O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmon ayollari hamkorligini yo‘lga qo‘yish, biznes sohasida tajriba va bilim almashinuvini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Elchi Alisher To‘xtayev delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy muloqot faollashib borayotgani, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat davlatlararo munosabatlar, balki xususiy sektor, biznes hamjamiyati o‘rtasidagi kooperatsiya hisobiga ham yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish va ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish o‘zaro sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmon ayollari o‘rtasida barqaror hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ikki mamlakat tadbirkor xotin-qizlari o‘rtasida biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ularning mahsulot va xizmatlarini o‘zaro bozorlarga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni izlash bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur forumni ikki mamlakat ishbilarmon ayollarini bir maydonga birlashtiruvchi, yangi biznes sherikliklarni shakllantirish, investitsiyaviy loyihalarni taqdim etish va o‘zaro tajriba almashish uchun samarali platformaga aylantirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Pokiston xotin-qizlar tadbirkorligi sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
O'xshash yangiliklar
O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi tashabbusi bilan «Hunarmand» uyushmasi delegatsiyasining Pokistonga tashrifi tashkil etildi
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Respublika «Hunarmand» uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga amaliy tashrifi tashkil etildi.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi yurtimizdagi texnikumlarga maxsus kiyimlar va sport anjomlarini taqdim etdi
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizdagi 9 ta kasb-hunar texnikumiga beg‘araz grant yordami yuborildi.
Xorijda istiqomat qiluvchi vatandosh yoshlar diqqatiga: Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi o‘tkaziladi
Hukumat qarori bilan “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan bo‘lib, mazkur tashabbus xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan yosh vatandoshlarimizning ona tilimizga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan.