O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi «Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi» sifatida rasman eʼtirof etilib, Guinness World Records ning nufuzli unvoniga loyiq ko‘rildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi «Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi» sifatida rasman eʼtirof etilib, Guinness World Records ning nufuzli unvoniga loyiq ko‘rildi.
Tantanali taqdirlash marosimida Guinness World Records rasmiy vakili – Sheyda Subashi ishtirok etib, Markaz barcha xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi.
Tadbirda, shuningdek, loyihani amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shgan meʼmorlar, olimlar, dizaynerlar va quruvchilar ishtirok etdi. Mukofot Markaz Ilmiy kengashi aʼzolariga topshirildi.
Sheyda Subashi, Guinness World Records rasmiy vakili:
«Guinness World Records rasmiy vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, muzeyning har bir burchagi va taqdim etilgan har bir eksponat o‘ziga xos noyoblikka hamda madaniy qiymatga ega. Ushbu majmuani barpo etish ortida yillar davomida olib borilgan keng ko‘lamli va mashaqqatli mehnat yotganligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
Muzeyga tashrif buyurish meni juda hayratda qoldirdi — bu haqiqatan ham chuqur va mazmunli tajriba bo‘ldi. Tashrif doirasida barcha narsani to‘liq qamrab olishning imkoni bo‘lmasada, baholash jarayoni belgilangan tartib-qoidalarga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshirildi. Men tomonimdan rasmiy logbuk (qaydlar daftari)dan foydalanildi, unda har bir eksponat qayd etilib, islom arxeologiyasi, sanʼati va fani sohasidagi mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi.
Men amalga oshirilgan ishlar darajasidan chin dildan hayratdaman va ushbu loyihani hayotga tadbiq etishda ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Bu ulkan saʼy-harakatlar va yuksak professionallik natijasi bo‘lgan ulkan yutuqdir. Har bir ishtirokchining hissasi alohida hurmatga loyiq. Guinness World Records tili bilan aytganda, bu — haqiqatan ham hayratlanarli».
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik megaloyihasi sifatida hayotga tadbiq etilgan ulkan ilmiy-maʼrifiy va muzey majmuasidir. Loyiha 2017 yilda boshlangan bo‘lib, 2026-yil 17-martda yakuniga yetdi. U ilmiy salohiyat, madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda birlashtirgan "Yangi O‘zbekiston"ning noyob madaniy-maʼrifiy platformasi sifatida qad rostladi. Loyiha davlat rahbarining milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash hamda O‘zbekistonni jahon maydonida Islom sivilizatsiyasining asosiy markazlaridan biri sifatida targ‘ib qilish borasidagi strategik qarashlarini aks ettiradi.
Abduqahhor Turdiyev, Loyihaning bosh meʼmori:
«Markazning o‘ziga xosligi shundaki, uning meʼmorchiligi O‘zbekistonning boy madaniyati va merosini aks ettiradi. Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mamlakatimiz o‘zini nafaqat fan va madaniyat markazi, balki sivilizatsiyalararo global muloqotda faol ishtirok etayotgan davlat sifatida namoyon etib, dunyoga ishonch bilan ochilmoqda».
Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan madaniy-ilmiy maskanlaridan biriga aylandi: har kuni unga 5 000 nafargacha kishi tashrif buyurmoqda, bu esa ham O‘zbekiston fuqarolari, ham xorijiy mehmonlar tomonidan qiziqish yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Guinness World Records unvonining berilishi nafaqat loyiha ko‘lamining eʼtirofi, balki uni amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab mutaxassislar, olimlar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Firdavs Abduxoliqov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori:
«Shubhasiz, ushbu mukofot O‘zbekiston Respublikasining muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasiga berilgan munosib eʼtirof va mukofotdir. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan faoliyatimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi va bugungi kunda bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonning boy madaniy merosini saqlash va ommalashtirish, shuningdek, muqaddas Islom dinimizning ezgulik, tinchlik, maʼrifat va bag‘rikenglik dini sifatidagi insonparvar g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirishda ushbu salohiyatdan samarali foydalanishdir».
Guinness World Records maqomining olinishi O‘zbekistonning Islom fani, madaniyati va maʼrifatining muhim turistik va tarixiy markazlaridan biri sifatidagi rolini mustahkamlaydi. Bu, shuningdek, Markazning o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan sivilizatsiyalararo muloqotning zamonaviy platformasi sifatidagi ahamiyatini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati
O'xshash yangiliklar
Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda to‘liq quvvatda ishlamayotgan to‘qimachilik majmuasi negizida qo‘shma korxona tashkil etadi
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda Pokistonning «Rajby Industries» kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi.
Pokiston kompaniyasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida investitsiya loyihasini amalga oshiradi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning «Samsons Group of Companies» kompaniyasi direktori Vasem Ur Rehman bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston madaniyat va san’at xodimlariga
Qadrli do‘stlar! Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun san’atsevar xalqimizni 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.