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga Oʻzbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligi davrida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni yanada faollashtirish, viloyat hokimlarining ishtirokini taʼminlash, qoʻshma taʼlim va tadqiqotlar orqali mintaqada suv diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.
O'xshash yangiliklar
Davlatimiz rahbari amaliy tashrif bilan Turkiyada boʻladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) tadbirlarida ishtirok etish uchun 10-11-noyabr kunlari Antaliya shahrida boʻladi.
Prezidentimiz Yuqori Chirchiqdagi yirik elektrotexnika korxonasi imkoniyatlari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “NURA Electric” zavodiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdi.
Elektrotexnika sanoatini texnologik jihatdan yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni elektrotexnika sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va xorijlik investorlar bilan muloqot oʻtkazdi.