O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi sifatida eʼtirof etildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tomonidan “Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi” deb eʼtirof etildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tomonidan “Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi” deb eʼtirof etildi.
Bu haqda tashkilot Bosh kotibi Sulton Rayev Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya doirasida maʼlum qildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qisqa muddatlarda bunyod etilgan mazkur Markaz bugungi kunda nafaqat meʼmoriy jihatdan noyob inshoot, balki Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bog‘lovchi ramziy ko‘prik sifatida ham yuksak baholanmoqda. U o‘zining konsepsiyasi, mazmun-mohiyati va ilmiy-maʼrifiy yo‘nalishi bilan islom sivilizatsiyasining bunyodkorlik va maʼrifatparvarlik salohiyatini yaqqol namoyon etmoqda.
Sulton Rayev Markaz rahbariyatiga “Eng yaxshi muzey” sertifikatini tantanali ravishda topshirar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom sivilizatsiyasi merosini chuqur o‘rganish va uni jahon miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan siyosatini alohida eʼtirof etdi:
— Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida eʼtibori tufayli bugungi kunda Amir Temur merosi va islom madaniyati chuqur o‘rganilmoqda. Yangi ilmiy va badiiy asarlar yaratilmoqda, zamonaviy ilmiy-maʼrifiy markazlar barpo etilmoqda. Men ishonch bilan ayta olamanki, dunyoda bu kabi markazning o‘xshashi yo‘q. Bu, shubhasiz, Uchinchi Renessans g‘oyalarining yorqin ifodasidir. Baʼzan dunyoda faqat bayonotlar bilan cheklaniladi. Ammo O‘zbekiston amaliy ishlari va aniq natijalari bilan namuna ko‘rsatmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxaliqov ham ushbu yuksak eʼtirof haqida o‘z fikrlarini bayon qildi:
— Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari va mualliflik g‘oyalari asosida barpo etilgan Markazimiz bugungi kunda turkiy dunyoning eng nufuzli mega-loyihalaridan biriga aylandi. Uning qurilishida davlatimiz rahbari shaxsan ishtirok etib, barcha jarayonlarga rahbarlik qildi. Bugun har bir tashrif buyuruvchi mehmon Markazdan bir olam taassurot bilan qaytmoqda. Maʼlumki, TURKSOY — Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Turkiya kabi davlatlarni birlashtirgan nufuzli xalqaro tashkilot bo‘lib, u ko‘pincha “Turkiy dunyoning YUNESKO”si sifatida eʼtirof etiladi. Bugungi kunda ushbu davlatlar muzey merosi qariyb 1300 ta muzeyni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa o‘zining bunyodkorlik g‘oyasi, mazmunan chuqur konsepsiyasi va innovatsion yechimlari bilan mazkur muzeylar orasida alohida o‘rin egallab, noyob madaniy-ilmiy fenomen sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, F.Abduxaliqov Markaz faoliyatiga xalqaro miqyosdagi qiziqish ortib borayotganini alohida qayd etdi. Xususan, Vengriya hukumati Markaz tajribasini o‘rganish va shunga o‘xshash loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikka qiziqish bildirgan. Germaniyaning Bavariya hududi rahbariyati esa islomni maʼrifat orqali targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qilgan.
Tadbir yakunida ushbu mukofot Markazning yuqori xalqaro nufuzi, ilmiy va madaniy ahamiyati hamda turkiy dunyo miqyosidagi yuksak eʼtirofining yorqin namunasi ekani alohida taʼkidlandi.
O'xshash yangiliklar
Uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasidagi ishlar hamda ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-aprel kuni uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining Strategik tadqiqotlar markazi direktori va uchinchi siyosiy departamenti rahbari bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-yil 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining Strategik tadqiqotlar markazi direktori va uchinchi siyosiy departamenti rahbari Abdul Hay Kanit bilan uchrashdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri AQSh Davlat kotibi yordamchisi oʻrinbosari bilan uchrashdi
14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh Davlat kotibi yordamchisi oʻrinbosari Kristofer Kleyn bilan uchrashdi.