Pokistonning yirik akkumulyator ishlab chiqaruvchi kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining mintaqaviy ofisini ochadi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning «Osaka Batteries» kompaniyasi taʼsischisi va raisi, senator Talxa Muxammad Maxmud bilan uchrashdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning «Osaka Batteries» kompaniyasi taʼsischisi va raisi, senator Talxa Muxammad Maxmud bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida Pokistondan O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatimizda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari hamda boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shuningdek, tadbirkorlik va investitsiyaviy faoliyat uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib borayotgani qayd etilib, bu jarayon O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning muhim tarkibiy qismiga aylanib borayotgani taʼkidlandi.
O‘z navbatida, «Osaka Batteries» kompaniyasi raisi O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi hamda Toshkent shahrida kompaniyaning mintaqaviy ofisini ochish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, u korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobil, sanoat va energetika sohalari uchun mo‘ljallangan keng turdagi akkumulyator mahsulotlarini Pokiston-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston yo‘nalishi orqali mamlakatimizga yetkazib berish rejalashtirilayotganini taʼkidladi.
– Ushbu mahsulotlar O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilgan ofisimiz orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlariga reeksport qilinadi, – dedi Talxa Maxmud. – Biz ushbu loyihani amalga oshirish masalalarini batafsil muhokama qilish uchun joriy yil may oyida O‘zbekistonga borish niyatidamiz. O‘ylaymanki, biz tomonimizdan taklif etilayotgan loyihani o‘zbek sheriklarimiz ham qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston tomoni mazkur tashabbusni ijobiy baholashini hamda kompaniyaning mamlakatimizda faoliyatini boshlashi uchun zarur tashkiliy va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, hamkorlikni faqat tayyor mahsulotlar yetkazib berish bilan cheklab qolmasdan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalar, energiya saqlash tizimlari, litiy-ion yechimlarini joriy etish hamda mahalliylashtirish asosida rivojlantirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Bu esa kelgusida O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish hamda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish uchun zamin yaratadi.
Muzokaralar yakunida kelgusi hamkorlikka amaliy surʼat bag‘ishlovchi kelishuvlarga erishildi. Xususan, tomonlar joriy yil may oyida Pokiston kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini tashkil etish va kompaniyaning Toshkent shahrida o‘z ofisini ochish tashabbusini ishlab chiqish bo‘yicha muloqotni faol davom ettirishga kelishib oldilar.
«Osaka Batteries» 1989 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Pokistonning eng yirik akkumulyator ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya avtomobil, sanoat va energetika sohalari uchun keng turdagi akkumulyator mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uning yillik tovar aylanmasi 270 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Kompaniyaning Pokistonda 11 ta ishlab chiqarish majmuasi mavjud bo‘lib, ularda 4000 nafar xodim mehnat qiladi.
O'xshash yangiliklar
Pokiston kompaniyasi Oʼzbekistondagi past quvvatda ishlayotgan toʼqimachilik korxonasini ishonchli boshqaruvga olishga qiziqish bildirdi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokistonning yirik toʼqimachilik kompaniyalaridan biri – «Sadaqat Limited» direktori Xurram Muxtar bilan videokonferentsiya shaklida uchrashuv oʼtkazdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida “Dolzarb viza” oyligi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi tizimida “Dolzarb viza” oyligi boshlandi.
O‘zbekiston va Pokiston hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Pokiston Bosh vaziri yordamchisi, Sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xan hamda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.