Qishloq xo‘jaligida xalqaro hamkorlik loyihalari haqida ma’lumot berildi

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida samaradorlikni oshirish va bozor mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar faol amalga oshirilmoqda. Ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, ilm-fan yutuqlari sohaga keng joriy etilmoqda.
Yaqinda bir guruh mutaxassislar Xitoy, Italiya va Yaponiyada bo‘lib, ularda ilmiy muassasalar, yirik kompaniya va fermer xo‘jaliklari tajribasini o‘rgandi. Natijada yangi hamkorlik rejalari ishlab chiqildi.
Ma'lumki, yuqori hosil olishning asosiy omili urug‘chilikdir. Xitoy qishloq xo‘jaligi akademiyasi urug‘chilik va ko‘chatchilik sohasida boy tajribaga ega. O‘zbekistonda 14 ta ilmiy muassasa, 55 ta urug‘chilik xo‘jaligi mavjud, biroq yangi navlarni yaratish va agrotexnologiyalarni joriy etishda jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Mahalliy urug‘larning samaradorligi past bo‘lgani uchun fermerlar xorij navlaridan foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.
Shu munosabat bilan Yuqorichirchiq tumanidagi Qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish markazi negizida Xitoy tajribasi asosida urug‘chilik va ko‘chatchilik tizimini yaratish rejalashtirilgan. Bunda 200 million dollar sarmoya jalb etilib, paxta, bug‘doy, sholi, makkajo‘xori, uzum, mevali ekinlar navlarini yaratish yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘chat olishdan tortib, ekish, o‘simliklarni himoya qilish, hosilni yig‘ishtirib olish va keyinchalik qayta ishlashga qadar zamonaviy texnologiyalar va dronlar yordamida to‘liq o‘sish sikliga ega namunali hudud yaratiladi.
Qishloq xo‘jaligining dolzarb masalalaridan biri malakali kadrlar tayyorlash bo‘lib qolmoqda. Italiyaning bu boradagi tajribasi diqqatga sazovor. Xususan, Boloniya universiteti Yevropa davlatlarini kadrlar bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Italiyadagi ilmiy institutlar xususiy sektor bilan faol hamkorlik qilib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining moslashtirilgan va tijoratlashtirilgan sifatli navlarini yaratmoqda.
Ushbu tajribani o‘rganish uchun joriy yilda 200 nafar yoshlarni Boloniya, Tussiya, Ferrara va Piza universitetlariga yuborish rejalashtirilgan. Tushiya universiteti har yili grantlar asosida 30 nafar oziq-ovqat texnologlarini tayyorlash va O‘zbekistonda kadrlar tayyorlashni tashkil etishga hissa qo‘shishni taklif qildi.
O‘qish va mehnatni uyg‘unlashtirish dasturlari dunyoda o‘zini yaxshi isbotladi. Shunday qilib, o‘tgan yili Samarqand agrar instituti va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti hamkorligida bir guruh talabalar Germaniya va Buyuk Britaniyaga amaliyot o‘tash uchun yuborildi. Talabalarni Yaponiyaga yuborish uchun Toshkent davlat agrar va xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetlari, Farg‘ona oziq-ovqat sanoati instituti qoshida yapon tilini o‘rganish markazlari tashkil etilmoqda.
Taqdim etilgan rejalarni qo‘llab-quvvatlagan davlatimiz rahbari Vengriya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, sohasi rivojlangan davlatlar bilan ham hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hududlarda innovatsion loyihalarni ko‘paytirish dasturini ishlab chiqish topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy sayti
O'xshash yangiliklar
Oʼzbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga oʼtkazdi
Turkiy davlatlar tashkilotining Аnqarada oʼtkazilishi rejalashtirilgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi mazmun kasb etmoqda.
Turkiy dunyoda suv xavfsizligi: mushtarak manfaatlar va umumiy yechimlar
Suv — millat va davlat chegaralarini tan olmaydigan, xalqlarni oʼzaro bogʼlaydigan ulugʼ neʼmat. Iqlim oʼzgarishi, aholi va iqtisodiyotning oʼsishi, qurgʼoqchilik davrlarining uzayishi, muzliklarning qisqarishi, suv manbalarining ifloslanishi va suvga boʼlgan talabning ortishi mamlakatlardan bu hayotiy resursga munosabatni tubdan qayta koʼrib chiqishni talab etmoqda.
Markaziy Osiyoda siyosiy oʼzaro ishonch iqtisodiy kapitalga aylanmoqda
Markaziy Osiyoda soʼnggi yillarda roʼy berayotgan oʼzgarishlarni oddiy diplomatik yaqinlashuv deb baholash qiyin. Bu jarayon mintaqaning iqtisodiy manzarasini ham oʼzgartirmoqda.