Islomobodda Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi koʼrib chiqildi
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokiston Bosh vazirining tashqi ishlar boʼyicha maxsus yordamchisi Tariq Fatemi bilan uchrashdi.
Oʼzbekiston elchisi Аlisher Toʼxtaev Pokiston Bosh vazirining tashqi ishlar boʼyicha maxsus yordamchisi Tariq Fatemi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi ikki tomonlama hamda koʼp tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish jarayoni, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tariq Fatemi Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev oʼrtasida oʼzaro ishonch va samimiy muloqotga asoslangan yaqin munosabatlar qaror topganini alohida taʼkidladi.
– Pokiston hukumati Oʼzbekiston Prezidentining nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqqan, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlik va barqaror rivojlanish jarayonlariga kuchli turtki bergan tashabbuskor va uzoqni koʼra bilish qobiliyatiga ega davlat arbobi sifatidagi faoliyatini yuksak baholaydi, – dedi u. – Shu nuqtai nazardan, Davlatingiz Rahbarining joriy yil 5-6 fevralь kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari boʼyicha erishilgan barcha kelishuvlarni toʼliq va samarali amalga oshirish maqsadida tegishli idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar koʼrilmoqda.
Shu munosabat bilan tomonlar davlat tashrifi doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar va kelishuvlarning ijrosi holatini atroflicha muhokama qilib, ularni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan ayrim masalalar yuzasidan fikr almashdilar hamda ularni tezkor hal etish boʼyicha amaliy choralarni belgilab oldilar.
Hududlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmon doiralar vakillari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oʼzaro investitsiyalarni ragʼbatlantirish, qoʼshma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama savdo hajmini koʼpaytirish masalalari ham uchrashuvning asosiy mavzularidan boʼldi.
Pokiston tomoni Oʼzbekiston hududlari rahbarlari va ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining Pokistonga amalga oshirayotgan tashriflarini toʼliq qoʼllab-quvvatlashini bildirib, bunday muloqotlar sonini koʼpaytirish va ularning amaliy samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Shuningdek, Pokistondan Oʼzbekistonga tirik chorva mollarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va ikki davlat banklari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri korrespondentlik munosabatlarini yoʼlga qoʼyish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Boʼlib oʼtgan uchrashuv yakunida Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarning toʼliq ijrosini taʼminlashga yoʼnaltirilgan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
O'xshash yangiliklar
Islomobodda «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi – 2027» tashabbusi taqdimot qilindi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida oʼtkazilgan «4th SES Diplomatic Network–2026» tadbirida Oʼzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati va «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi–2027» (Pakistan–Uzbekistan Business Exchange – 2027) tashabbusi taqdim etildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiya aloqalari yangi bosqichga olib chiqiladi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Harun Axtar Xon bilan uchrashdi.