Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika, to‘qimachilik, tog‘-kon va kimyo sanoatiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahriga amaliy tashrifi doirasida Pokistonning «Fatima Group» kompaniyalar guruhi ijrochi direktori Ali Muxtar bilan muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahriga amaliy tashrifi doirasida Pokistonning «Fatima Group» kompaniyalar guruhi ijrochi direktori Ali Muxtar bilan muzokara o‘tkazdi.
«Fatima Group» 1936-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Pokistondagi eng yirik biznes konglomeratlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, shakar sanoati, energetika, qadoqlash, konchilik hamda savdo kabi qator strategik sohalarda faoliyat yuritib kelmoqda. 2025 - yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning yillik tovar aylanmasi 2 milliard AQSH dollarini, sof foydasi esa 1,5 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Hozirgi vaqtda kompaniya mamlakat bo‘ylab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi 10 ta zavod hamda 70 dan ortiq omborxonaga ega bo‘lib, Pokiston qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutadi.
Uchrashuv avvalida diplomatik vakolatxona rahbari O‘zbekiston Pokiston biznes doiralari uchun tobora jozibador investitsiya manziliga aylanayotganini alohida taʼkidladi. Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda ushbu mamlakatdan jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi bir necha barobarga oshgan.
Muzokaralar davomida «Fatima Group» bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha aniq qadamlar belgilab olindi. Xususan, farmatsevtika, to‘qimachilik, tog‘-kon va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ali Muxtar O‘zbekiston bozoriga kirish maqsadida dastlab marketing tadqiqotlarini amalga oshirish, keyinchalik esa ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga qiziqish bildirayotganini maʼlum qildi.
Shuningdek, kompaniya vakillari 2023-yilda Namangan viloyatiga tashrif buyurib, qo‘shma loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish doirasida monitoring tadqiqotlarini o‘tkazgani qayd etildi. Ayni paytda mazkur loyihani amalga oshirish masalasi kompaniya kun tartibida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bundan tashqari, Navoiy viloyati hokimligi bilan ham investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar davom etayapti.
O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yaqin Sharq va Ko‘rfaz arab davlatlari bozorlariga eksport qilish, shuningdek, ikki mamlakatda tog‘-kon sanoati yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Shu bilan birga, kimyo sanoatida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va to‘qimachilik sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini chuqur o‘rganish taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar yuqorida qayd etilgan masalalarni batafsil muhokama qilish, shuningdek, O‘zbekistonga rejalashtirilayotgan tashrif oldidan muzokaralar kun tartibini shakllantirish maqsadida tegishli idora va tashkilotlar ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib oldilar.
O'xshash yangiliklar
Pokistonning yetakchi konsortsiumi Oʼzbekistonda mehmonxona biznesiga investitsiya kiritadi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning «Khan International Investment Consortium» kompaniyasi bosh direktori Habib Xan bilan muzokara oʼtkazdi.
Islomobodda Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi koʼrib chiqildi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokiston Bosh vazirining tashqi ishlar boʼyicha maxsus yordamchisi Tariq Fatemi bilan uchrashdi.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Gurlandagi texnikumga beg‘araz yordam ko‘rsatdi
Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 3-sonli texnikumga O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan 10 dona zamonaviy noutbukdan iborat beg‘araz grant topshirildi.