Gʻuzorda zamonaviy koʻchatchilik markazi tashkil etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Gʻuzor tumanida tashkil etilgan koʻchatchilik markazi faoliyati bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Gʻuzor tumanida tashkil etilgan koʻchatchilik markazi faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 23-sentabrdagi farmoni bilan mahallalarning koʻkalamzorlashtirishdagi rolini kuchaytirish, “3-30-300” tamoyili asosida yashil hududlarni kengaytirish vazifalari belgilangan. Yangi markaz sifatli koʻchat yetishtirishni mahallalar ehtiyoji, daraxtlarni parvarishlash va aholi bandligi bilan bogʻlashga qaratilgan.
Xorij tajribasi asosida 65 gektar maydonda tashkil etilgan majmuaning qiymati 9,5 milliard soʻm. Bu yerda 100 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan.
Markazning 50 gektari manzarali daraxtlar, 5 gektari mevali daraxtlar, 3 gektari buta va gul koʻchatlarini yetishtirishga ajratilgan. Birinchi bosqichda 1,6 million dona, keyingi bosqichda 5 million dona nihol va koʻchat yetishtirish koʻzda tutilgan. Bu yerda 41 turdagi manzarali va ignabargli daraxt koʻchatlari mavjud.
Majmuada ochiq koʻpaytirish maydonlari, issiqxona, urugʻdan nihol yetishtirish va koʻchatlarni soyalash inshootlari barpo qilingan. Sigʻimi 4,2 ming kub metr boʻlgan uchta membranali suv havzasi tashkil etilib, 20 gektar maydonga tomchilatib sugʻorish tizimi oʻrnatilgan. Kompost va mulcha tayyorlash uskunalari hamda quyosh panellaridan foydalanilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar yil davomida, jumladan, ekish mavsumidan tashqari vaqtda ham koʻchat yetishtirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga koʻra, anʼanaviy usullarga nisbatan yetishtirish hajmi 8-10 barobar koʻpayib, suv sarfi 3 baravar kamayadi. Bu koʻchatlar tannarxini 30-40 foizga pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Markazda mahallalarni yashillashtirish uchun alohida xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan. Ular koʻchat va butalar yetkazib berish, zararlangan daraxtlarni davolash, mulchalash hamda tomchilatib sugʻorish tizimlarini tashkil etishni qamrab oladi. Har bir mahallaga oʻrmonchi murabbiy biriktirilib, “yettilik” aʼzolari uchun har bir ekish mavsumi oldidan oʻquvlar oʻtkaziladi.
Aholi ham koʻchat yetishtirish jarayoniga jalb qilinmoqda. Kooperatsiya shartnomalari asosida fuqarolarga nihollar yetkazib beriladi. Ular xonadonlarda bir-ikki mavsum parvarishlanib, tayyor koʻchatga aylangach, kafolatli tarzda sotib olinadi. Bu oilalarga qoʻshimcha daromad manbai yaratadi.
Davlatimiz rahbari markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirib, koʻchat ekish va bogʻ yaratish xalqimizga xos ezgu anʼana ekanini taʼkidladi. Markazning mahallalarni koʻkalamzorlashtirish va aholi daromadlarini oshirishdagi imkoniyatlari haqida axborot berildi.
O'xshash yangiliklar
O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi
Qadrli yurtdoshlar!
Qashqadaryolik yoshlar amaliyot oʻtash uchun Germaniyaga boradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan “Kasblar shaharchasi” faoliyati bilan tanishdi.
Qashqadaryo meva-sabzavotlari yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarga aylanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.