Qurigan Orol dengizi tubida yangi ekotizim shakllandi
XX asr boshlarida Orol dengizi Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘llardan biri hisoblangan. Shu asrning ikkinchi yarmidan boshlab, dengizning qurishi natijasida uning tubida yangi cho‘l ekotizimi – Aralkum cho‘li shakllandi. Hozirgi kunda ushbu hudud Markaziy Osiyodagi eng yirik antropogen cho‘l ekotizimlaridan biri hisoblanadi.
XX asr boshlarida Orol dengizi Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘llardan biri hisoblangan. Shu asrning ikkinchi yarmidan boshlab, dengizning qurishi natijasida uning tubida yangi cho‘l ekotizimi – Aralkum cho‘li shakllandi. Hozirgi kunda ushbu hudud Markaziy Osiyodagi eng yirik antropogen cho‘l ekotizimlaridan biri hisoblanadi. Dengiz sathining pasayishi natijasida 60 ming km² dan ortiq suv-botqoq yerlari quruqlikka aylangan.
Mazkur hududda yuz bergan ekologik o‘zgarishlar nafaqat iqlim va tuproq tarkibiga, balki biologik xilma-xillikka ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Natijada suv-botqoq ekotizimlariga moslashgan turlar areali keskin qisqardi. Shu bilan birga, Aralkum cho‘li, Ustyurt platosi va Qizilqum cho‘li oralig‘ida shakllangan o‘ziga xos va noyob cho‘l ekotizimi sifatida, qushlar jamoasining yangi tarkibi shakllanishiga sabab bo‘ldi. Shu bois qurigan dengiz tubida yuzaga kelgan cho‘l ekotizimi holatini, uning ornitofaunasini, turlarning biotoplar bo‘yicha taqsimlanishini va moslashuv mexanizmlarini ilmiy o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida “Aralkum ornitofaunasining hozirgi holati, turlarning ekologik o‘zgarishlarga moslashuvi va ularni muhofaza qilish choralari” mavzusida AL-9424104883-R1 amaliy loyiha doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Mazkur loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e’lon qilingan 94-tanlov talablariga mos deb topilgan va 2025-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Fan va innovatsiyalarni moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Loyihaning maqsadi — Aralkum cho‘lida qushlar uchun muhim hudud va biotoplarni aniqlash, shuningdek turlar xilma-xilligi, ekologik moslashuvi, biologik xususiyatlari va tarqalishini o‘rganishdan iborat.
Loyiha kalendar rejasiga muvofiq, 2025-yil oktabr–noyabr oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hududidagi Aralkumga xizmat safari amalga oshirildi. Ornitologik tadqiqotlar ArcGIS dasturi yordamida 10 × 10 km o‘lchamdagi kataklarga bo‘lingan uchastkalarda olib borildi. Jami 68 katakda kuzatuvlar o‘tkazildi. Shundan 56 tasida piyoda marshrut kuzatuvlari (umumiy uzunligi 140 km), qolgan 12 tasida esa nuqtaviy kuzatuvlar amalga oshirildi. Hududni katak usulida o‘rganish qushlarning biotoplar bo‘yicha tarqalish qonuniyatlarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi kungacha olib borilgan tadqiqotlar natijasida qurigan dengiz tubida shakllangan cho‘l ekotizimi quyidagi biotoplarni o‘z ichiga olishi aniqlandi:
Sho‘rxok cho‘llar – yuqori tuz miqdori bilan tavsiflanadi, bu yerda asosan galofit o‘simliklar o‘sadi.
Qumli cho‘llar – shamol ta’sirida hosil bo‘lgan barxanlar, yarim mustahkamlangan va mustahkamlangan qumlar bo‘lib, ularda efemerlar, ko‘p yillik o‘tlar va butalar uchraydi.
Toshli va shag‘alli cho‘llar – Aralkum markazidagi qadimiy orollar va ularga tutash hududlarni qamrab oladi.
Loyli cho‘llar – Aralkumning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismidagi ochiq tekisliklardan iborat.
Balandliklar va chinklar – qadimiy qirg‘oq devorlari hamda ularga tutash tepaliklarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, hududning shimoli-g‘arbiy qismida Orol dengizi qoldig‘i tabiiy suv havzasi sifatida saqlanib qolgan. Janubiy hududlarda esa drenaj va kollektor suvlar hisobiga hosil bo‘lgan sun’iy suv havzalari mavjud bo‘lib, ular suv qushlari uchun muhim yashash muhiti hisoblanadi.
Dala tadqiqotlari davomida 6 xil biotopda 12 turkum va 26 oilaga mansub 91 tur qushlarning kuzgi xilma-xilligi, tarqalishi va soni haqida ma’lumotlar to‘plandi. Qayd etilgan turlardan 13 tasi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Shuningdek, 9 tur International Union for Conservation of Nature Qizil ro‘yxatiga, 17 tur CITES ilovalariga va 28 tur CMS ilovalariga kiritilgan.
Tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, Aralkum cho‘lida eng katta ornitofauna xilma-xilligi Ustyurt platosining sharqiy qismiga tutash va chinklar bo‘ylab shakllangan qumli biotoplarga to‘g‘ri keladi. Bu hudud cho‘l va dasht ekotizimlari chegarasida joylashgan bo‘lib, o‘simlik qoplami xilma-xilligi va qushlar uchun qulay yashash sharoitlari bilan ajralib turadi.
Shuningdek, kuz davrida tepaliklar va chinklar ko‘plab qush turlari uchun muhim yashash joyi ekani aniqlangan. Toshli va shag‘alli cho‘llarda, shuningdek qumli hududlarning boshqa qismlarida quruq sharoitga moslashgan yuqori ixtisoslashgan turlar uchrasa, sho‘rxok va loyli cho‘llarda turlar xilma-xilligi eng past darajada kuzatiladi.
Tadqiqotlar shuni ham ko‘rsatdiki, tabiiy ko‘l sifatida saqlanib qolgan Orol dengizi qoldig‘ining suv qushlari uchun ahamiyati nisbatan past, aksincha janubdagi sun’iy suv havzalari ular uchun muhim yashash muhiti vazifasini bajaradi.
Xulosa qilib aytganda, qurigan Orol dengizi tubida shakllangan Aralkum cho‘li qisqa tarixiy davr ichida o‘ziga xos yangi cho‘l ekotizimiga aylandi. Tadqiqotlar bu hududda turli biotoplar shakllanganini va ular qushlarning tarqalishi hamda xilma-xilligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatdi. Eng yuqori xilma-xillik qumli cho‘llarda, eng pasti esa sho‘rxok va loyli hududlarda kuzatilgan. Ushbu natijalar Aralkum hududida qushlar uchun muhim yashash joylarini aniqlash va ularni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
O'xshash yangiliklar
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Seyshel tashqi ishlar va diaspora vaziri bilan uchrashdi
1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Seyshel Respublikasi tashqi ishlar va diaspora vaziri Barri For bilan uchrashdi.
Sunʼiy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi vazifalar koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Sogʻliqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.