Pokiston kompaniyasi bilan farmatsevtika sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Mamlakatimizning Islomobod shahridagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Pokistonning «Yunus Brothers Group (YBG)» xoldingi tarkibiga kiruvchi «Lucky Core Industries Limited» kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
Mamlakatimizning Islomobod shahridagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Pokistonning «Yunus Brothers Group (YBG)» xoldingi tarkibiga kiruvchi «Lucky Core Industries Limited» kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda «Lucky Core Industries Limited» kompaniyasi raisi Atif Siddiqi ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida elchi Alisher To‘xtayev so‘zga chiqib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xususan, farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, investitsiyaviy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va istiqbolli loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Investorlar huquqlarini qonunchilik asosida himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham taʼkidlab o‘tildi.
Agentlik direktori Alisher Azizov o‘z chiqishida, O‘zbekistonda farmatsevtika klasterlarini tashkil etish va rivojlantirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga to‘xtaldi.
Klaster tizimi doirasida ilmiy-tadqiqot muassasalari, ishlab chiqaruvchi korxonalar va taʼlim muassasalari o‘rtasidagi integratsiya, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari tomonidan xorijiy investorlarga taklif etilayotgan loyihalar to‘g‘risida batafsil taqdimot o‘tkazildi.
O‘z navbatida, «Lucky Core Industries Limited» kompaniyasi raisi Atif Siddiqi O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ularni diqqat bilan kuzatib borayotganini qayd etdi. U, shuningdek, mamlakatimizda farmatsevtika sohasidagi istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kompaniya tomonidan katta qiziqish bildirilayotganini taʼkidladi.
«Tibbiyotda talab yuqori bo‘lgan ayrim dori vositalarini kompaniyaning Pokistondagi ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalangan holda O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish mumkin. Keyingi bosqichda esa import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish, yaʼni mazkur dori vositalarini O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud», dedi u.
Muzokaralar davomida Pokiston tomonini qiziqtirgan barcha savollarga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutaxassislari tomonidan javob berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, taklif etilgan investitsiyaviy loyihalarni yana-da chuqur o‘rganish maqsadida muloqotni diplomatik kanallar orqali davom ettirishga kelishib oldilar.
O'xshash yangiliklar
Pokistonning yetakchi konsortsiumi Oʼzbekistonda mehmonxona biznesiga investitsiya kiritadi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «Khan International Investment Consortium» kompaniyasi bosh direktori Habib Xan bilan muzokara oʼtkazdi.
Islomobodda Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi koʼrib chiqildi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokiston Bosh vazirining tashqi ishlar boʼyicha maxsus yordamchisi Tariq Fatemi bilan uchrashdi.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Gurlandagi texnikumga beg‘araz yordam ko‘rsatdi
Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 3-sonli texnikumga O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan 10 dona zamonaviy noutbukdan iborat beg‘araz grant topshirildi.