G20 sammiti O‘zbekistonga turizm sohasida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik tobora faollashib bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik tobora faollashib bormoqda. Ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishi, madaniy-gumanitar aloqalarning kengayishi, ishbilarmonlik muloqotlarining rivojlanishi hamda turistik infratuzilmaning izchil takomillashtirilishi o‘zaro turistik oqimni oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu jarayonda xalqaro turizm, investitsiyalar va yangi hamkorlik aloqalarini shakllantirish nuqtayi nazaridan katta salohiyatga ega bo‘lgan AQSH turistik bozorida O‘zbekistonni keng targ‘ib qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri amerikalik fuqarolarning O‘zbekistonga tashrif buyurishi uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat. Bu boradagi muhim qadamlardan biri 2025-yil 3-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQSH fuqarolari uchun 2026-yil 1-yanvardan boshlab 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz rejim joriy etish to‘g‘risidagi farmoni imzolanishi bo‘ldi. Mazkur chora safarlarni soddalashtirish, turistik va ishbilarmonlik almashinuvini kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Vizasiz rejimning joriy etilishi Markaziy Osiyoning tarixiy merosi, Buyuk ipak yo‘li madaniyati va zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyoti bilan tanishishga qiziquvchi amerikalik sayyohlar uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ldi. Shu bilan birga, individual va guruhli turlar, ishbilarmonlik safarlari, ta’lim dasturlari hamda ixtisoslashtirilgan turistik yo‘nalishlarni tashkil etish imkoniyatlari ham kengaymoqda.
Turistik almashinuv statistikasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Agar 2018–2024-yillarda AQSHdan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni uch barobarga oshgan bo‘lsa, 2025-yilda mamlakatimizga 37 ming nafardan ortiq amerikalik fuqaro tashrif buyurdi. 2026-yilning yanvar–oktyabr oylari yakunlariga ko‘ra, AQSHdan kelgan sayyohlar soni 47,1 ming nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ko‘paydi. Bu natijalar amerikalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani va kirish turizmi geografiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasini ko‘rsatadi.
Hamkorlikni rivojlantirishning muhim vositalaridan biri O‘zbekistonning turistik salohiyatini AQSH bozorida tizimli targ‘ib qilishdir. Bu yo‘nalishda turli taqdimotlar, ishbilarmonlik uchrashuvlari, xalqaro turistik ko‘rgazmalarda ishtirok etish, amerikalik turizm kompaniyalari, aviakompaniyalar va sohaviy ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muzokaralar tashkil etilmoqda.
2026-yil yanvar oyida O‘zbekiston AQSHning eng yirik turistik ko‘rgazmalaridan biri — Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Travel & Adventure Show ko‘rgazmasida o‘z milliy turistik salohiyatini namoyish etdi. Milliy stendda mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi, Buyuk ipak yo‘li davriga oid me’moriy yodgorliklar, an’anaviy hunarmandchilik, milliy taomlar, tadbirlar turizmi hamda zamonaviy turistik yo‘nalishlar taqdim etildi. Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston «2026 Best in Show – Trade Activation» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu esa milliy turistik mahsulotning Amerika bozoridagi taqdimoti samaradorligi e’tirof etilganini anglatadi.
Ushbu ishlarning davomi sifatida 24-yanvar kuni Nyu-Yorkda va 27-yanvar kuni Chikagoda «Uzbekistan — the Pearl of the Silk Road» («O‘zbekiston — Ipak yo‘lining durdonasi») nomi ostida rou-shoular tashkil etildi. Tadbirlarda turizm industriyasi vakillari, salohiyatli hamkorlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Taqdimotlar davomida xorijiy auditoriyaga O‘zbekiston hududlarining turistik imkoniyatlari, sayohatlarni tashkil etish xususiyatlari hamda mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Mamlakatimizning turistik salohiyatini amerikalik va xalqaro media vositalari orqali targ‘ib qilish ham O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi turistik aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Turli yillarda O‘zbekistonda PBS, ABC, CNN kabi mashhur media platformalar vakillari ishtirokida qo‘shma medialoyihalar amalga oshirildi. The New York Times, National Geographic va Foreign Policy kabi nufuzli nashrlar ham mamlakatimizga katta qiziqish bildirib kelmoqda. 2023-yilda CNN telekanalida namoyish etilgan «The Spirit of Samarkand» («Samarqand ruhi») hujjatli filmi ham O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini xorijiy auditoriya orasida ommalashtirishga xizmat qildi.
Bunday loyihalar nafaqat Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa qadimiy shaharlarning me’moriy obidalarini namoyish etish, balki xorijiy tomoshabinlarni mamlakatimizning zamonaviy hayoti, mehmondo‘stlik an’analari, milliy taomlari, hunarmandchilik maktablari va tabiiy diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishtirish imkonini ham beradi. Kelgusida amerikalik telekanallar, hujjatli filmlar studiyalari, turistik blogerlar va raqamli media platformalar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan yangi televizion va raqamli mahsulotlarni yaratishga alohida e’tibor qaratish mumkin.
Turistik mahsulotni targ‘ib qilish bilan bir qatorda, ishbilarmonlik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Amerikalik kompaniyalar mehmonxonalar qurish va modernizatsiya qilish, zamonaviy turistik majmualar barpo etish, tog‘ va ekologik turizmni rivojlantirish, mehmondo‘stlik sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, bronlash tizimlari hamda turistik infratuzilmani boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarda ishtirok etishlari mumkin.
Bunday imkoniyatlarni kengaytirishda ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikning rivojlanishi muhim ahamiyatga ega. 2026-yil 19-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarida ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy sur’ati, iqtisodiy hamkorlikning kengayishi va O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan amerikalik sayyohlar soni ortib borayotgani qayd etildi. Uchrashuv ikki tomonning gumanitar, ta’lim va ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan manfaatdorligini ham tasdiqladi.
O‘zbekiston va AQSH munosabatlarini rivojlantirishda 2026-yil 14–15-dekabr kunlari AQSHning Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan «Katta yigirmatalik» (G20) yetakchilari sammiti ham alohida ahamiyat kasb etadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etishga taklif qildi. Davlatimiz rahbarining sammitda kutilayotgan ishtiroki xalqaro muloqotni kengaytirish va dunyoning yetakchi iqtisodiyotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ladi.
O‘zbekistonning bunday yuqori darajadagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi mamlakatimizning iqtisodiy va turistik salohiyatini Amerika hamda xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Sammit va uning doirasidagi ishbilarmonlik tadbirlari davomida amerikalik biznes vakillari, investitsiya tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar hamda turizm industriyasi ishtirokchilari bilan aloqalarni kengaytirish mumkin.
O'xshash yangiliklar
“O‘zmilliybank”ning iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rejalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berildi.
Fargʻona viloyatini iqtisodiy rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishning ustuvor vazifalari belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini koʻpaytirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Turizm salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish va madaniy meros obyektlarini asrash boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar hamda Buxoro viloyatidagi yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.