Pokiston va O‘zbekiston oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Oliy taʼlim komissiyasi raisi Niyoz Ahmad Axtar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Oliy taʼlim komissiyasi raisi Niyoz Ahmad Axtar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar oliy taʼlim sohasida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da jadallashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Shuningdek, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida oliy taʼlim sohasida erishilgan kelishuvlar ijrosi, akademik aloqalarni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish va taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Elchi Alisher To‘xtayev Pokiston tomonini O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli taʼlim islohotlari bilan tanishtirdi. Xususan, oliy taʼlim tizimini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Ushbu islohotlar natijasida taʼlim sifati sezilarli darajada oshgani va xalqaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilgani taʼkidlandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston taʼlim xizmatlari eksporti bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgani qayd etildi. Bugungi kunda yurtimizda dunyoning turli mamlakatlaridan, jumladan Pokistondan kelgan talabalar tahsil olmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda qator nufuzli xorijiy universitetlar filiallari faoliyat yuritmoqda.
Doktor Niyoz Ahmad Axtar o‘z navbatida, O‘zbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholab, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. U Pokiston tomoni akademik almashinuvlar va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladi.
Uchrashuv davomida qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tayyorgarlik orqali kadrlar salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, taʼlim dasturlarini qo‘shma akkreditatsiya qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Bu esa taʼlim sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, diplomlarning xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv chog‘ida Pokistonda Toshkent davlat tibbiyot universiteti filialini tashkil etish ishlarini jallashtirish muhimligi qayd etildi. Mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tibbiy taʼlim sohasida ilg‘or tajribalar almashinuvini kengaytirish va pokistonlik talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
O'xshash yangiliklar
Islomobodda «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi – 2027» tashabbusi taqdimot qilindi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida oʼtkazilgan «4th SES Diplomatic Network–2026» tadbirida Oʼzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati va «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi–2027» (Pakistan–Uzbekistan Business Exchange – 2027) tashabbusi taqdim etildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiya aloqalari yangi bosqichga olib chiqiladi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Harun Axtar Xon bilan uchrashdi.