Neft-gaz sohasiga oid topshiriqlar ijrosi ko'rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev "O'zbekneftgaz" faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi. Xarajatlarni optimallashtirish, qidiruv ishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev "O'zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.
Joriy yilning 30 yanvar kuni bo'lib o'tgan taqdimotda kompaniyaning operatsion samaradorligini oshirish, moliyaviy barqarorligini ta'minlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zahiralarini oshirish bo'yicha aniq vazifalar belgilangan edi.
Bugun davlat rahbariga ushbu vazifalar ijrosi to'g'risida ma'lumot taqdim etildi.
Avvalo, xarajatlarni optimallashtirish bo'yicha ko'rilayotgan choralar haqida hisobot berildi. Xususan, kompaniya markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasi qayta ko'rib chiqilmoqda va optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovarlar, materiallar va pudrat ishlari narxlarini qayta ko'rib chiqish ishlari boshlangan, kredit portfeli tartibga solinmoqda. Asosiy bo'lmagan aktivlar boshqaruvdan chiqarilmoqda.
Debitorlik qarzini qisqartirish bo'yicha tizimli ish yo'lga qo'yilgani qayd etildi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zahiralarini oshirish masalalari ko'rib chiqildi. Xususan, 2026-2027 yillarga bir qator mintaqalarda yangi uchastkalarida qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D-seysmik tadqiqot hajmlarini kengaytirish va quduqlar qurilishini yakunlash rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilning yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz-kondensat koni kashf etilgani xabar qilindi.
Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forensik-auditni tezlashtirish, xarid tartiblarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish va xalqaro standartlar asosida hisobotni tayyorlash rejalashtirilgan.
Prezident mas'ul shaxslarga belgilangan vazifa va tadbirlarni aniq hisob-kitoblar, qat'iy intizom va shaxsiy javobgarlik asosida amalga oshirishni topshirdi.
O'xshash yangiliklar
Yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash uchun qo'shimcha imkoniyatlar belgilandi
Ko'ksaroy qarorgohi da Prezident Mirziyoyev va yoshlar o'rtasida muloqot bo'lib o'tdi. 60 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash uchun qo'shimcha 200 million dollar, yangi kredit dasturlari va biznes-inkubatorlar e'lon qilindi.
O'zbekiston Prezidenti Belarus Bosh vazirini qabul qildi
Prezident Mirziyoyev 24 fevral kuni Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi. Tovar aylanmasi 25 foizga o'sib, deyarli 1 milliard dollarga yetdi.
Prezident "President Tech Award" tanlovida g'olib chiqqan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi
Prezident Mirziyoyev "President Tech Award" g'oliblari taqdimoti bilan tanishdi. Tanlovda sun'iy intellekt, fintech, o'yin dasturlari va boshqa sohalardagi loyihalar tanlanadi. Ishtirokchilar 4 mingdan 6 mingga, jamoalar 444 dan 862 ga oshdi.