O‘zbekiston va Pokiston shaharsozlik, raqamli texnologiyalar va tog‘-kon sanoatida hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda
Pokistonning «Habib Rafiq Pvt. Ltd.» (HRL Group) kompaniyasi vakillari va uning xorijiy hamkorlaridan iborat yirik delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Pokistonning «Habib Rafiq Pvt. Ltd.» (HRL Group) kompaniyasi vakillari va uning xorijiy hamkorlaridan iborat yirik delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Safar doirasida xorijiy delegatsiya aʼzolari Toshkent shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, «IT Park Uzbekistan», Turizm qo‘mitasi, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi hamda «Yangi Toshkent» shahrini barpo etish direksiyasi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida «Yangi Toshkent» loyihasi, Xiva shahri va boshqa hududlarda «aqlli shahar» konsepsiyalarini joriy etish, IT-parklar tashkil qilish, tog‘-kon sanoati, turizm, taʼlim va kadrlar almashinuvi kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
«Yangi Toshkent» shahrini barpo etish direksiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «HRL Group» shaharsozlik, bosh rejalashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tashkil etish hamda gorizontal infratuzilmani rivojlantirish sohalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Tashrif davomida «IT Park Uzbekistan» va «HRL Group» o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Tomonlar IT infratuzilmasi, texnologik parklar, data center‘lar va raqamli xizmatlar sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Delegatsiyaning Xorazm viloyatiga tashrifi ham amaliy ahamiyat kasb etdi. Tomonlar Xiva shahrini kengaytirish, zamonaviy turar joy majmualari va infratuzilma obyektlarini qurish, shuningdek, farmatsevtika sohasida investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunida Xorazm viloyati hokimligi va «HRL Group» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida bo‘lib o‘tgan muzokaralar avvalida xorijiy tomonga konchilik, qishloq xo‘jaligi, sanoat zonalari, IT-parklar, temir yo‘l infratuzilmasi, aeroport boshqaruvi va chiqindilarni qayta ishlash sohalaridagi imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. «HRL Group» vakillari hududda data center‘lar, «aqlli shahar» infratuzilmasi, taʼlim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda «Yangi Shirin» shahri loyihasi, turizm infratuzilmasi, mehmonxona qurilishi, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
«HRL Group» rahbariyati Islomobod shahridagi «Capital Smart City» hududida Imom Buxoriy markazining Pokistondagi filialini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, tomonlar Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi hududida mehmonxona loyihasini amalga oshirish istiqbollarini ham muhokama qildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida shaharsozlik, investitsiya, raqamli texnologiyalar, tog‘-kon, turizm, urbanizatsiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamladi.
O'xshash yangiliklar
Islomobodda «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi – 2027» tashabbusi taqdimot qilindi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida oʼtkazilgan «4th SES Diplomatic Network–2026» tadbirida Oʼzbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati va «Oʼzbekiston–Pokiston biznes almashinuvi–2027» (Pakistan–Uzbekistan Business Exchange – 2027) tashabbusi taqdim etildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiya aloqalari yangi bosqichga olib chiqiladi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Harun Axtar Xon bilan uchrashdi.